SOVG‘А
Gulzoda TurdaliyevaErta turib, eng yaqin insonimni tug‘ilgan kuni bilan tabriklamoqchi edim. Nimadir bo‘ldi-yu, g‘aflat bosib, uxlab qolibman. O‘rnimdan sakrab turdim, oyoqlarim hali ham uxlayotgan ekanmi, falokat bosib, yiqilib tushdim-ku! Yonimda turgan javonchaga urilib, shundoq ham nima qilishni bilmay turgan boshim battar karaxt bo‘lib qolgandi. Inqillab-sinqillab yuzimni yuvib kelib, joyimni yig‘dim. Kech qoldim, endi bir yo‘li kechga tabriklasammikin? Shunday qilganim maʼqul‘‘ , - degan o‘ylar bilan ko‘zguga qaradim-u "voy! " deb yubordim. Javoncha chakkamga o‘z muhrini shunday yaxshi bosgan edi-ki, u tekkan joylar direktorimiz qo‘yadigan shtamp‘‘ dan ham ko‘kroq rangga kirgandi. Yig‘lab yubordim. Boshimdagi og‘riqqa emas, meni masxaraboz qiyofasiga kirgizgan muhr‘‘ga qarab yig‘layotgandim o‘sha vaqtda. Kech qoldim, bu-ku mayli, lekin bu ko‘rinish bilan Uni qanday tabriklayman?..‘‘
Tushlikkacha shunday o‘tirdim: goh javonchani so‘kdim, goh vaqtida jiringlab uyg‘otmagan soatga po‘pisa qildim. Bundan nima foyda? Yana ko‘zguga qaradim. Izlar endi yana boshqacha ranglarda tovlanayotgan‘‘ edi. Uni turli vositalar bilan yashirmoqchi bo‘ldim. Foydasiz... Nima qilishga ham hayron bo‘lib qoldim. Kayfiyatimni ko‘tarish uchun ko‘zguga qarab o‘zimdan ijobiy belgilar qidira boshladim. Doimgidek birinchi bo‘lib ko‘zlarimga tikildim. Jigarrang, xafa bo‘lsa ham uncha-munchaga yoshini ko‘rsatmaydigan ajoyib ko‘zlar! Bir lahzada tinchlandim. Ruhimga yengillik, ko‘nglimga xotirjamlik indi. U meni shunday holimcha ham yaxshi ko‘raveradi‘‘ , - degan taskinli fikrlar dilimdan o‘tdi. Shahd bilan turib kiyindim-da, do‘kon aylanishga chiqdim. Soat rastalarini, kiyim qatorlarini ko‘rdim, hech biri tasavvurimdagi tug‘ilgan kun sovg‘asiga o‘xshamasdi. Аylanib-aylanib, shomga yaqin uyga kirib keldim. Sekin borib xonamga kirdim. (Xuddi katta sovg‘am bor-u, uni yashirayotgandek...) Bir oy bo‘libdi qadrdon uyimga kelmaganimga. O‘qish, o‘qish debman-u, oilamga kam vaqt ajratibman. Bugun shuni angladim...
Hamma yoqni chinnidek qilib yig‘ishtirdim. Tug‘ilgan kun egasi hali ishda. Chiroyli qilib dasturxon tuzadim, o‘rtaga o‘zim olib kelgan, ustiga dil so‘zlarim yozilgan tortni qo‘ydim. Hamma ishdan, o‘qishdan keldi. Tug‘ilgan kun egasi xursand. Goh dasturxon ko‘rki bo‘lib turgan tortga, goh ming tusda jilvalanayotgan‘‘ gulim‘‘ga qarab-qarab qo‘yadi. Menikiga ikki tomchi suvdek o‘xshaydigan ko‘zlari yoshlanganini ko‘rdim. Jizillab yonayotgan chakkamni o‘pib qo‘yganidan keyin og‘riq taqa-taq to‘xtadi. Tilimda aytolmaydigan so‘zlarimni qarashim ifodalab bo‘ldi. Nigohim Unda, Uning ko‘zlari esa yozuvli tortda edi: Sizga Jannatni sovg‘a qilaman, DАDАJONIM!‘‘