SURIYA VOQEALARI: KIM YUTDI, KIM YUTQAZDI?

SURIYA VOQEALARI: KIM YUTDI, KIM YUTQAZDI?



Neft bir bahona edi

Shaxmat partiyasi. Raqiblar o‘yindan oldin qo‘l berib ko‘rishadi hamda tomonlarini tanlab oladi. Qoralar avvalboshdan raqibining dastlabki yurishini taxminan biladi (E2–E4). Oqlar ham bu yurishni raqibi bilishini biladi. Shunday bo‘lsa ham ko‘pincha mana shu yurish amalga oshadi. Maqsad – debyutdayoq markazni egallash. Chunki to‘rt tomonga qarash va ko‘proq kataklarni nazorat qilish imkoniyati paydo bo‘ladi-da. 

Demak, tasavvur qilib oldik-a? Endi ushbu o‘yinni Yaqin Sharqqa ko‘chiramiz. Yaqin Sharq – shaxmat taxtasi. Nima uchun? 

Yaqin Sharq – tabiiy zaxiralarga juda boy hudud. Osiyo g‘arbidan Afrika shimoligacha bo‘lgan bu mintaqa geografik joylashuvi sababli boshqa davlatlarning tashqi siyosatida ham muhim rol o‘ynaydi. 1938-yilda Kaliforniyaga qarashli kompaniya Saudiya Arabistoni sharqida dunyodagi eng yirik neft manbaini topadi. Keyinchalik neft dunyo iqtisodiyotining asosiga aylandi. Lekin shu birgina neft uchunmidi ushbu hududga qiziqish? Yo‘q, albatta. Neft orqali boshqa davlatlarni boshqarish mumkin, ya’ni gap boshqa davlatlarning neftga qo‘li yetishini nazorat qilish haqida. Chunki dunyoning yirik kuchlari ham Yaqin Sharqning neftiga muhtoj. Bundan tashqari, Yaqin Sharq qurollarni sotish uchun yirik bozor hamdir. 


O‘yinchilar kim?

Siyosiy tahlilchilar fikricha, arab dunyosida nazorat o‘rnatish uchun “Eski dunyo”ni yagona bayroq ostida birlashtirgan ittifoq va “kumush diyor” bo‘lgan mamlakat raqobatlashmoqda. “Sovuq urush” davridagi ziddiyatlar ham yoddan ko‘tarilgani yo‘q.

Bahri muhit ortidagi davlat mintaqada ittifoqchilar ham tanlab olgan. Bu ro‘yxatda Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar, Bahraynni ko‘rish mumkin. XX asr o‘rtalarida Eron ham mintaqada eng yaqin ittifoqchilardan biri deb hisoblangan. Ammo 1979-yilda Eronda yuz bergan Islomiy inqilobdan so‘ng ashaddiy dushmanlik boshlandi. Dushmanimning dushmani do‘stim, deganlaridek, hozirda sho‘ro saltanatiga voris davlat va Eronning manfaatlari Yaqin Sharqda uyg‘unlik kasb etadi.


Vaziyat qanday edi?

Urush boshlanmasidan avval ham Bashar Asad boshchiligidagi Suriyada aholi korrupsiya, ishsizlik, siyosiy erkinlik yo‘qligidan juda norozi edi. 2011-yilda qo‘shni davlatlardagi namoyishlaridan ruhlangan aholi mamlakat janubida norozilik namoyishlarini avj oldira boshladi. Bu voqealar tarixga “Arab bahori” degan shoirona nom bilan kiritilgan. 

Hukumat muxolif kuchlarga qarshi keskin choralar ko‘rgach, endi butun mamlakat bo‘ylab prezident iste’fosini talab qilib namoyishlar boshlanib ketdi. Notinchlik avj oldi, uni bostirish uchun kuch ishlatish yanada kuchaydi. Muxolifat tarafdorlari avval o‘zlarini himoya qilish uchun, so‘ng o‘z hududlarini xavfsizlik kuchlaridan tozalash uchun qo‘llariga qurol olishdi. Ushbu vaziyatda prezident Bashar Asad “tashqaridan qo‘llanayotgan terrorchilarni” yo‘q qilishga va’da beradi. Zo‘ravonliklar yanada kuchayib, mamlakatni fuqarolar urushi qamrab oldi, turli isyonchi guruhlar paydo bo‘ldi.

“O‘yinchilar” u yoki bu tarafning yonini olish, ularni qurol-yarog‘, pul bilan ta’minlashni boshlashdi. 

Tartibsizliklar kuchayib borishi fonida ISHID, “al-Qoida” kabi ekstremistik tashkilotlar mamlakatga kirib kelishni boshladi. Bir tarafdan esa mustaqillik da’vo qilayotgan turli guruhlar ham Asad tarafdorlariga qarshi bo‘lmagan holda urushga qo‘shildi. O‘tgan o‘n yil davomida katta davlatlarning o‘zi ham ikkiga bo‘linib hukumat va hukumatga qarshi kuchlarni dastaklab kelishdi. 

Suriyada harbiy bazaga ega bo‘lgan Rossiya 2015-yilda Asadni qo‘llab, harbiy havo operatsiyalarini amalga oshiradi. Eron esa Suriyaga yuzlab askar kiritadi, Asadga yordam berish uchun milliardlab dollar sarflaydi.

Gʻarb dastlab isyonchi guruhlarni qo‘lladi. Ammo jihodchilar muxolifatdagi asosiy kuchga aylangach, chekkadan turib, yumshoqroq shaklda yordam bera boshlashdi. Turkiya esa Suriya shimolidagi hududlarni isyonchi guruhlardan tozalab, o‘z nazorati ostiga oldi. Saudiya Arabistoni ham mintaqadagi mavqeini mustahkamlash maqsadida, Eronning ta’sir doirasini cheklash borasida harakatlar olib borib, urush boshida isyonchi guruhlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlab, qurol-yarog‘ bilan ta’minladi. Isroil davlatini Eronning Suriyaga mustahkam o‘rnashib olishi tashvishga solib, u ham havo hujumlari sonini orttirdi.

Natijada, o‘n yil davomida mamlakat bo‘ylab ko‘plab aholi punktlari vayronalar ichida qolib, infratuzilmalar butunlay izdan chiqdi. Mamlakat parokanda bo‘ldi.


Tugadi, boshlandi...

Mana shu voqealar fonida Suriya o‘ta zaiflashib, har jihatdan boshqalarga qaram bo‘lib qolgan edi. Bashar Asad o‘z oilasi hukmronligini saqlab qolish uchun turli kuchlar ta’sir doirasiga tushib qolgan, deyarli bo‘laklarga bo‘lib tashlangan mamlakatga boshchilik qilishga majbur edi. 

2024-yilning 8-dekabr kuni “Hay’at tahrir ash-Shom” harakati Bashar Asad hukumatini qo‘llab kelgan kuchlarning zaiflashuvidan foydalanib, amaldagi rejimni ag‘dardi. Bashar Asad Rossiyaga qochdi. “Hay’at Tahrir ash-Shom” yetakchisining yaqin safdoshi Muhammad al-Bashir Suriya o‘tish davri hukumati rahbari bo‘ldi. Vaqtinchalik hukumat 2025-yilning 1-martiga qadar faoliyat olib borilishi aytilmoqda. 

Biroq hozirda Suriya ichkarisida “Hay’at Tahrir ash-Shom” bilan kelishmaydigan, hokimiyatni egallamoqchi bo‘lgan bir necha qurollangan kuchlar hamon mavjud. Gʻarb Islomiy Davlat guruhining qolgan-qutgan a’zolaridan hamon xavf kutmoqda va ularga qarshi havo hujumlarini davom ettirayotgan bo‘lsa, Isroil o‘z chegaralari oldida “Islomiy davlat” paydo bo‘lishidan xavotirlanib, Suriya qurolli kuchlari infratuzilmalariga zarba bermoqda.

Mamlakat hamon xaos ichida: qonunchilik ishlamayapti, avvalgi tartib-qoidalar butunlay bekor qilingan. Endi Suriyaning taqdiri nima bo‘ladi, voqealar rivoji qanday kechadi, degan savol o‘rtaga chiqqan. Chunki Liviyada Qaddofiy va Iroqdagi Saddam Husaynning taxtdan ag‘darilgani natijasida ikki davlatda zo‘ravonliklar, boshboshdoqlik avj oldi, ularning o‘rnini egallaydigan munosib nomzodlar topilmadi, tashqaridan bo‘lgan arala-shuvlar sababli bo‘shliq to‘ldirilmadi, talon-tarojliklar, hokimiyatni tortib olish, fuqarolar urushi to‘lqinlangan edi. Aynan shunday holatlar Suriyada yuz bermasligiga hech kim kafolat bera olmayapti. 

Sababi, “Hay’at Tahrir ash-Shom”ning ildizi “Al-Qoida”ga borib taqaladi. Ularning so‘nggi bayonotlari murosali ko‘rinish olgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik bunga ishonyamapti, haqiqiy maqsadlari nimada ekanligi ayon emas. So‘nggi keskin harakatlar mamlakatda tartibsizliklar yanada avj olishiga, zo‘ravonliklar kuchayishiga olib kelishi mumkin. Kuzatamiz...


Nega shunday bo‘ldi?

Ekspertlar voqealar rivoji nega aynan mana shunday ssenariy asosida kechganligi to‘g‘risida turli qarashlarini bayon eta boshladilar. Biz ham hodisalar haqida o‘z mulohazalarimizni aytib o‘tsak. Nega shunday bo‘ldi? 

Birinchidan, Suriya o‘z strategik maqsadlarini ko‘zlayotgan kuchlar tomonidan shaxmat taxtasiga aylanib qolgan edi. Asad quyoshining og‘ishi va Ukrainadagi urushning o‘zaro bog‘liqligi borligi nazarda tutilgan. 

Ikkinchidan, iqtisodiy jihatdan mamlakat o‘ta cho‘kkan hamda gumanitar inqiroz kuzatilayotgan edi. Tinimsiz urushlar Suriya iqtisodiyotini izdan chiqardi, infratuzilma barbod bo‘lgandi. Aholining aksariyati, 6 milliondan ortiq ichki ko‘chkinlarning 2 milliondan ortig‘i asosiy xizmatlardan foydalanish cheklanlan lagerlarda yashayotgan, 6 million kishi mamlakatni tark etgan edi. O‘tgan yil holatiga ko‘ra, Suriyada 15 milliondan ortiq aholi gumanitar yordamga muhtoj, 12 million kishi oziq-ovqat tanqisligiga yuz tutgan edi.

Uchinchidan, Bashar Asadning avtoritar boshqaruvga zo‘r berganligi zo‘ravonlik va qatag‘onliklarning avj olishiga zamin yaratgan edi. Bu mamlakatda norozilikni kuchaytirib, urushning tobora cho‘zilishi va Asad hokimiyatining ayanchli yakun topishiga olib keldi. 

BMT hisobotlarida aytilishicha, Asad boshchiligidagi hukumat tomonidan aholi punktlariga ko‘plab hujumlar amalga oshirilgan, zo‘ravonliklar avj olgan, gumanitar yordamga cheklovlar qo‘yilgan edi.

To‘rtinchidan, jamiyat bo‘linib bo‘lgandi. Sharqda, ya’ni kurdlar ko‘pchilikni tashkil etadigan hududlar hukumat nazoratidan chetda qolgan, Suriya sahrolarida esa ISHID guruhlarining qoldiqlari mavjud edi. Urush avjiga chiqqan paytda tobora surib chiqarilgan jangari guruhlar uchun shimoli-g‘arbdagi Idlib tayanch nuqtasiga aylangandi. Xullas, ushbu bo‘linishlar mojaroning o‘ta tarqoqlik xususiyatini ko‘rsatar edi.

Beshinchidan, mintaqada tinchlikni o‘rnatish borasidagi xalqaro muzokaralarning samarasizligi. O‘yinchilar murosa ko‘chasini tanlashdan ko‘ra o‘z manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yardi. Mintaqadagi ma’lum bir hududni nazoratdan chiqarish ular uchun katta yo‘qotishdek gap edi. Bashar Asad rejimi esa hokimiyatdan voz kechishni ham, murosaga kelishni ham istamasdi.


Ichkarida kimlar qoldi?

AQSH Suriyadagi energetika resurslarini nazorat qila boshladi va bu orqali o‘zining Yevropadagi hamkorlari uchun mintaqada yaxshigina kafil bo‘lishini bildirmoqda. Isroil esa Jo‘lan tepaligidan boshlanib, Iroqning shimoliga qadar cho‘zilgan “Dovud koridori” deb atalgan loyihasi orqali neft yo‘lagini tashkil etish uchun qulay sharoitga ega bo‘ldi. 

Ko‘pchilik ushbu urushda Rossiya ko‘p narsa yo‘qotganini ta’kidlab, buni uning armiyasi Suriyadan olib chiqib ketilayotganligi bilan izohlagan holda mag‘lublar qatoriga qo‘shmoqda. 

Tahlilimizda umuman tilga olinmagan bir davlat bor – Qatar. Kichik o‘yinchi sifatida Asad hokimiyatining qulatilishida islomiy guruhlarni qo‘llagan holda zimdan ishtirok etgan Qatar o‘z energiya resurslarini Gʻarbga yetkazish uchun muhim koridorga ega bo‘ldi.

Eronning mintaqadagi manfaatlari maydoni biroz kengroq bo‘lib, nafaqat Suriya, balki Livan, Iroq va Yamanni ham qamrab olgan edi. Eron tomonidan qattiq qo‘llab-quvvatlangan Bashar Asad rejimi tugagach, Eronning “Shia hiloli” loyihasi jiddiy zarba yedi. 

Mazkur mojarolarda Turkiyaning o‘rni sal boshqacharoqdek. Sababi, ulush borasida ma’lum bir ziddiyatlar yuzaga kelishi tabiiy. Aytganimizdek, Turkiya Suriyada kurdlarning “Xalq mudofaasi otryadlari”ning faoliyatini cheklab qo‘yishdan manfaatdor bo‘lsa, aksincha, AQSH va Isroilning mintaqada “Kurd koridori”ni tuzish rejalari Turkiya manfaatlariga mutlaqo ziddir. Shunday bo‘lsa-da, Turkiya hozircha murosaga kelgandek. 

Oxir-oqibat ichkarida xalq yana quruq qo‘l bilan qolmoqda. Chunki boshqa davlatlar hech qachon Suriya xalqi manfaatlaridan kelib chiqib ish ko‘rmasligi ayon. 


Endshpil

Davomiy shaxmat o‘yinining yana bir partiyasi o‘z yakuniga yetdi. Raqiblar o‘yin boshidagi kabi bir-biriga qo‘l berib, o‘yin uchun minnatdorlik bildirishadi. Donalarni xaltaga solib, shaxmat taxtasini yig‘ishtirib xayrlashishadi. Ular yana uchrashishadi, yana o‘ynashadi. Lekin shaxmat taxtasini qayerda ochishini biz bilmaymiz. 

Shaxmatni asosan do‘stlar o‘ynashadi, degan fikrdan kelib chiqsak, demak, mintaqadagi “o‘yinchilar” aslo yutqazishmagan. 



Elyor O‘TBOSOV

2024-yil 15-dekabr


"Yoshlar kundaligi" jurnalining 10-12-sonidan olindi

Report Page