Said Ahmad.Sobiq (hikoya)

Said Ahmad.Sobiq (hikoya)

Hamidjon Qurbanbayev https://t.me/milliy_sertifika_Hamid_G


3-dars- 1 qism

Said Ahmad.Sobiq (hikoya)

Xoh ishoning, xoh ishonmang, birinchi kuniyoq to‘qqiz tonna paxta teribman. Avvaliga o‘zim ham hayron bo‘lib qoldim. Tavba, shuncha paxtani o‘zim terdimmi yo birov qo‘shib qo‘ydimi? Ertasiga bir qaytadan o‘n g‘ayrat bilan paxta terish mana bunaqa bo‘ladi, deb ishga tushib ketdim. To‘qqiz yarim bo‘pti. O‘sha kuni oblastdan, Toshkentdan muxbirlar bosib ketdi. Ovozimni lentaga yozib, radiodan eshittirishdi. Televizorda ikki marta ko‘rsatishdi. Hamma yoqni xat bosib ketdi. Bunaqa obro‘ kimning tushiga kiribdi, deysiz.

Ruhim tetik, bir gapirib, o‘n kulaman. Yo‘talsam ham labbay deb turishadi. Raisimiz u yoqqa borsam u yoqqa, bu yoqqa borsam bu yoqqa ergashadi. Bechora meni yer-ko‘kka ishonmaydi. Ikki gapining birida: - O‘zingni tut, katta-kichikning oldida sharmanda qilma. Sen bizning mash’alimizsan. Ha, shundoq, soqolingni kunda olib tur. Dazmol bosilmagan shim kiyma, - deb nasihat qilib turadi. Ikki kundan keyin gazetaning birinchi betida chakkamda paxta qistirib kulib turgan suratim chiqdi. O‘sha kuni rais Berdiali aka yap-yangi «Volga»sini ishlab turgan joyimga yuboribdi. Tez yetib kelsin, deb tayinlabdi. Obbo, bir gap bo‘lganga o‘xshaydi, deb ishni tashlab idoraga qarab ketdim. Borsam, rais oyog‘i kuygan tovuqday bezovtalanib, kutib turgan ekan. - Keldingmi, uka, tez bo‘l. Kengashga ketasan. Poyezd bileting tayyor, uyingga borib kiyinib olgin-u, yo‘lga chiq. Ketdim. Kengash ertasi kuni ochilar ekan, uch kun oblastda qolib ketdim. Kelgan kunimoq to‘ppa-to‘g‘ri dalaga chiqib, endi mashinaga yetay deb qolgan edim, yana o‘sha «Volga» olib ketdi. Idora oldida usti yopiq yuk mashinasi turibdi. Idoraga kirishim bilan yetti-sakkiz odam atrofimni o‘rab olishsa bo‘ladimi. Kinochilar ekan. Paxta terishimni kinoga olamiz deb, atayin Toshkentdan kelishibdi. Raisning gapini qarang. Ummatalining mashinasida kinoga tushasan, o‘sha tomonda paxta yaxshi ochilgan, kinoda chiroyli chiqadi, deb turib oldi. Ummatalining yeriga qarab ketdik. Kinochilar o‘larcha ezma, shoshmagan odam bo‘lishar ekan, ikki kun ovora qilishsa bo‘ladimi, mana, chiqib qolsa ko‘rasizlar, qandoq qilib mashina haydashimdan tortib, peshanamdagi terni qanaqa qilib, qaysi qo‘l bilan sidirib olishimgacha apparatga olishdi. Kinochilardan qutulib uyga holdan toyib keldim-u, kiyim-boshim bilan uxlab qolibman. Ertalab raisning o‘zi uyg‘otdi. - Tez bo‘l, kutib qolishdi. - Tag‘in kinomi? Kecha tamom qilishgan edi-ku! - Yo‘q, boshqa gap. Rayonga yangi qurilgan madaniyat uyining ochilish marosimi bo‘ladi. Ilg‘or mexanizatorlardan bir kishi tabrik nutqi so‘zlashi kerak. Sen gapirasan. Qani ketdik. Gapni ham ammo-lekin bopladim. Kuniga nutq so‘zlab turgandan keyin usta bo‘lib ketarkansan. Rosa chapak bo‘ldi. Ichkariga mehmonlar uchun joy qildirib qo‘yishgan ekan. Artistlar bilan birga o‘sha yoqqa kirdim. Rosa pivoxo‘rlik bo‘ldi. Uyga kelib yotgan edim, eshik taqillab qoldi. Chiqsam, soch qo‘ygan, ingichka mo‘ylovli bir yigit turibdi. Yelkasida bir metrli faner sumka. - Xizmat uka, ishlari bormidi? - Atayin o‘zlarini yo‘qlab keldim. Suratingizni ishlashim kerak. Vistavkaga qo‘yiladi. Undoq desam, bundoq dedi, bundoq desam, undoq dedi. Sira gapimga ko‘nmadi. Janjallashib, raisning oldiga bordik. Rais koyib berdilar. - Esing joyidami? Bu vistavkaga qo‘yiladigan suratlarning ro‘yxatini oblastdan tasdiqlashgan. Qani, darrov bo‘l. O‘zingiz bilasiz, raisimizning gapini ikki qilib bo‘lmaydi. Ishga tushib ketdim. Rassom tushmagur hali yosh, tajribasi kamroq ekan. Rosa to‘qqiz kunda o‘zimga o‘xshatdi. Bu orada uyim xatga to‘lib ketdi. Pionerlar bilan uchrashuv, meditsina xodimlari bilan uchrashuv, mebel fabrikasi ilg‘or ishchilari bilan uchrashuv... Albatta, bularga rais o‘zi bilib muomala qildi-yu, ammo rayon o‘t o‘chirish komandasining pensiyaga chiqayotgan keksa xodimini tabriklashni menga yuklab qo‘ysa bo‘ladimi. Bordim. Bularning tantanasi g‘alati bo‘larkan. Yolg‘ondakam o‘t ketdi qilib, birdan gupur-gupur qilishdi. Biri suv sepyapti, biri bolta bilan eski yashiklarni parchalab tashlayapti. Rosa odam yig‘ildi. Men uchinchi bo‘lib so‘zga chiqdim...

O‘sha kuni shamollab qolgan ekanman. To‘rt kun yotib oldim. Darmonim qurib ishga ketayotsam, rais qovoq-dimog‘ini osiltirib, samovarning so‘risida o‘tiribdi. Indamay o‘tib ketish uyat. Odobdan emas. Qo‘rqa-pisa salomlashdim. U meni ko‘rdi-yu ko‘zlari yashnab ketdi. - E, bormisan? Juda uzoq yotib olding-ku.Bu yoqda shuncha ish, shuncha joy dan taklif. Sen bo‘lsang, arzimagan kasalni bahona qilib yotibsan. Allaqayoqdan polvon kelayotgan emish, vokzalga chiqib kutib oluvchilar ro‘yxatining boshida sen turibsan. Shu bugun kech soat yettida poyezd keladi. Kechikmay yetib bor. Mashinani tayinlab qo‘yganman. Bir nima dey, desam, raisning fe’lidan qo‘rqaman. Chidadim. Oxiri yorildim: - Axir, rais buva, bu yoqda shuncha... Aytdim-ku, rais og‘iz ochgani qo‘ymaydi deb, urishib berdi. - Uncha-muncha odam qadam bosolmaydigan joylarga boryapsan. Noz qilma. Yigit kishining boshiga baxt bir qo‘nadi. Qani tur, tayyorgarligingni ko‘r. Fizkultura komitetidan telefon qilib, miyamni qoqib qo‘limga berishdi. Uyaltirma-da, uka. Xuddi soat yettida stansiyaga chiqdim. Poyezdning oltinchi vagoni. Eshigidan bo‘yi salkam bir terak keladigan odam tushib kelyapti. Tikilib qarasam, bir yili domotdixga borganimda tarvuzni butun yutib o‘yin ko‘rsatgan polvon. Rayonimizga tosh o‘ynashni ko‘rsatgani kelgan ekan. To‘rt kishi-to‘rt kishi bo‘lib yigirmata toshni sudrab tushurib qo‘ydik. Stansiya bufetida jindek hozirlik ko‘rib qo‘yishgan ekan, o‘tirishdik. Polvonni tabrikladik. Yaxshi kutib olganimizdan sevingan polvon oxirida so‘zga chiqib, olti kishilikni bir qilib, kosaga quyib qadah ko‘tardi. Hammamiz kayf qilib qolib, toshlar stansiyada qolib ketaveribdi. Qolsa qolavermaydimi, uni ko‘taradigan mard qayoqda. Mana, oktabr oyi ham oxirlab qoldi. Mashina terimi tugay deb turibdi. Harna bo‘lsa ozroq terib olay, deb dalaga chiqsam, mashinam joyida turibdi. Bechorani biram chang bosibdiki, kimdir bo‘r bilan yoniga «Kolxozimizning sobiq mexanizatori falonchi mavsumda bir hafta dalaga chiqib, shu mashinada paxta tergan» deb yozib ketibdi. Juda alam qildi. Bunaqa beodob gap yozgan odamni topib rosa ta’zirini berardim-u, ishim tig‘izroq edi-da. Axir bugun yosh drujinachilar bilan rayon markazidagi somsapazlikni tekshirishimiz, kaloriyasini aniqlashimiz kerak.

 

 

 

Report Page