SURXONDARYODA KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORGARLIK TADBIRLARI KENG KO‘LAMDA AMALGA OSHIRILDI
Bilamiz, mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida yoqilg‘i resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Shu boisdan ham iste’molchilar, ayniqsa, tabiiy gazdan oqilona foydalanishlari lozim. Lekin, kuz-qish mavsumida aholining gazga bo‘lgan ehtiyoji yanada ortadi. Bu esa o‘z vaqtida soha xodimlari tomonidan o‘rganib chiqiladi va mavjud muammolar bartaraf etiladi. “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan ham amalga oshirilayotgan ishlar ijobiy samarasini bermoqda.
Avvalo raqamlarga e’tiboringizni qaratsak. Ma’lumotlarga qo‘ra, "Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali hisobidagi gaz quvurlarining umumiy uzunligi 4050,052 km bo‘lib, amalda foydalanishda bo‘lgan qismi 2397,4 km.ni tashkil etadi. Shundan 192 ming 937 km yuqori bosimli, 642 ming 630 km esa o‘rta bosimli va 1561,825 km qismi past bosimli gaz quvurlari hisoblanadi.
Shuningdek, filial hisobida jami 2090 dona gaz taqsimlash punktlari foydalanishda bo‘lib, shundan 117 dona GTP yuqori bosimli va 1973 donasi o‘rta bosimlidir.
Aytish kerak, viloyatda tashkil etilgan “Mahallabay” bo‘yicha ishlash mexanizmi asosida ayni paytda har bir mahalla hududidan o‘tgan gaz quvurlari ta’mirlanmoqda. Soha xodimlarining sa’y-harakati tufayli, 2021 yilda aholi xonadonlariga tortilgan gaz quvurlarining 3,3 kilometrini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan edi. Ayni paytda bu boradagi ishlar nihoyasiga yetkazildi. Fikrimizni Denov tumani misolida davom ettirsak. Tumandagi "Mustaqillik" va "Turkiston" ko‘chalaridagi gaz taqsimoti tizimlari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida rekonstruksiya qilindi. Eski gaz quvurlari to‘liq almashtirildi. Xususan, 750 metr masofadagi yer osti, 1,6 km o‘rta va past bosimli, shuningdek, 1 km o‘rta bosimli quvurlar mukammal ta’mirlandi.
Shuningdek, Denov tumanining Sharof Rashidov va X.Xadjakov nomli, hamda "Registon", "Turkiston", "Ostonaqulov", "Guliston" ko‘chalari, Termiz shahrining "Yulduz", "O‘zbekiston" va “Yangiobod" mahallalaridagi mavjud gaz quvurlari ham tasdiqlangan loyiha hujjatlari asosida to‘liq rekonstruksiya qilindi.
E’tiboringizni yana raqamlarga qaratsak. Bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha 20,2 kilometrdan ziyod gaz quvurlarining qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, shundan Termiz tumani "Namuna" mahallasida bunyod etilayotgan 94 ta 1 qavatli arzon uy-joylarga 2 km, Termiz shahri "Guliston" mahallasidagi 260 ta aholi xonadonlari uchun 5,7 km, Termiz shahri "Manguzar" mahallasida qurilayotgan 13 ta 4 qavatli uy-joylar uchun 0,9 km, Denov shahri tumanidagi xonadonlarning gaz ta’minotini yaxshilash uchun 0,9 km, "Termiz" erkin iqtisodiy zonasi va Termiz shahri aholi xonadonlarini gazlashtirish uchun 11 km gaz quvurlarining qurilish ishlari amalga oshirildi.
Yaqinda Termiz shahridagi “Guliston” mahallasiga gaz quvurlari yangidan tortildi. Hududdagi jami 260 ta xonadon tabiiy bilan ta’minlanishi belgilangan bo‘lsa, ayni kunga qadar ularning barchasiga gaz quvuri tortildi. Va 80 nafardan ortiq iste’molchilarga zamonaviy "aqlli" hisoblagichlar o‘rnatib berildi. Qolgan xonadonlar ham yil oxiriga qadar bosqichma-bosqich gaz hisoblagich bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Ahamiyatli tomoni, viloyatda gaz quvurlarni mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari filialning qurilish bo‘limi ishchi kuchi va texnikalari jalb etilgan holda amalga oshirilmoqda.
O‘tgan bir oy davomida mahalladagi ushbu muammolarga ijobiy yechim topildi. Aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, hayotiy zarur ehtiyojlarini qondirish maqsadida bu yerga gaz iste’moli uchun qariyb 1100 p/m gaz quvuri tortildi. Mahalla obodligi, aholi turmush farovonligi yo‘lida qilingan bu xayrli ishlar gulistonliklar uchun ajoyib yangilik bo‘ldi. Mahallada 860 ta xonadonni to‘liq gazlashtirish, birinchi bosqichda esa 260 ta xonadonni tabiiy gaz bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Shu o‘rinda mavsumga tayyorgarlik ko‘rish, aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash jarayonida ba’zi yechimini kutayotgan masalalar ham aniqlandi. Va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, 2021 yilda 2541 dona gaz taqsimlash qurilmalari texnik taftish va ko‘rikdan o‘tkazildi. Jumladan 11 dona gaz taqsimlash qurilmalari mukammal ta’mirlandi. 38,3 km gaz quvurlarni korroziyadan saqlash uchun bo‘yoqlab chiqildi, 74,2 km yer osti gaz quvurlari esa kompressor yordamida havo bosimida zichlikka sinalib, tozalandi va pribor usulda tekshirib chiqildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida Termiz shahrining "Guliston", "Kattabog‘", "Gulira’no", "Surxon Sohili", "Majnuntol", "Yulduz", "Bog‘ishamol", "Manguzar", "Chegara", "Kokildorota", "Namuna", "A.Navoiy", "Tinchlik", "Jo‘yjangal", "Ma’rifat", "Mehrabod" mahallalarida barqaror tabiiy gaz ta’minotini yo‘lga qo‘yish maqsadida qo‘shimcha magistral gaz quvurlarini tortish ishlarini moliyalashtirish, Angor tumani "Bahor" mahallasi hududida joylashgan "Qoraqir" AGRSdan kesimi 219 mm bo‘lgan jami 38,9 km yuqori bosimli gaz tarmog‘i qurilishini amalga oshirish vazifalari belgilab berilgan edi. Hozirgi kunga qadar mazkur ob’yektda Filialning "Qurilish va ta’mirlash" boshqarmasi tomonidan 21,6 km.dan ziyod gaz quvurlarning qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi.
Bu kabi sa’y-harakatlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, viloyat aholisini bir maromda tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, ularning qulay sharoitlarda hayot kechirishlari uchun hissa qo‘shish, eng muhimi mavsumning betalafot o‘tishi uchun xizmat qilishdir.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati