“SamAuto” kompaniyasi SAZ LE60 rusumli yo‘lovchi avtobuslari partiyasini Qirg‘izistonga eksport qildi

“SamAuto” kompaniyasi SAZ LE60 rusumli yo‘lovchi avtobuslari partiyasini Qirg‘izistonga eksport qildi

SamAuto

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan SAZ LE60 rusumidagi yo‘lovchi avtobuslari Qirg‘iziston ko'chalarida harakatlana boshlaydi.

Jamoat transporti avtoparkini modernizatsiya qilish va kengaytirish hamda O‘sh (Qirg‘iziston) aholisini transportda tashish sharoitlarini yaxshilash maqsadida Turizm qo‘mitasi va Qirg‘iziston Turizmni rivojlantirish jamg‘armasi vakillari tanlovi Samarqanddagi “SamAuto” MChJ qo'shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan past polli SAZ LE60 rusumidagi yo'lovchi avtobuslariga qaratildi.

O‘sh shahrida SAZ LE60 rusumli avtobuslarni topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbirda shahar transport avtoparki uchun mo‘ljallangan jami 100 dona avtobuslardan 65 tasi topshirildi. Mazkur tashabbus O'zbekiston-Qirg'iziston taraqqiyot jamg'armasi ko'magida moliyalashtirildi hamda muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

SAZ LE60 avtobuslari nafaqat ichki, balki jahon bozorida ham munosib e'tirofga sazovor bo'lgan SamAuto konstruktorlik byurosining yuqori texnologiyali ishlanmalari mahsulidir. Mazkur yo'lovchi avtobuslarining 2012-yilda ilk prototipi taqdim etilganidan buyon jami 1300 donadan ortig'i muvaffaqiyatli sotilgan bo'lsa, jumladan, 900 donadan ortiq hajmda Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina kabi davlatlarga eksport qilingan. So'nggi vaqtda Mo‘g‘uliston va Iroq kabi davlatlar vakillari ushbu yo'lovchi avtobusiga qiziqish bildirishgan. Hozirda bu mamlakatlarning iqlim sharoitlariga mos kelishi bo'yicha sinovlar o‘tkazilmoqda. “SamAuto”ning avtobuslar segmentidagi asosiy yutug‘i haqli ravishda Qozog‘iston va Ozarbayjon mamlakatlarida SAZ LE60 rusumli avtobuslarini hamkorlikda sanoat usulida yig‘ishning boshlanishi deb hisoblash mumkin.

SAZ LE60 rusumli avtobusini ekspluatatsiya qilgan hamkorlar uning yuqori darajadagi qulayligi, mukammal ishlash xususiyatlari va chidamliligini qayd etmoqdalar. Zavod tomonidan taqdim etilgan qo'shimcha opsiyalarning keng tanlovda ekanligi tufayli, mijozlarning turli talab va ehtiyojlarini qondira olishga xizmat qiladi.

SAZ LE60 rusumli avtobuslari - O'zbekistonda yig'ilgan va ishlab chiqarilgan yagona past polli avtobus sanaladi. Uning umumiy yo'lovchi sig'imi 56 kishini tashkil etib, yo'lovchilarni olish va tushirishda qulaylik yaratish maqsadida "Kniling" tizimi bilan jihozlangan, imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratilgan. Model Euro-5 ekologik standartiga javob beradi. Avtobuslar Bojxona ittifoqining TVTM (OTTS) sertifikatiga ega.

Report Page