SIRDARYO VILOYATIDA ZUKKO BOLAJON FOTO-ALBOMI TAQDIMOTI BO‘LIB O‘TDI

SIRDARYO VILOYATIDA ZUKKO BOLAJON FOTO-ALBOMI TAQDIMOTI BO‘LIB O‘TDI


Bolalar umrimiz mazmuni, hayotimizning mohiyatidir. Ularni asrab-avaylash, komil inson etib tarbiyalash esa davlat taraqqiyotini belgilovchi omillardan biri hisoblanadi.

Bugun Sirdaryo viloyati Guliston shahri 17-sonli MTMda “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat festivali” doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim vazirligi, "Ma'rifat" targ‘ibotchilar jamiyati hamda Oliy majlis huzuridagi jamoat fondi hamkorligida chop qilingan “Zukko Bolajon!” fotoalbomining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, poytaxtdan kelgan mehmonlar, O‘zbekiston xalq artistlari, ziyolilar, olimlar, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari milliy qadriyatlarimiz aks etgan ko‘rgazma bilan tanishdi.

Taqdimotni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov ochib berib, bolajonlarga o‘zining iliq tilaklarini bildirdi hamda maktabgacha ta’lim tashkilotiga “Zukko Bolajon!” fotoalbomini sovg‘a qildi. Shuningdek M.Hojimotov “Maʼnaviyat festivali” doirasida bugungi kunga qadar hududlardagi 5 ta maktabgacha ta’lim muassasasi “Zukko Bolajon” fotoalbomi asosida bezatildi, yil yakuniga qadar belgilangan MTM larda ham bezash ishlari amalga oshirilishini ma’lum qildi.

"Bu jarayonda bolalarni ma’naviy olamini boyitish, ularda milliy an’analarga qiziqish uyg‘otish, sharqona tarbiyaning nodir va nozik jihatlariga alohida e’tibor qaratiladi!"

— dedi u.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar “Zukko bolajon” fotoalbomi ilk bilim va tarbiya maskanlari – maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi bolalarda ijtimoiy motivlarni uyg‘otish, badiiy-estetik didni shakllantirish, intellektni rivojlantirish, kundalik turmushdagi qoidalarini o‘rgatish, yaqinlarga g‘amxo‘rlik qilish, o‘z tuyg‘ularini boshqarish kabi fazilatlarni o‘rgatishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Taqdimot davomida maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari tomonidan “Go‘zal O‘zbekistonim”, “Mard yigitlar o‘ynasin”, “Olti xolfa” raqslari ijro etildi. Shuningdek, mehmon san’atkorlar O‘zbekiston xalq artistlari Gavhar Zokirova, Dilorom Karimova hamda Aziz Rajabiy bolajonlar uchun o‘z ijodidan namunalar ijro etishdi.

Guliston shahri 17-sonli MTT mudirasi Barno Alimova muassasada 400 nafardan ortiq bolajonlar tarbiyalanishini aytib, bugungi madaniy-ma’rifiy tadbir ularga manzur bo‘lganini bildirdi. Shuningdek, “Zukko Bolajon!” fotoalbomi, devoriy fotolavhalar ham tarbiyalanuvchilarda katta qiziqish uyg‘otganini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbirda falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston jahon tillari universiteti professori Dilorom Bobojonova, iqtisod fanlari nomzodi, “Farzandnoma” asari muallifi Obiddin Mahmudov ishtirok etib, hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari mudiralari, tarbiyachilari ishtirokida seminar-trening ham o‘tkazildi. Seminar davomida ishtirokchilar sohadagi yangiliklardan boxabar bo‘lib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Taqdimot davomida Sirdaryo viloyatining o‘ziga xos urf-odatlari, qadriyatlari aks etgan burchaklar, bolajonlar uchun faoliyat yuritayotgan kulolchilik ustaxonasi, qo‘g‘irchoq teatri namoyishlari barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Ma'lumot uchun ushbu albom mamlakatimizdagi 17 nafar fan arboblari, adabiyot, san’at, madaniyat namoyandalari, olimlar, shoir-yozuvchilar va sportchilar tomonidan ma’naviy-axloqiy tarbiyani rivojlantirishga hissa qo‘shadigan xulosalar asosida to‘ldirilib, 100 dan ortiq lavhalar bilan boyitildi.

"Ma'rifat" targ‘ibotchilar jamiyati Axborot xizmati




Report Page