Samarqandda o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimi deb tanishtirib, shifokordan pul talab qilib kelgan tovlamachiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Samarqand viloyati. 2023 yil 18 aprel kuni Ishtixon tumanida yashovchi 62 yoshli I.B. ariza bilan murojaat qilib, unda shu kuni soat 21:00 larda Ishtixon tumani tibbiyot birlashmasi “Shoshilinch xirurgiya” bo‘limida navbatchilik vaqtida o‘zini Samarqand viloyati Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi xodimi deb tanishtirgan shaxs, go‘yoki fuqarolarni davolaganligi evaziga moddiy manfaatdor bo‘lib kelganligi haqida yetarli dalillar mavjudligi haqida aytib, tegishli tartibda chora ko‘rish bilan qo‘rqitib, 2000 AQSH dollarini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi maʼlum qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida o‘zini Samarqand viloyati Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi xodimi deb tanishtirgan shaxs aslida Ishtixon tumanida yashovchi Samarqand shahrida joylashgan mahallarning birida ishlovchi 28 yoshli R.S. ekanligi aniqlanib, undan 2000 AQSH dollari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Ishtixon tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda yuqoridagi shaxs nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l urganligi aniqlanmoqda.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti