“S&P” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston suveren kredit reytingini “BB-” (barqaror kutilma) darajasida tasdiqladi
Joriy yilning 2-dekabr kunida e’lon qilingan “S&P” xalqaro reyting agentligining O‘zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingiga bag‘ishlangan navbatdagi hisobotida respublika reyting bahosi “BB-” (barqaror kutilma) darajada o‘zgarishsiz tasdiqlandi.
“S&P” xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini yilda ikki marta qayta baholaydi va baholash jarayonida vazirlik va idoralar bilan respublikadagi makroiqtisodiy holat va amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha batafsil muhokama qiladi.
Qayd etish lozimki, 2022-yil boshidan agentlik tomonidan 22 ta mamlakatning reyting bahosi yoki reyting kutilmasi pasaytirilgan.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston kredit reytingi bo‘yicha “barqaror” kutilmaning saqlab qolinishi nisbatan mustahkam fiskal va tashqi zaxiralarining mavjudligi tufayli respublika iqtisodiyoti kelgusi 12 oy davomida tashqi shoklar hamda global iqtisodiyot sekinlashishining qo‘shimcha salbiy ta’sirlarini kamaytirish imkoniyatiga egaligini aks ettiradi.
Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, hukumat likvid aktivlari YAIMga nisbatan 17 foizni, foydalaniladigan xalqaro zaxiralar YAIMga nisbatan 32,6 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, mamlakatning sof tashqi kreditor pozitsiyasi va sof davlat qarzi yukining mo‘tadilligi respublika kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi omillar sifatida keltirilgan.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi, monetar siyosatning moslashuvchanligi, hisobdorlik va institutlarning rivojlanish darajasi respublika suveren kredit reytingini hozirgi vaqtda cheklovchi omillar sifatida sanab o‘tilgan.
Hisobotda O‘zbekiston iqtisodiyoti tashqi shoklarning ta’siriga agentlik kutilmalaridan ko‘ra yaxshiroq bardosh bergani qayd etilgan.
Xususan, O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi pul o‘tkazmalari oqimi, eksport va davlat xarajatlarining ortishi bilan ta’minlangani keltirilgan. Shu sababli, agentlik tomonidan 2022 yil uchun iqtisodiy o‘sish kutilmasi 3,5 foizdan 5,8 foizgacha oshirilgan.
Agentlik kutilmalariga ko‘ra, prognoz davri mobaynida kapital xarajatlarining kamayishi, maqsadli ijtimoiy xarajatlar va elektr energiyasi tariflari islohoti hamda soliq yig‘ishning yaxshilanishi hisobiga fiskal konsolidatsiya amalga oshirilishiga olib keladi.
Shu bilan birga, hisobotda amalga oshirilayotgan investitsiya dasturlari va davlat korxonalari sektoridagi islohotlar, xususiy sektorning rivojlanishi va biznes muhitining yaxshilanishi o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga yordam berishi keltirilgan.
“S&P” xalqaro reyting agentligi 2017-yildan buyon hukumat islohotlar va iqtisodiy modernizatsiya bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarida sezilarli ravishda ildamlaganini qayd etgan.
Hukumat tomonidan so‘nggi yillardagi bir qator islohotlar, xususan, sud hokimiyati mustaqilligini oshirish, so‘z erkinligiga qo‘yilgan ta’qiqlarni olib tashlash va fuqarolar oldidagi hisobdorlikning oshishi, korrupsiyaga qarshi kurashish, iqtisodiy ma’lumotlar ochiqligining yaxshilanishi, savdo va valyuta kursi liberalizatsiyasi hamda davlat korxonalari islohoti va xususiylashtirish rejalari alohida e’tirof etilgan.
Hisobotda davlat qarzi o‘rta muddatda barqarorlashishi va, asosan, imtiyozli kreditlardan tashkil topganligi hisobiga davlat qarzi xarajatlarining pastligi keltirib o‘tilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning monetar siyosati samaradorligi keyingi yillarda rivojlanish tendensiyasida ekanligi va bu boradagi eng muhim islohotlardan biri sifatida valyuta kursi liberalizatsiyasi e’tirof etilgan.
“S&P” reyting agentligi hisobotida keltirilishicha, O‘zbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvi va iqtisodiy islohotlar natijasida iqtisodiy o‘sish salohiyatining yaxshilanishi va eksport tushumlari hamda budjet daromadlarining diversifikatsiyasi respublika kredit reytingini oshiruvchi omil bo‘lishi mumkin.
Respublika kredit reytingini pasaytiruvchi omillar sifatida quyidagilar qayd etilgan:
- 2022 yildan keyingi davrda tashqi savdo va pul o‘tkazmalari pasayishi sababli agentlik kutilmalariga nisbatan O‘zbekistonning fiskal va tashqi zaxiralari zaiflashsa;
- davlat va moliya sektorining tashqi qarzlari o‘sish sur’atlarining mo‘tadil darajada saqlanishi bo‘yicha agentlik kutilmalaridan farqli o‘laroq, mazkur qarzlar tez sur’atlar bilan o‘sishda davom etsa;
- yirik davlat korxonalari moliyaviy holatining zaiflashuvi natijasida davlat shartli majburiyatlari amalga oshsa (ya’ni, hukumat davlat korxonalarining qarzlarini to‘lashni boshlasa).
Moliya vazirligi
Axborot xizmati