SLEJ-XOKKEY: TARIXI VA BUGUNI
O‘yinning yaratuvchilari o‘zlari ham jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar bo‘lgan.
Slej-xokkey — pastki tanasi harakatlanishida cheklovlari bo‘lgan sportchilar uchun maxsus moslashtirilgan xokkey turi bo‘lib, bugungi kunda dunyo bo‘ylab paralimpiya harakatining eng faol rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Slej-xokkey tarixi 1960-yillar oxirida Shvetsiyaning Stokgolm shahridagi reabilitatsiya markazida boshlangan. O‘yinning yaratuvchilari o‘zlari ham jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar bo‘lgan. Ularning xokkey o‘ynashni davom ettirishga bo‘lgan qiziqishi va qat’iyati ushbu yangi paralimpiya sport turining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. 1969-yilga kelib Stokgolmda 5 ta jamoadan iborat liga tashkil etilgan bo‘lib, u aralash tarkibga ega edi: unda pastki tayanch-harakat tizimi zararlangan sportchilar hamda, sog‘lom sportchilar ham ishtirok etgan.

1980-yillarda Kanada va Buyuk Britaniyada jamoalar paydo bo‘ldi, keyinchalik AQSh ham qo‘shildi. Ammo eng katta tarixiy burilish — 1994-yil, Lillehammer Qishki Paralimpiya o‘yinlari slej-xokkeyni rasmiy musobaqa sifatida qabul qilgan yil bo‘ldi. Shu kundan boshlab sport xalqaro arenaga ko‘tarildi va haqiqiy shon-shuhrat yo‘liga kirdi.

Bu sport turi Paralimpiya qishgi o‘yinlarida ilk bor 1994-yilda Lillxammer shahrida namoyon bo‘ldi va qisqa vaqt ichida qishki sport turlari orasida mashhurlikka erishdi.

Bugungi kunda bu sport dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘ynaladi, kuchli jamoalar, chempionatlar va Paralimpiya medallari uchun kurash ketmoqda. Eng asosiysi — slej-xokkey minglab odamlar uchun imkoniyat eshigini ochdi. U nogironligi bo‘lgan yoshlarni sportga, jamiyatga, xayoliga va hayotga qaytaradi.

O‘zbekistonda adaptiv sport turlarini rivojlantirish borasida so‘nggi yillarda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga keng jalb qilish, ularni jismoniy reabilitatsiya jarayoniga jalb etish va sport orqali ijtimoiy integratsiyani kuchaytirish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Gertsen universitetining O‘zbekiston filialida 2025-yil 26-noyabr kuni “Teng imkoniyatlar va yangi yutuqlarga yo‘l” nomli adaptiv sport festivali tashkil etildi. Tadbir davomida adaptiv slej-xokkey sport turi ilk bor keng jamoatchilikka tanishtirilib, mazkur yo‘nalishni ommalashtirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borildi.
Shuningdek, Rossiya Adaptiv xokkey federatsiyasi bilan hamkorlik doirasida O‘zbekistonda slej-xokkeyni rivojlantirish uchun dastlabki amaliy qadamlar qo‘yildi. Xususan, ikki nafar o‘zbekistonlik trener ushbu federatsiya tomonidan maxsus o‘qitildi. Bundan tashqari, slej-xokkey bo‘yicha mashg‘ulot va musobaqalar o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan maxsus sport jihozlari Rossiyadan O‘zbekistonga yetkazib berildi. Ushbu tashabbuslar O‘zbekistonda adaptiv slej-xokkey sportni rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi.

Slej-xokkeyda sportchilarni adolatli baholash va teng raqobat sharoitini yaratish uchun ularning funksional imkoniyatlari asosida maxsus tasniflash tizimi qo‘llanadi. Bu tizim har bir sportchining jismoniy imkoniyatlari muz ustidagi harakatiga qanday ta’sir qilishini aniqlab beradi. 2003-yilda Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi ushbu jarayonni yagona tartibga solish maqsadida universal Klassifikatsiya Kodeksini ishlab chiqish strategiyasini tasdiqladi. Mazkur Kodeks sportchilarni sinflarga ajratish jarayonining hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, sportchilar, murabbiylar va klassifikatorlarning huquq hamda majburiyatlarini aniq belgilab beradi va ular IPC etikasi talablariga qat’iy rioya etishlari lozimligini belgilaydi.
Slej-xokkey musobaqalarida pastki tayanch-harakat tizimi faoliyati buzilgan sportchilar ishtirok etishi mumkin. Minimal nogironlik talablari quyidagicha belgilanadi: sportchida pastki oyoq-qo‘l funksiyalarining doimiy buzilishi bo‘lishi kerak va bu buzilish darajasi oddiy konkida uchish hamda muz ustida xokkey o‘ynash imkoni cheklangan bo’lishi lozim. Minimal nogironlik quyidagi holatlarda qayd etiladi: son bo‘g‘imidan past amputatsiya; har ikki oyoqda mushak faolligining kamida 10 ballik shkalada xarakatsizligi; to‘piq bo‘g‘imi ankilozi yoki 30 darajadan kam ekstenziya; tizza bo‘g‘imining ankilozi; serebral falaj natijasidagi spaztika va koordinatsiya buzilishlari (7-bosqich DCP); ikki oyoq uzunligi orasida kamida 7 sm farq.
Izohlar: yuqori tana qismi normal faoliyat ko‘rsatishi kerak, qo‘l funksiyalari bilan bog‘liq buzilishlar minimal nogironlik talablariga taalluqli emas. Faqat son bo‘g‘imi funksiyasi cheklangan shaxslar slej-xokkey musobaqalarida ishtirok eta olmaydi. Minimal nogironlik talablariga javob bermaydigan, ammo boshqa kasallik yoki travmalar sabab xokkey o‘ynash imkoniga ega bo‘lmagan shaxslar ham ushbu sport uchun munosib deb topilmaydi.

Slej-xokkeyda amputatsiyaga ega sportchilar jismoniy imkoniyatlariga qarab maxsus sinflarga bo ‘linadi. Sinflar sportchining qaysi bo‘limida va qanchalik darajada amputatsiya borligini hisobga oladi:
A1 sinf — ikki oyog‘i son qismidan amputatsiya qilingan sportchilar.
A2 sinf — bir oyoqda son amputatsiyasi bo‘lgan sportchilar yoki son amputatsiyasi bilan birga qarama-qarshi oyog‘ining stopa qismi amputatsiya qilinganlar (shu jumladan Pirogov usuli bo‘yicha).
A3 sinf — ikki oyoqning boldir qismi amputatsiya qilingan sportchilar; boldir amputatsiyasi + Pirogov amputatsiyasi kombinatsiyasi; yoki ikki tomonlama Pirogov amputatsiyasi.
A4 sinf — bir oyoqda boldir amputatsiyasi bo‘lgan sportchilar, shuningdek boldir amputatsiyasi + qarama-qarshi tomonda stopa amputatsiyasi yoki ikki tomonlama Pirogov amputatsiyasi. Bu sinfda minimal talab — amputatsiya kamida to‘piq bo‘g‘imidan yuqorida bo‘lishi kerak.
A5 sinf — ikki yelka amputatsiyasi yoki yelka bo‘g‘imidan disartikulyatsiya qilingan sportchilar.
A6 sinf — bir yelka amputatsiyasi bo‘lib, qarama-qarshi tomonda stopaning Pirogov usuli bilan amputatsiya qilinganlari yoki shu kabi kombinatsiyalar.
A7 sinf — ikki bilak amputatsiyasi bo‘lgan sportchilar yoki bir qo‘l bilakdan, ikkinchisi esa yelkadan amputatsiya qilinganlar.
A8 sinf — bir bilak amputatsiyasi bo‘lgan sportchilar. Bu sinfda minimal talab: amputatsiya bilak bo‘g‘imidan yuqorida bo‘lishi kerak.
A9 sinf — yuqori va pastki tanadagi amputatsiyalar aralash bo‘lgan sportchilar. Masalan, bir tomonda son amputatsiyasi, ikkinchisida yelka amputatsiyasi yoki yelka + boldir amputatsiyasi kabi kombinatsiyalar.
“Boshqa” guruhdagi sportchilar klassifikatsiyasi esa quyidagicha: 1-sinf — to‘rt a’zoda sezilarli funksional cheklanish; 2-sinf — uch yoki to‘rt a’zoda funksional cheklovlar; 3-sinf — kamida ikki a’zoning zarur harakat funksiyasi yetishmasligi.

Slej-xokkey bugungi kunda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni sportga jalb etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va reabilitatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan paralimpiya sport turlaridan biridir. Maxsus tasniflash tizimi va zamonaviy jihozlar sportchilarga teng raqobat sharoitini yaratadi, xavfsizlik va musobaqalarning xalqaro standartlarga mos o‘tishini ta’minlaydi. Ushbu sport turi insonning kuchli irodasi, matonati va o‘zini namoyon qilish imkoniyatining yorqin ifodasidir. Slej-xokkeyning rivojlanishi inklyuziv sport muhitini kengaytirib, jamiyatda tenglik va qo‘llab-quvvatlash madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.