SURATLARDA ZUKKO BOLAJON !

SURATLARDA ZUKKO BOLAJON !

Surxondaryo viloyati MTB Axborot xizmati

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirligi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 9-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida "Zukko Bolajon" loyihasi oʻtkazildi.

Bolalar — oila quvonchi, jamiyat tayanchi, davlatimizning umidi va kuchidir. Ular bizning kelajagimiz, ezgu ishlarimizning davomchilari, qalbimiz halovatidir. Murgʻak qalblarning koʻzlaridagi quvonch, shodon kulgulari butun olamni yoritadigandek goʻyo.

Bugun “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” shiori ostida oʻtkazilayotgan “Maʼnaviyat festivali” doirasida yillar davomida shakllangan xalqimizning milliy taʼlim-tarbiya uslublari, oʻzbekona oila modeliga asoslanib farzandlarimizni voyaga yetkazish, bolalar maʼnaviy dunyosini boyitish maqsadida tayyorlangan “Zukko Bolajon!” fotoalbomining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirligi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi hamkorligida Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 9-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida "Zukko Bolajon" fotoalbomi taqdimotiga bagʻishlangan, badiiy-musiqali bayram tadbiri oʻtkazildi. Unda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Surxondaryo viloyati boʻlimi, viloyatimizdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari mudiralari, muassasa tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.

Dastlab, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov bolajonlarga samimiy tilaklarini bildirib, bugungi kunda ertamiz egalari boʻlgan farzandlarimiz manfaatlarini himoya qilish, ularning jahon andozalariga muvofiq bilim olishi, maʼnaviy kamol topishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilayotganini taʼkidladi.

Tadbir davomida “Zukko Bolajon!” fotoalbomi ustida yurtimizdagi taniqli olimlar, pedagog-psixologlar, ekspertlar va soha mutaxassislarini jalb etgan holda milliy anʼanalarimizga xos taʼlim-tarbiya, yoʻqolib borayotgan odob-axloq meʼyorlarini yodga soladigan 50 dan ortiq holatni oʻzida aks ettirgan ssenariy loyihalari ishlab chiqilgani va shu ssenariy asosida suratga olish ishlari tashkil etilgani aytildi. Ushbu albom mamlakatimizdagi 17 nafar fan arboblari, adabiyot, sanʼat, madaniyat namoyandalari, olimlar, shoir-yozuvchilar va sportchilar tomonidan maʼnaviy-axloqiy tarbiyani rivojlantirishga hissa qoʻshadigan xulosalar asosida toʻldirilib, 100 dan ortiq lavhalar bilan boyitildi.

Shundan soʻng sahnaga “Surxon” bolalar musiqiy guruhi bolajonlari taklif etildi. Ular baxtli bolalikni, milliy qadriyatlarni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar hamda shoʻx raqslar bilan ishtirokchilar kayfiyatini yanada koʻtardi.



Shuningdek, tadbir davomida “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari: falsafa fanlari doktori, professor, Jamila Shermuhammedova, "Farzandnoma" kitobining muallifi Obiddin Mahmudov ham soʻzga chiqib, samimiy tilaklarini izhor etib bolajonlar bilan bevosita suhbatlar uyushtirishdi. Farzandlarimiz qalbida goʻzal insoniy fazilatlarni shakllantirish, toʻgʻri qaror qabul qilish, oʻzbek xalqining qadim tarbiya uslublarida samarali foydalanish, yuksak maʼnaviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, toʻgʻri qaror qabul qilish kabi tuygʻularni tarbiyalash haqida tarbiyachi, pedagoglarga seminar-trening oʻtishdi.

Ayniqsa, maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ishtirokidagi sevimli shoirimiz Usmon Azimning «Baxshiyona» turkumidan Alpomish monologi koʻpchilikka manzur boʻldi. Bu tadbir davomida bolajonlar qadim Surxon elining folklor qoʻshiqlari, dostonlari va ularning qahramonlari obrazlarini yaratishdi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan “Maʼnaviyat festivali” doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tajriba tariqasida 14 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarini namunaviy tarzda “Zukko Bolajon!” fotoalbomida aks ettirilgan tarbiyaviy ahamiyatga ega fotosuratlar bilan bezash ishlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni yodga soluvchi “Maʼnaviyat burchagi”, «Milliy hunarmandchilik va kulolchilik», «Milliy burchaklar» tashkil etilmoqda.

Termiz shahridagi 9-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bugungi kunda mazkur xayrli ishlar amalga oshirilgan boʻlib, mana shu koʻrgazmalar namoyish etildi.


Report Page