SIYOSIY PARTIYALAR VA SAYLOV

SIYOSIY PARTIYALAR VA SAYLOV


MA’NAVIYAT VA MA’RIFAT DARSI

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 6-mart kuni deputatlar bilan uchrashuvda siyosiy partiyalarning rolini oshirish maqsadida aralash saylov tizimiga o‘tishni taklif qildi. Shu vaqtga qadar yurtimizda saylov jarayonlari majoritar tartibda o‘tkazilib, Qonunchilik palatasi deputatlari ushbu saylov tizimi asosida, ya’ni hududiy bir mandatli okrug bo‘yicha saylanardi.

Aralash saylov tizimi deganda, saylov jarayonlarida ham mojaritar, ham proporsional usuldan foydalanish tushuniladi. Majoritar saylov tizimi ko‘pchilik ovozi prinsipiga asoslanadi va bunda, agarda nomzod saylov okrugidagi saylovchilarning yarmidan ko‘proq ovozini olgan bo‘lsa, unda u saylangan, deb hisoblanadi. Proporsional saylov tizimi – saylov tizimlarining bir turi bo‘lib, bu tizimda mamlakat hududi yagona saylov okrugiga aylantiriladi hamda saylov byulletenlarida nomzodlar o‘rniga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar ro‘yxati ko‘rsatiladi va saylovchilar o‘zlariga ma’qul kelgan partiyalarga ovoz beradi.

Hozirgi kunda Janubiy Koreya, Belgiya, Vengriya, Qozog‘iston, Germaniya va Ispaniya kabi davlatlardagi saylovlar aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi.

Shuni inobatga olgan holda, 2023-yil 18-dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun bilan Saylov kodeksiga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida o‘tkazishni, shuningdek, saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirishni, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirishni, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishni hamda siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining o‘ttiz foizidan qirq foiziga oshirishni nazarda tutadi.

Chunonchi, Saylov kodeksining 67-moddasida Qonunchilik palatasi deputatlarining yetmish besh nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha va yetmish besh nafari yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda partiya ro‘yxati asosida saylanishi belgilandi.

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha bir mandatli saylov okruglarining chegaralari Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining ma’muriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilanadi. Bir mandatli saylov okrugidan Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tadigan saylovda har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi. Ya’ni, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha tuzilgan saylov komissiyalarining saylov byulletenlarida saylovchi Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodning o‘ziga mojaritar tartibda ovoz beradi. Yagona saylov okrugi bo‘yicha tuzilgan saylov komissiyalarining saylov byulletenlarida esa saylovchi Qonunchilik palatasida ko‘proq o‘rin olish uchun kurashayotgan siyosiy partiyani yoqlab ovoz beradi.

Ikkala saylov o‘tkazish tartibiga ko‘ra saylov natijalarini hisoblash o‘ziga xos farq qiladi. Hududiy, tuman, shahar va okrug saylov komissiyasi uchastka saylov komissiyasining bayonnomasidagi tegishli raqamlarni bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha har bir saylov okrugi bo‘yicha natijalarni jamlab borish jadvaliga kiritadi.


Qonunchilik palatasiga yagona saylov okrugi bo‘yicha o‘tkazilgan saylovda tegishli hudud bo‘yicha ovoz berish natijalari faqat uchastka saylov komissiyalarining taqdim etgan bayonnomalari asosida hududiy saylov komissiyasi tomonidan aniqlanadi. Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan nomzod saylangan, deb hisoblanadi. Yagona saylov okrugi bo‘yicha saylanadigan Qonunchilik palatasining deputatlik o‘rinlari esa Saylov kodeksining 961-moddasida ushbu saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan ko‘proq foizini to‘plagan siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlanishi qayd etib o‘tildi. Bunda, proporsional saylov tizimida yetti foizlik chegaradan o‘tgan partiyalarga yoqlab berilgan umumiy ovozlar soni 75 ta deputatlik o‘rniga bo‘linadi va undan chiqqan raqam saylov koeffitsiyenti hisoblanadi. So‘ngra har bir partiyaga yoqlab berilgan ovozlar soni mana shu saylov koeffitsiyentiga bo‘linadi. Undan chiqqan son esa har bir partiyaga beriladigan deputatlik o‘rniga teng bo‘ladi.

Agar bir mandatli saylov okruglarida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning o‘ttiz uch foizidan kami ishtirok etgan bo‘lsa, o‘tmagan, deb topiladi. Shuningdek, Qonun­chilik palatasiga yagona saylov okrugi bo‘yicha o‘tkazilgan saylovda ishtirok etgan siyosiy partiyalarning hech biri saylovda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini to‘plamagan bo‘lsa, yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov o‘tmagan, deb topiladi.

Aralash saylov tizimida partiyalarning aholi bilan munosabatlari ta’sirchan va natijali bo‘lishiga yanada sharoit yaratiladi va ularning roli bosh o‘ringa chiqadi. Qaysi partiya o‘z dasturi orqali xalqning maqsad-muddaolarini ifoda etib, ularni ro‘yobga chiqarishga ishontira olib, munosib harakat qilgandagina ko‘p ovoz olishga erishadi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur o‘zgarish bilan Qonunchilik palatasi deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etilishining huquqiy asoslari yaratildi.

Hozirgi global dunyoda davlatlar va mamlakatlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyoti, insonlar o‘rtasidagi fikrlar, qarashlar xilma-xilligi ortgani sari siyosiy partiyalarning davlatda jamiyat manfaatlarini to‘laqonli ifoda qilish zaruriyati yuzaga chiqmoqda. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, 2024-yil 27-oktabrda Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda siyosiy partiyalar faolroq bo‘lishga va o‘z dasturlarini xalq manfaatlari yo‘lida hozirgi zamonga moslashtirgan holda dolzarblashtirishga harakat qilishmoqda.

Saylov kodeksining 70-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyalar:

bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha deputatlikka yetmish besh nafar nomzod, ya’ni har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod ko‘rsatishga;

partiya ro‘yxati bo‘yicha yetmish besh nafardan kam bo‘lmagan, yuz nafardan ko‘p bo‘lmagan deputatlikka nomzod ko‘rsatishga vakolatlidir.

Bir mandatli saylov okruglarida ayni bir shaxs faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin.

Partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz bo‘lishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning a’zolari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin emas.

Ayni bir nomzod faqat bitta partiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.

Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar partiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin emas.

Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.

Saylov kodeksining 69-moddasiga muvofiq, saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilinadi.


Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, siyosiy partiyalar aholining huquqiy madaniyatini va faolligini oshirish, ularning davlat siyosatini tashkil etish va boshqarishdagi ishtirokini ta’minlash orqali davlat va jamiyat o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi, aholining jamoatchilik fikrini shakl­lantirishda, fuqarolarning siyosiy hayotda faol ishtirokini ta’minlashda muhim o‘ringa ega.

Sirojiddin ABDUVOITOV,

Sardor ABDUXOLIQOV,

MSK Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi yetakchi maslahatchilari.

Report Page