SUKUNATNI TINGLAY BIL yoki ogoh, ziyrak bola

SUKUNATNI TINGLAY BIL yoki ogoh, ziyrak bola


Bir kuni pichanxonani aylanib yurgan chorvador otasidan yodgor bo‘lib qolgan soatini yo‘qotib qo‘yibdi. Uni uzoq izlabdi, hamma yoqni tintib chiqibdi, lekin urinishlari naf bermabdi. Axiyri holdan toyib, tashqariga chiqsa, nariroqda o‘ynab yurgan bolakaylarga ko‘zi tushibdi. Ularni yoniga chaqirib, pichanlar orasidan soatini topib berganga mukofot va’da qilibdi.

Buni eshitgan shumtakalar pichanxonaga to‘dalashib chopib kirishibdi. Hamma yoqni «boshdan-oyoq» tekshirib, baribir soatni topa olishmabdi. Chorvador umidini uzay deb turganda, bolalardan biri unga yana bir imkoniyat berishni so‘rabdi. Faqat bu vaqtda pichanxonaga hech kim kirmasligi lozimligini aytibdi. Haligi kishi uning samimiy chehrasiga boqib, rozilik bildiribdi. 

Bir muddatdan so‘ng qo‘lida soat bilan chiqqan bolakayni ko‘rgan fermer hayratdan og‘zini ochib qolibdi. Quvonch va qiziqish hissi jo‘sh urib, boladan bu ishni qanday uddalaganini so‘rabdi. Shunda «Hech narsa qilmadim. Shunchaki o‘tirib sukunatni tingladim. Atrof jimjit bo‘lganida soatning chiqillagan ovozini eshitdim va shu tomonga borib, soatni izlab topdim», degan javobni olibdi.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.


Report Page