STIPENDIYA NIZOMI ABDULLA ORIPOV

STIPENDIYA NIZOMI ABDULLA ORIPOV


 “ABDULLA ORIPOV” NOMIDAGI MAXSUS STIPENDIYA TO`G`RISIDAGI

 

NIZOM

 

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo`jaligini mexanizatsiyalash muhandislari universiteti” milliy tadqiqot universiteti  (Keyingi o`rinlarda - universitet)ning talabalariga “Abdulla Oripov” nomidagi maxsus stipendiya (keyingi o`rinlarda — maxsus stipendiya) tayinlash va to`lash, shuningdek, “Abdulla Oripov” nomidagi ko`krak nishoni (keyingi o`rinlarda — ko`krak nishoni) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.

2. Maxsus stipendiya universitetda Abdulla Oripov hayoti va ijodini o`rganish, faoliyatini yoritish, ilmiy tadqiq qilish hamda targ`ib etish yo`nalishida izlanish olib borayotgan, alohida faollik ko`rsatgan o`qituvchi va talabalarni rag`batlantirish maqsadida ta`sis etiladi.

 

2-bob. Adiblar nomidagi maxsus stipendiyalarni tayinlash tartibi va mezonlari

3. Maxsus stipendiya kvotasi universitetdagi fakultetlar sonidan kelib chiqib, har bir fakultet bo`yicha bittadan alohida-alohida ajratiladi.

4. Maxsus stipendiya quyidagi mezonlarga javob beradigan davlat oliy ta`lim muassasalari kunduzgi ta`lim shaklida tahsil olayotgan bakalavriatining 1, 2 va 3-bosqich hamda magistraturasining 1-bosqich talabalariga belgilanadi:

maxsus stipendiya nomiga ta`sis etilgan A.Oripovning hayoti va ijodini o`rganish, faoliyatini yoritish, ilmiy tadqiq qilish va targ`ib etish yo`nalishida izlanish olib borish;

adabiyot va kitobxonlikni keng targ`ib qilish yo`nalishida alohida faollik ko`rsatish;

adabiyot va kitobxonlikka doir konferensiyalarda (tanlovlarda) qatnashish;

nashr etilgan ishlarning (asarlarning) mavjudligi.

5. Maxsus stipendiya tayinlanishida talabgorlarning ushbu Nizomning 4-bandida belgilangan mezonlarga muvofiq bilim va ijodiy tayyorgarlik darajasini sinovdan o`tkazish maqsadida universitet:

maxsus stipendiyaga talabgorlar orasidan tanlab olish uchun ta`lim yo`nalishlari va adabiyot sohasidagi mutaxassislardan iborat tanlov komissiyasini (keyingi o`rinlarda — Tanlov komissiyasi) tuzadi va uning ish tartibini belgilaydi;

A.Oripov hayoti va ijodi bo`yicha test sinovlari (keyingi o`rinlarda — test sinovi) savollarini tasdiqlaydi.

6. Talabgorlar dastlabki ko`rib chiqish uchun fakultet ilmiy kengashiga har yili 25 aprelga qadar quyidagi hujjatlarni topshiradilar:

sinov daftarchasidan ko`chirma (o`zlashtirish ko`rsatkichi);

kafedra tavsiyanomasi;

ijodiy (ilmiy) ish, uning annotatsiyasi va taqriz (mavjud bo`lsa);

bakalavriatning 1-, 2-, 3-kurs talabalari uchun ta`lim-tarbiya maslahatchisi (marabbiy)ning, magistratura bosqichining 1-kurs magistrantlariga mutaxassislik kafedrasi mudirining fikr-mulohazalari;

A.Oripov hayoti va ijodi hamda faoliyatini (ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda va boshqa) targ`iboti bo`yicha materiallar;

A.Oripov hayoti va ijodini, faoliyatini tadqiq qilish bo`yicha respublika va xalqaro miqyosdagi jurnallarda chop etilgan yakka mualliflikdagi ilmiy maqolalar, o`tkazilgan anjumanlardagi faol ishtirokini tasdiqlovchi hujjat (asl nusxasi);

o`z sohasi bo`yicha xalqaro yoki respublika darajasidagi ko`rgazma, biennale, festival, simpozium, tanlov va boshqa nufuzli tadbirlardagi ishtiroki va natijalarga erishganligi (mavjud bo`lsa) to`g`risida tasdiqlovchi hujjat.

Barcha hujjatlar ikki nusxada, har bir nusxasi alohida jildga joylangan holda taqdim qilinadi. Har bir jild muqovasida taqdim qilayotgan fakultetning nomi, talabgorning ismi va familiyasi, ishning nomi ko`rsatilgan bo`ladi.

7. Fakultet har yili 10 mayga qadar talabgorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko`rib chiqib, maxsus stipendiyaga nomzodlarni tavsiya etish, nomzodlikka talabgorlarning o`qishdagi va ijodiy (ilmiy) faoliyatidagi muvaffaqiyatlarini baholash uchun muhokamaga qo`yadi.

Muhokamadan so`ng yashirin ovoz berish yo`li bilan eng munosib talabgorlar tanlab olinadi. Bunda talabgor va uning ishi uchun ovoz berishda ishtirok etgan kengash a`zolarining uchdan ikki qismidan ortig`i ovoz berganda, nomzod talabalar ma`qullangan hisoblanadi va ularning nomzodini fakultet ilmiy kengashi Tanlov komissiyasiga kiritish maqsadida fakultet dekanatiga taqdim etadi.

Fakultet dekanati har yili 15 mayga qadar nomzodlarning hujjatlarini Tanlov komissiyasiga taqdim etadi.

8. Tanlov komissiyasi:

har yili 1 iyunga qadar talabgorlarning taqdimotini o`tkazadi;

har yili 15 iyunga qadar maxsus stipendiya tayinlash uchun tavsiya etish to`g`risidagi qarorni oliy ta`lim muassasasi ilmiy kengashiga taqdim etadi.

9. Tanlov komissiyasining maxsus stipendiyani tayinlash to`g`risidagi qarori asosida har yili 20 iyulga qadar oliy ta`lim muassasasi ilmiy kengashining qarori qabul qilinadi.

Universitet ilmiy kengashining maxsus stipendiyani tayinlash to`g`risidagi qarori rektor buyrug`i asosida kuchga kiradi.

10. Maxsus stipendiyaga sazovor bo`lgan talabalarga har yili 20 sentabrga qadar “Abdulla Oripov” nomidagi maxsus stipendiya sovrindori” guvohnomasi (keyingi o`rinlarda — guvohnoma) beriladi.

11. Maxsus stipendiya talabalarga har yili, bir o`quv yili uchun 1 sentabrdan boshlab belgilangan miqdorga qat`iy rioya qilingan holda tayinlanadi.

Maxsus stipendiya miqdori Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 yanvardagi 59-son qarori 2-ilovasining 2-bandiga muvofiq belgilanadi.

12. Talaba o`qishini boshqa oliy ta`lim muassasasiga ko`chirganda yoki akademik ta`til olganda maxsus stipendiya to`lanmaydi. 4-bosqich talabalariga maxsus stipendiya o`qigan davri uchun to`lanadi.

 

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

13. Kundalik darslarni o`zlashtirmaydigan, o`quv intizomini va odob-axloqni buzgan talabalarni o`quv yili mobaynida fakultet kengashining tavsiyasiga binoan universitet rektori buyrug`i asosida maxsus stipendiyadan mahrum qilinishi mumkin.


Report Page