Samimiyat yulduzi

Samimiyat yulduzi

Saida Rasulova, filolog-o'qituvchi


Shoira Sitora Shomurodova she’riyati o‘zidagi samimiyat bilan kishini rom etadi. Iste’dod Alloh tomonidan beriladi deydilar. Shoira she’rlaridagi topildiqlarda esa faqatgina iste’dod emas, balki uni rivojlantirish yo‘lidagi harakatlar – ilm samarasini ko‘ramiz. Quyidagi she’rga e’tibor beraylik:

 

Tun.

Qaydadir, nimadir charxlanayotir,

 Og'riqdan ingranar "shig', o, shig' ".

Ne ekan? Pichoqmi yo xanjar?

Va yoki yov bo'g'zi uchun tig'.

 

Charxlanish jarayonida jismlardan chiquvchi tovushlarni eshitganmiz. “Bisyor bo‘lsa, bol ham beqadr”, deganlaridek, charxchi uchun bu tovushlar biror ma’noni anglatmasligi turgan gap. Ammo ijodkor qalbi bu tovushlar jismning og‘riqdan ingranib chiqarayotgan ovozi ekanligini anglaydi: original o‘xshatish bu. Ne ajab, balki jismlarda ham jon bordir? Lirik qahramon charxlanayotgan jismni o‘zicha taxmin qiladi: pichoq yoxud xanjar. Agar u yov uchun charxlanayotgan tig‘ bo‘lsachi?

 

Va yo qilichmikan, bahodir

Jang qilarmi Vatan yo'lida.

Ne bo'lsa ham bu tig' tushmasin

Xoin kimsalarning qo'liga.

 

Keyingi bandda ijodkor taxminlari davom etadi: balki bu jism Vatan uchun jang qiluvchi o‘g‘lonning qilichidir? Bu qilich sotqinning qilichidir balki? Sotqinlardan qo‘rqish lozim. Uning qo‘lida charxi toza qilich bo‘lsa, falokat yanada yaqindir. Shoira bu haqda o‘ylay turib yuragida hadik bilan tilak tilaydi: nima bo‘lsa ham charxlangan qilich xoinning qo‘liga tushmasin.

 

Ko'z yosh yanglig' uchqunlar sochdi,

O'tkirlashdi zulfiqor kabi.

Azob bordir har bir rivojda,

Haq bo'lsa qalbingning matlabi.

 

Ushbu banddagi misralar ijodkor tafakkuridan dalolat. Shoira charxdan chiqayotgan uchqunlarni jismning ko‘zyoshlariga o‘xshatadi! Va bu ko‘zyoshlarni insonlarning holati bilan qiyoslab har bir yuksalish o‘z-o‘zidan bo‘lmasligini, har birida o‘zgacha azob borligini ta’kidlaydi – agarda qalb niyati Haq bo‘lsa. Axir nohaqlik bilan yuksalish oson – bu yo‘ldagi odam hatto azoblanmaydi ham…

 

Bu tunlar oqmi yo qoradir?

Baxtlarni g'ussaga qoradir.

Har kecha chap ko'ksim tomonda

"Shig', o, shig' "... charxlanar nimadir.

 

Tun. Insonning o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qoladigan payt. Ko‘pchilik ijodkorlar aynan tunda ijod selida qoladilar. Shoira o‘ziga o‘zi savol bermoqda. Bu tun oq (baxt keltiruvchi), yoxud qora(azobli) tunmikan? Unda nechun baxtlarni g‘ussaga qormoqda(mumtoz adabiyot bo‘yicha shoira bilimlarining mahsuli – tazod san’atini ko‘ramiz bu satrlarda)? Axir baxtga ham shunchaki yetishmoqning iloji yo‘qku. G‘ussali sinovlardan o‘tib bormoq kerak manzilga. Ijodkor har kech chap ko‘ksi tomonda nimadir charxlanayotganligini his etmoqda. Axir bu yurak-ku! Qalbning charxlanib borishi ham katta baxt aslida inson uchun.

 

Tun etagin ko'tarar sahar,

Qaydadir, nimadir charxlanar.

Haq deya yurakni qayrasang,

She'rlaring Haqlanar, haqlanar!

 

Har narsaning oxiri bo‘lganidek, tunning ham oxiri bor. Ammo ijodkorni hayratga solgan nimadir charxlanishda davom etmoqda… So‘nggi misralarda shoira o‘zi uchun hayotiy xulosasini anglaydi: agar shoir(inson) yurakni charxlab tursa, she’rlari (hayoti) haqlanib boradi…

 

Shoiraning boshqa she’rlarida ham samimiy satrlar ko‘p. Ularda badiiylik bilan birga hayotiy haqiqatlarni ham uchratishimiz mumkin. Ona tilimiz uchun faqat hisobot-u qog‘ozbozlikdan boshqa ishni qilmay qo‘ygan, bayram kunigina “ona tilim” deb ko‘ksini keradigan insonlarga qarata: “O‘g‘limni o‘zbekcha maktabga berdim”, deyishining o‘zi bir jasoratdir. Shoiraning muhabbat haqidagi she’rlari ham o‘zgacha: “Senli xayollarni surish ham bir baxt” degan satrning o‘zigina bunga misol bo‘la oladi. Gapni cho‘zishdan ma’no yo‘q! So‘z muhiblariga shoira she’rlarini “O‘qing”, deya olaman, xolos. Qolganini satrlarning o‘zi bajaradi: qalbingizni charxlab berajak bu satrlar… 


Report Page