Safatli ovqatlanishni ta'minlash

Safatli ovqatlanishni ta'minlash

Enter Engineering Pte.Ltd

Boysun gazni qayta ishlash zavodi qurilishi loyihasida sifatli va muvozanatlangan oziq-ovqat bilan ta’minlashga mas’ul bo‘lgan bir nechta oshxonalar mavjud. «SAYOHAT-TRAVEL» mas’uliyati cheklangan jamiyati oziq-ovqat bo‘yicha ma’mur O‘ktam Rasulovich G‘ofurov bizga MTX uchun ovqatlanish shaxobchasi ishi qanday yo‘lga qo‘yilgani haqida gapirib berdi.

— Loyihada ishlayotgan xodimlar uchun to‘laqonli ovqatlanish samarali mehnat va salomatlik garovidir, — deydi O‘ktam Rasulovich. — Muhandis-texnik xodimlar uchun oshxona salkam 500 o‘ringa mo‘ljallangan. Bu yerda kuniga uch mahal ovqatlanishni zarur darajada ta’minlash maqsadida malakali kadrlar — ombor mudiri, oshpaz, oshpaz yordamchisi, shuningdek, taom tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lgan oshxona ishchilari mehnat qilmoqda. Bizning jamoamiz katta bir oilaga o‘xshaydi, unda hamma o‘z ishini aniq biladi va uni talablar asosida bajaradi.

Nonushta, tushlik va kechki ovqat uchun menyu har oy kompaniya bosh ofisi mutaxassislari bilan kelishiladi. Shuningdek, ma’mur ovqatlanuvchilar o‘rtasida ular qanday ovqatlarni afzal ko‘rishlarini bilish uchun so‘rovlar o‘tkazadi. Fikrlar umumlashtiriladi va texnologlarga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi, mavsumiy menyuni tuzishda bular hisobga olinadi. Shu bilan birga, taomlarning kaloriyali va foydali bo‘lishiga e’tibor qaratiladi. Asosiysi, hamma narsa mazali bo‘lishi va odamlarga yoqishi.

Barcha mahsulotlar Samarqanddan «Mironkul» tashkiloti tomonidan yetkazib beriladi. Haftada ikki marta arizaga ko‘ra sabzavot, sut, sut mahsulotlari, go‘sht va boshqa masalliqlar qabul qilinadi.

— Oziq-ovqat sifatiga katta e’tibor qaratamiz, — dedi O‘ktam Rasulovich. — Barcha mahsulotlar sovutish moslamalari bilan jihozlangan maxsus avtomashinalarda tashiladi. Aytmoqchimanki, go‘sht va go‘sht mahsulotlari alohida yetkazib beriladi. Biz ovqatni faqat yangi masalliqlardan tayyorlaymiz. Har bir taomning namunasi 24 soat davomida muzlatgichda saqlanadi. Bu ehtimoliy zaharlanish holatlarida tekshirilishi uchun amalga oshiriladi. Shu tarzda ovqat «aybdor» yoki yo‘qligini aniq bilishimiz mumkin bo‘ladi. Ammo o‘tkaziladigan nazorat tufayli bunday holatlar kuzatilmagan.

Shuningdek, non shu yerning o‘zida pishirilishini ham aytib o‘tish o‘rinli. Har kuni xodimlar stolida yangi pishgan, qisir-qisir, xushbo‘y buxanka nonni ko‘rishingiz mumkin. Loyihada bayram dasturxonlari o‘ziga xos tarzda tashkil etiladi. Menyu oldindan tuziladi va kelishib olinadi, oshpazlar o‘zlarining pazandalik mahoratini namoyish etib, noz-ne’matlar bilan xodimlarni xursand qilishga intilishadi.

O‘ktam Rasulovichning jamoasi va uning hamkasblariga faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar va yaxshi kayfiyat tilab qolamiz!


Report Page