Samarqand ustoz va murabbiylar bayramiga hozirlik koʻrmoqda

Samarqand ustoz va murabbiylar bayramiga hozirlik koʻrmoqda


Xabaringiz bor, Samarqand joriy yil 15–16-sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi nufuzli sammitiga mezbonlik qildi. Mazkur tadbir uchun yangi 8 ta mehmonxona, Kongress-xoll va “Boqiy shahar” kompleksidan iborat Xalqaro turizm markazi qurib, foydalanishga topshirildi. 

Eʼtiborli jihati, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ushbu majmuada xalqimiz uchun qadrli va aziz ayyom 1-oktyabr – “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayrami boʻlib oʻtadi. Bu prezidentimizning barcha oʻqituvchi va pedagoglar, ustozlarga boʻlgan yuksak hurmati ifodasidir.

Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand va yangi bunyod etilgan Kongress-xoll, “Boqiy shahar” majmualari ayni kunlarda taʼlim-tarbiya borasida mehnatini ayamagan murabbiylar kuniga qizgʻin hozirlanmoqda. Shaharda bayram shukuhi hukmron.

Tadbir doirasida yurtimizning barcha hududlaridan kelgan mehmonlar Samarqandning diqqatga sazovor joylarini ham borib koʻrishadi, tarixiy obidalar boʻylab maxsus sayyohatlar tashkil etiladi. Shuningdek, “Boqiy shahar” majmuasi ham tashrif buyuruvchilar eʼtiboridan chetda qolmaydi.

Tadbirni yuqori saviyada oʻtkazish uchun barcha tashkiliy masalalar, xususan, respublikadan tashrif buyuradigan ishtirokchilarni temiryoʻl vokzalida tantanali kutib olish, ularni kompleksdagi zamonaviy mehmonxonalarga joylashtirish, sanitariya-gigiyena va xavfsizlik bo‘yicha zarur choralar koʻrilgan. 

Umuman bayramni madaniy tadbirlarga boy yuqori saviya va koʻtarinki ruhda oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Report Page