SURXON ADIBLARI BIZNING FAXRIMIZ!

SURXON ADIBLARI BIZNING FAXRIMIZ!

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi

Surxondaryo viloyat hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Termiz shahridagi muhtasham San'at saroyida ma’naviyat fidoiysi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Madaniyat xodimi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va yozuvchi Eshqobil Shukur tavalludining 60 yillik yubileyi keng nishonlandi.

Ushbu tadbirda Surxondaryo viloyat hokimi, viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi To‘ra Bobolov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Tafakkur jurnali bosh muharriri Erkin A’ZAM, "Do‘stlik" ordeni sohibi, taniqli shoir Shodmonqul SALOM, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud TOYIR, taniqli shoir, O‘zbekiston adabiyot va san'at jurnali bosh muharriri Salim ASHUR, filologiya fanlari doktori, professor Abdulla ULUGʻOV,   O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi o‘rinbosari Sherzod Irzoyev hamda professor-o‘qituvchilar, shoir va yozuvchilar, Eshqobil Shukurning safdoshlari va keng jamoatchilik ishtirok etishdi.


Tadbirni viloyat hokimi T.Bobolov kirish so‘zi bilan ochib, Eshqobil Shukurning el yurtga xizmati singan, o‘zining mehnatsevarligi, kamtarin, samimiy insonligi va yuksak ma’naviyati bilan hamda  ma’rifatparvar, vatanparvarligi bilan namuna bo‘lib kelayotgan inson ekanligini ta'kidladi.

Eshqobil Jo‘rayevich 40 yildirki ilm va ijod bilan band. Ma’muriyat ishi bilan ijodiy ishni muvozanatda saqlash juda mashaqqat. Buning uchun inson uyqusidan, oromidan voz kechishi kerak. Ustoz bunday muvozanatni saqlay bilganlardan biri. 60 bahorni qarshilayotgan adib Eshqobil Shukurning ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchisi, adabiyotshunos, sifatida ilmiy, badiiy, publisistik ahamiyatga molik ko‘plab maqolalari bilan nafaqat Respublika, balki Xalqaro konferensiyalarda tanilgan, mamlakatimiz miqyosidagi ko‘plab ijodkorlar, ziyolilar uchun namuna vazifasini o‘tab kelayotganligini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng tadbirda Tafakkur jurnali bosh muharriri Erkin A’ZAM, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud TOYIR, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi o‘rinbosari Sherzod Irzoyev, Salim ASHUR, taniqli shoir Shodmonqul SALOM, professor Abdulla ULUGʻOVlar so‘zga chiqib, Eshqobil Shukurning uzoq yillik mehnat faoliyati davomida o‘zbek she’riyati rivojiga va mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shish bilan bir qatorda,  she’riyat olamida ko‘plab shogirdlar tayyorlagan muhtaram Ustoz sifatida ham e’zozga va ehtiromga loyiqligi ta'kidlandi.

Aytish kerakki, atoqli adib Eshqobil Shukurning “Yurakni o‘rganish”, “Sochlari sumbul-sumbul”, “Tungi gullar”, “Yashil qushlar” “Hamal ayvoni” kabi she’riy kitoblaringiz va “Ko‘hna bog‘ rivoyatlari” nasriy kitobingiz, “Naqshband”, “Ibtido xatosi” kabi dostonlaringiz, “Nasoyim ul-muhabbatga sayr” turkumi, shuningdek, “Oqibat oqshomi”, “Dunyoning ko‘chishi” kabi qissalarini xalqimiz vujudi bilan sevib mutolaa qiladi.  Bugungi kunda ham ijodkor ko‘plab o‘lmas asarlar yaratib kelmoqda.

Tadbirda viloyatdagi baxshilar, "Badash" etnografik ansambli va xonandalarining chiqishlari yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.

Darhaqiqat, Eshqobil Shukurning Surxon ma’naviyati, ma’rifati, ilm-fani hamda adabiy muhiti ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasi, zahmatli mehnatlari keng jamoatchilikning xususan yoshlar ma’naviyatining yuksaltirishda katta xizmat qiladi.

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi Axborot xizmati





Report Page