SUV HAM TUGAYDIMI?

SUV HAM TUGAYDIMI?

“Boylikni bolalikdan asrang!” tanloviga

Bolalik olami juda qiziq-da: kattalarga oddiy ko‘ringan narsalar bizlarga mo‘jizadek tuyuladi. Hayratimizni ichimizga sig‘dirolmay, savollarimga javob topishga shoshib kolaman, bazida...

Bu yil biz tomonlar juda seryog‘in bo‘ldi. Bahor kunlari edi. Sinfimizdagi Jasmina ustozga shunday savol berdi: "Ustoz, suv xam tugab qoladimi, qarang, rosa yomg‘ir yog‘yapti-yu!" Uning savolidan keyin sinfdoshlar ham chug‘urlay ketishdi.

O‘sha kundan boshlab, ustozim bizlarga tabiat, tabiiy boyliklarimiz, ularni tejab ishlatishimiz kerakligi haqida ibratli hikoyalar o‘qib bera boshladi. Tabiatni asrashga doir turli ko‘rsatmalar berardilar. Krandan oqayotgan suvni isrof qilmaslik, chiroqlarni behudaga yoniq qoldirasligimiz, zilol suvlarimizga chiqindilar tashamasligimiz kerak. Ustozimiz Zarnigor Ahmedovadan atrof muhitni, tabiiy boyliklarimizni qanday asrashimiz kerakligini singdirib borayotganliklari uchun juda minnatdorman.

Sinfimda 32 nafar o‘quvchi bor, hammamiz tirishqoq, bir-birimizdan ortda qolmaslikka harakat qilamiz. Gullarni parvarishlash orqali tabiatni asrashgayam hissa qo‘shishimiz mumkinligini bilib oldik.

Yo‘lingiz tushsa, biz tomonlarga albatta keling. Qishlog‘imizning so‘lim tabiati, zilol suvlari sizni ham maftun etadi, tabiatimiz go‘zalligi, havosi musaffoligiga havasingiz keladi, biz bilan zerikmaysiz!

Arig‘imizdan oqayotgan suvning ba’zan kamayib qolganini ko‘rib xafa bo‘laman. Agar butunlay oqmay qolsa-chi, deb xavotirga tushaman. O‘stirayotgan gullarimiz, daraxtlar, o‘t-o‘lanlarimiz suvsiz nobud bo‘lishini o‘ylab qo‘rqib ketaman. Tabiatga to‘g‘ri munosabatda bo‘laylik, aziz tengdoshlar. Kattalarning tabiatni asrashga qarata aytgan har bir o‘gitiga rioya qilishni o‘rganaylik!

Saidabror MUHAMMADJONOV,

Andijon viloyati, Jalaquduq tumanidagi

62-IDUM 2-"B" sinf o‘quvchisi

«Tong yulduzi» gazetasining 2024-yil 34-sonida chop etilgan.




Report Page