SINOVLI' dunyo

SINOVLI' dunyo

https://t.me/ovoza

Go'daklarga e'tibor bergansiz. Beg'ubor ko'zlari bilan atrofni kuzatadi, ammo gapira olmaydi. Ularning ichki dunyosiga kira olmaymiz, chunki, hech qaysimiz o'z go'dakligimizni eslay olmaymiz. Agar ular ham fikrlashganda va atrofni o'zlarining sof qalblari bilan xis qilishganda nima bo'lardi? Hayotimizda bo'layotgan va biz uchun oddiy holga aylangan xodisalarni ularning pokiza nigohlari bilan kuzatishga harakat qildik. To'g'ri, yozganlarim biroz mistika, biroz mubolag'a, biroz hayolot bo'lishi mumkin. Ammo, maqsadim sizlarga voqe'likning aslini emas, hikmatini anglatish ekanligini aytib o'tmoqchiman. Keling, so'zni Oyishaga beraylik:

***

Men naqadar baxtliman. Taqdirimga musulmonlar yashaydigan o'lkada, musulmon oilasida tug'ilish yozilgan ekan. Buning naqadar ulkan baxt ekanligini bilsangiz edi. Afsuski, ko'pchiligingiz buni xis qilmaysiz. Aytishlaricha, insonning musulmon oilasida tug'ilishi uning dinining yarmi to'lganligini anglatar ekan. Qolgan yarmini to'ldirish esa o'sha insonning o'ziga bog'liq bo'lib qolar ekan. Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ning bola qaerda tug'ilishidan qat'iy nazar musulmon holatda tug'iladi, ammo, uning ota-onasi uni yo musulmon, yo nasroniy yoki butparast qilib tarbiyalaydi, deganliklarini ham eshitganman. Allohga hamdlar bo'lsinki, mening ota-onam mening dinimni komil bo'lishiga va ikki dunyo saodatiga erishishimga sababchilardan bo'ladilar.

Bo'lajak ota-onamga shar'iy nikoh o'qitildi. Nikoh o'qigan domla ikkilariga ham oilaning muqaddasligi, “taloq” so'zidan hatto, Arshi A'loning ham larzaga kelishi haqida tushuntirdi. Shundan so'ng farzand tarbiyasi haqida ham uzoq gapirdi.

Rivoyat qilishlaricha, bir bola yomon odat chiqaribdi. U odamlarning meshlarini pichoq bilan teshib qochar ekan. Har qancha o'qtirilsa ham, urishishsa ham foydasi bo'lmabdi. Shunda haligi bolaning onasi:

-Buning sababini anglagandek bo'lyapman. Shu bolaga xomilador ekanligimda mehmondorchilikka borgandim. Haligi joyda bir anor bor edi, rosa egim keldi. Hech kimga bildirmay, ignaning uchini o'sha anorga tiqdimda, suvini so'rdim, -degan ekan.

Ushbu rivoyatdan xulosa qilib, farzand tarbiyasi faqat nasihat bilan emas, halol luqma va ibrat bilan ham bo'lishi kerakligini domla tushuntirdi.

***

Bo'lajak onam yig'lab o'tiribdi. Dadam xomush.

-Bo'ldi, siqilmang. Hammasi yaxshi bo'ladi.

-Nimasi yaxshi bo'ladi? Vrach hammasini tushuntirdi-ku, shuncha davolandik, foydasi bo'lmas ekan. Nima qilamiz, endi?

-Menimcha, vrach umid yo'q demadi. Barcha harakatni qildik, endi barisi Allohdan, dedi.

-Shuning o'zi umid yo'q degani emasmi, Komil aka? Hali oyim bilsalar nima bo'larkin.

Oyijon. Nega yig'laysiz? Men borman-ku. Sabr qiling, albatta, maqsadingizga etasiz. Insonlar qiziq ekan. Nega biror do'xtir yaxshi davolaydi, desa umidvor bo'lishadi-yu, hammasini Allohdan so'rang, deyilganda ishonishmaydi. Farzandni beruvchi faqatgina Allohning o'ziku! Go'yoki, faqat umidsiz vaziyatdagina Alloh tilga olinadi, deb o'ylashadi.

***

-Sen bola, rostini ayt, nima dedi do'xtir?

-Hammasi yaxshi bo'ladi, dedi. Umidlaringni uzmanglar, besh yillab farzand ko'rmay yurganlar bor, deyishdi.

-Gapni burma, ayb kimda ekan? Surishtirdingmi yoki lallayib kelaverdingmi?

-Oyi bo'ldi qiling, keliningiz eshitib qoladi.

-Bo'ldi, buncha tarafini olasan o'shani. Endi o'tiraver bir-biringni yuzingga termulib. Mana Odinaxon biz bilan birga to'y qilgandi. O'g'il nabirali bo'ldi allaqachon. Senlar qachon tushunasanlar, hayronman. O'zi boshida aytgandim, tengimiz emas ular, deb.

Nahotki, ko'pni ko'rgan, insofga chaqiruvchi va oilaning totuvligini saqlashi kerak bo'lgan kattalar farzandlariga sabrga chaqirish, duo qilish o'rniga ularni ajratish yo'lini qidirsa. Axir, dadam ularning o'g'illariku. Hammasi o'z o'rnida, reja bo'yicha bo'lishiga, engillikka o'rganib qolganmikin odamlar.

***

O'tmishdagi ulug' insonlardan biri Siriyn (r.a.) uylanibdilar. To'ylariga butun basharning, islomning buyuk insonlari kelishibdi. Badr g'oziylari ham bor ekan ularning ichida. Alloh taolo payg'ambarimizga ismi bilan aytib, Qur'onnni o'qib berishni buyurgan Ka'b ibn Molik (r.a.) ham bor ekanlar. To'y oxirida Ka'b ibn Molik (r.a.) duo qilibdilar, butun mehmonlar duoga qo'l ochishibdi.

-Allohim, Siriynning oilasini xayr-barakotli qilgil, fazli karamingdan dinga hizmat qiladigan ulug' farzandlar ato etgin.

Bu duoning ijobat bo'lishiga yigirma yil kerak bo'lgan ekan. Hatto, do'stlari Siriynning oldiga kelib, boshqa xotin olishni maslahat berganda ham u sabr qilishda davom etgan ekan.

-Bilasizlarmi, mening to'yimda Ka'b ibn Molik (r.a.) duo qilganlar, Badrda qatnashgan yigirma sahoba qo'lini ochib, “omin” deb turishgan. Bu duo javobsiz qolishi mumkin emas, agar shunday bo'lsa, men Alloh uchun chiroyli sabrda bo'laman va ajr umid qilaman.

Uning bu sabri evaziga Alloh taolo o'g'il farzand ato etdi. Muhammad ibn Siriyn deb tarixda qolgan bu bola islom olamining eng etuk olimlaridan bo'lib etishdi va Siriyn nomining bugun bizgacha etib kelishida katta xizmat ko'rsatdi.

***

Dadam xursand bo'lib uyga keldi.

-Mohi, uydamisan. Bilasanmi, men juma namozida bir narsa eshitdim.

-Nima eshitdingiz?

-Agar doimo qalbda Allohni yodda tutib, tilda “Astofurillohu al Aziym” deb zikr qilib yursa, Alloh tezda u insonning gunohlarini kechirar va farzand ato etar ekan. Kel, biz ham shunaqa qilamiz, zora, Alloh duolarimizni ijobat qilsa.

***

Bugun oilada katta xursandchilik. Men oyimning vujudidaman va bundan oiladagilar xabar topishdi. Dadamning quvonganini aytmaysizmi. 

Ota-onam o'sha kechasi tahajjud namozini o'qishdi.

“Allohim, yolg'iz o'zingga suyanamiz. Senigina ulug'laymiz. Suyanishga ham, madh etilishga ham eng loyiq Zot o'zingdursan. Allohim, bizga farzandi komil ato etgin. Ushbu omonatni sen uchun saqlashga, sening ibodating uchun tarbiyalashga bizga kuch quvvat ato etgin”

***

Kundan kunga ulg'ayib boryapman. Tezroq sinov dunyosiga kelishga, ota-onamning, buvi-buvalarimning ko'zlarini quvontirishga shoshilib ketyapman. Bugun oyim bilan poliklinikaga bordik. UZI apparatiga tushish uchun navbatda o'tirganimizda dahshatli voqeaning guvohi bo'ldim. Bunday vahshiylik ham bo'lishini, insoniyat bunga-da qodirligini umuman tasavvur qila olmasdim. Hatto, ochlikdan bolasini eb qo'yadigan xayvonlar ham insonning bu jinoyati oldida tillarini tishlashlariga shubham yo'q. 

Bir ayol abort qildirmoqchi ekan. Inson tomonidan o'ylab topilgan bu yangi turdagi so'zning ma'nosini keyin angladim. Aytishlaricha, uning uchta qiz farzandi bo'lib, yana xomilador ekan. UZI apparatiga tushsa, bu ham qiz, deyishibdi. Shuning uchun vujudidagi bolasini o'ldirmoqchi ekan. 

Yo Alloh! Qanday zamonda dunyoga kelaman, qo'rqib ketyapman. Namuncha vahshiy bu odamlar. Johiliyat davrining eng katta gunohlaridan biri qiz bolalarni tiriklayin ko'mish bo'lgan. Axir, o'shalar ham farzandlariga uch-to'rt yil yashashga imkon berishganku. 

-Singlim, qiz ham farzand, sabr qiling, balki keyingisi o'g'ib bo'lar. Bola ham katta bo'lib qolibdi, qiyin bo'ladi, -dedi vrach.

-Yo'q, opa, oldirib tashlayman. Erim ham rozi bo'ldi.

Qanday odam ekan-a o'sha er? Jannat bashorati berilganda ham Hazrati Umar (r.a.) dek zotni zir titratgan, xushdan ketkazgan bu gunohni o'ylamasdan qilib yuboraversa. Umarga og'irlik qilgan yukni, nahotki ko'tara olsa? Kim o'zi u erkak, Alloh bilan savdolashsa? Menga u kerak, bunisini o'zing qaytarib ol, deb Allohning ne'matini o'ldirsa!

Haligi ayolning bolasini o'ldirishdi. Juda qattiq chinqiriq eshitildi. Bu o'sha ayol edi. Onalik mehri o'zini ko'rsatdi, deb o'yladim, boshida. Yo'q, bu Allohning mu'jizasi ekan. O'ldirilgan haligi xomila o'g'il edi va ayol bunga chiday olmay dod solib yig'lardi. Atrofdagilar unga achinishni ham, yupatishni ham bilmay hayron edilar. Alloh uni shu yo'l bilan shu dunyodayoq jazolagandi, barcha apparatlar qiz deb bashorat qilgan xomilani o'g'ilga aylantirib qo'ygan va shu orqali o'zining borligini ibrat izlaganlarga namoyish qilgandi. Haligi ayol goh do'xtirlarni, goh erini ayblar, asosiy aybdor o'zi ekanligiga e'tibor bermasdi. Balki, yupangach buni tushunar. Uyiga borib o'ylar. Yillar o'tib, o'lik chaqalog'ining nigohi uni ta'qib qilar, tushlariga kirar. Ayol qalbini Allohga burar. Shunday bo'lsin, ilohim. Tavba eshiklaridan kirish unga qabr tuynugiga kirishdan oldinroq nasib etsin. Zinhor uning nadomati qiyomat kuniga to'g'ri kelib qolmasin.

***

Men dunyoga keldim. Onamning quvonchi cheksiz. Uning menga qarab turgan nigohlarini xis qilyapman. Dunyolarni unutgan u. Butun olam go'zalligi uning uchun faqat menda jo bo'lgandek. Menimcha, insonning bu dunyodagi eng katta baxti shu bo'lsa kerak. Ona mehri.

To'g'ri, har bir jonzot onadan tug'iladi, hatto, ba'zi jonvorlar tug'ilishi uchun onasi o'zini qurbon qilar ekan. Ammo, Allohning insonga mehribonchiligi shundaki, uning butun umri davomida onani mehrini unga hamroh qiladi. 

Ismimni Oyisha deb qo'yishdi. Mo'minlar onasi Oyisha (r.a.) ga xavas qilishdi. Men ham xavas qilaman u zotga. Ota-onaning eng katta burchlaridan biri farzandga chiroyli ma'noli ism qo'yish ekan. Bu borada ham mening baxtim kulib boqdi. Aytishlaricha, agar ism biror ulug' insonga xavas qilib qo'yilsa, o'sha insonning biror bir xislati shu bolaga ham o'tar ekan. Men ham shundan umid qilaman. Payg'ambarimizning suyukli rafiqalari, buyuk olima Oyisha (r.a.) ga o'xshashga harakat qilaman. Butun insoniyat unga tuhmat qilganda ham iymoniga putur etkazmagan, yolg'iz Allohga suyangan Oyisha (r.a.) ning hayotini o'zimga dasturi amal qilib olaman. Ota-onamni yuzini erga qaratmayman, ularga munosib farzand bo'laman.

***

Hazrati Oyisha (r.a,) tuhmat ostida qolgan edilar. Uning majburiy holatda bir sahobiy bilan yolg'iz qolganliklaridan foydalangan ba'zi munofiqlar unga qarshi bo'hton uyushtirdilar. Hatto, payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ham bir muddat ikkilandilar. Oyisha (r.a) otalari Hazrati Abu Bakr (r.a.) ning uyiga ketib qoldilar.Oradan biroz vaqt o'tgach payg'ambarimiz (s.a.v) Abu Bakr (r.a.)ning uyiga keldilar.

-Qizim, -dedi Abu Bakr (r.a.), -agar shu gunohni qilgan bo'lsang, tavba qil, Alloh gunohlarni kechirguvchidir.

-Otajon, qanday qilib qilmagan gunohim uchun tavba qilay, Alloh mening pokligimni biladi va U gunohsiz bandasiga hech qachon qilmagan gunohini yuklamaydi.

Shunday deb Oyisha (r.a.) yuztuban yotib oldilar. Aynan shu daqiqalarda payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ga vahiy kelib, rafiqalarining pokligi bildirildi.

***

Tug'ruqxonadan hali chiqqanimiz yo'q. Tezda uyga borishga, qarindoshlarimni ko'rishga oshiqyapman. Ular ham meni kutishayotgandir. Bugun yana dadam bizni ko'rgani keldi. Men tomonga bir qarab qo'ydi-da, unchalik e'tibor bermadi. Negadir kayfiyati yo'q edi.

-Tinchlikmi? Ha, qovog'ingizdan qor yog'ilmasa?

-Mohi, esimda bor, olib chiqish uchun uzuk olib beraman, degandim. Ammo, ilojini qila olmayapman. Birinchi kuni ko'p pul ketdi. Hali biriga suyunchi, boshqasiga xizmat haqqi degandek.

-Bu nima deganingiz? Nima, qiynalgan men-u, boshqalarni rozi qilib yuribsizmi?

-Axir, sen meni tushunasanku. Albatta olib beraman, hech qayoqqa qochib ketganim yo'q. Nima qil deysan?

-Bilmayman, qarz olasizmi, o'g'irlik qilasizmi, ertaga uzuk shu erda bo'lishi kerak. Bo'lmasa, men hech qaerga bormayman, tamom.

Dadam achchiq bilan chiqib ketdi. Men hech narsaga tushunmay qoldim. Onam shunaqa ayolmi? Uzuk shunchalik ham muhim narsami? Menga etishish uchun qanchalik qiynalishganini bilamanku, nahotki endi, shu narsani uzukka alishmoqchi bo'lishsa. Qiynalganliklarini ro'kach qilishganiga hayron qoldim. Axir, buning evaziga onalik baxtiga muyassar bo'ldilarku. Buning qanday boylik ekanligini tezda unutishdimikin yoki...

***

Oyim yig'lab, meni tebratib o'tiribdilar. Qo'llarida chiroyli uzuk. Dadam kirdilar:

-Nima bo'ldi?

-Oyingizdan so'rang, nima bo'lganini?

-Siz ham aytaqoling, tinchlikmi?

-Beshik to'yidan keyin o'zgarib qolganlar. Aytishlaricha, onam sarpolarni yaxshi qilmabdilar. Nima qilaylik, ular ham qo'l uchida kun ko'rishsa, yaqinda singlimni chiqarishimiz kerak.

-Shunga shunchami. Mayli o'ylamang, o'tib ketadi hammasi.

-Hech narsa o'tib ketmaydi. Zerikdim, shu gaplardan. Agar kambag'al deyishsa, kelin qilmasinlar edi. O'zlari borishdiku, sovchi bo'lib.

Oxirgi kunlarda oilamizda tinchlik yo'qolganga o'xshaydi. Tug'ilishimdan oldin hammasi yaxshi edi. Buvim ham oyimga mehribonlik qilardi, hamma yangi mehmonni kutardi. Endi esa har kuni janjal, to'polon. Hammasiga men aybdormikinman, deb o'ylab qolaman. Nahotki, insonlar shunchalik mayda, arzimas narsalar uchun bir-birlarini xafa qilishsa. Nahotki, men ham ulg'ayib shunday o'ylaydigan bo'lib qolsam? Qaerga kelib qoldim o'zi? Alloh ibodatida qoyim bo'lgan musulmonlar ichida yashayapmanmi yoki mayda gap, dunyoga tish tirnog'i bilan yopishib olgan johillar bilanmi?

***

Xo'ja Ahror Valiy juda badavlat inson bo'lgan ekanlar. Bir kuni xizmatkori uning oldiga kelib, yo'ldagi karvonlariga katta talofat etganligini aytibdi. Ul zot:

-Alhamdulilloh, -debdilar. 

Biroz muddat o'tib, haligi xizmatkori qaytib kelibdi va adashganligini, aytilgan karvon boshqa odamga tegishli ekanligini, uning karvoniga talofat etmaganligini aytibdi. 

-Alhamdulilloh, -birgina so'z yangrabdi yana. Xizmatkorning taajjub bilan bergan savoliga:

-Har ikki xabarni aytganingda ham qalbimda zarracha o'zgarish sezmadim, shuning uchun Allohga hamd aytdim, -deb izoh bergan ekanlar.

***

Kecha amakim keldi. Dadamning eng katta akalari. Alohida uy-joy qilib chiqib ketgan. Bolalari katta, hatto, yaqinda qizini turmushga berar ekanlar. Dadam ularning bolalarini elkasida ko'tarib katta qilgan, mehrini bergan. Shuning uchun, u kishi ham meni boshqacha yaxshi ko'rishsa kerak, deb o'yladim. Adashgan ekanman. Menga bir qarab qo'ydi-da, qovog'ini o'yib oldi. U meni ko'rishga emas, buvimning oldiga kelibdi: 

-Nevarangizga beshik to'yini rosa dabdaba qilibsizmi, oyi?

-Ha endi, bolam, orzu-xavasda. Bu bechoralar ham uch yil deganda farzandli bo'lishdi.

-Shahnoza tug'ilganda bunchalik quvonmagandingiz, hatto, marosim ham bo'lmagandi, esingizdami?

-U paytlar boshqa edi-da, o'g'lim.

-Men ham o'gay emasman, oyi. Menga to'y qilmaganigizdan keyin, ulushimni bering-da. Mening ham harajatlarim ko'payib boryapti. 

-Olasan oladiganingni, haddingdan oshma. Sen ham yaqinda to'y qilasan, ataganimiz bordir.

-To'y o'z yo'liga. Dadam kelsa ayting ularga. Men bu uydan quruq qo'l bilan chiqib ketganman, meniyam rozi qilishlaring kerak.

Shunga o'xshash gaplar bilan amakim chiqib ketdi. Kundan kunga hayotdan bezib borardim. Hayotning o'lchovlari, tarozisi men o'ylagandan butunlay boshqacha ekan, judayam qiyin bo'lib ketibdi bu hayotda yashash. Ayol eridan farzand tug'ib bergani uchun mukofot kutsa, o'g'il onasidan pul talab qilsa.

***

O'tmishning buyuk insonlaridan biri Umar ibn Abdulaziz kasallanib qolibdilar. Umrining oxirlashib borayotganligi sezib, rafiqasi bilan vidolashibdi.

-Ey, Umar, -debdi ayoli, -o'g'illaringiz bor, ularga nimani meros qilib qoldirasiz? Shularni aniqlashtirib bering, toki, keyinchalik o'zaro nizo chiqarishmasin.

-Men ularga Allohga bo'lgan sevgimni meros qilib qoldiraman, shuni qattiq ushlasalar haqiqiy saodatga erishadilar, -debdi Umar ibn Abdulaziz va ayolining bu javobdan qoniqmaganligini sezib, qo'shimcha qilibdi:

-Agar, ular haqiqatdan ham mening o'g'lim bo'lsalar, shu narsa ularga kifoya qiladi, agar bu merosga rozi bo'lmasalar, mening ulardek o'g'lim yo'q.

***

Qiz bolaning rizqi ulug' bo'ladi deyisharkan. Dadamning ishlari yurishib ketdi. Kattagina tashkilotda bo'lim rahbari bo'lib ishlay boshladilar. Negadir, dadam ham, oyim ham o'zgarib qolgandilar. Men tug'ilmasimdan oldin kechalari namoz o'qishar, tinmay duolar qilishardi. Endi esa, umuman ibodat qilmay qo'yishdi. 

Qadimiy zamonlarda insonlar agar to'kin hosil yoki yomg'ir yog'ishini istashsa, biror yirtqichga rubaro' bo'lishsa ilohlarini eslab qolisharkan va ibodat qilisharkan. Yomg'ir yog'gach yoki havf bartaraf etilgach esa hammasini esdan chiqarishar ekanlar. Hozirgi zamon odamlari ham shunga o'xshab qolishibdi. Qachonki, biror ehtiyoj sezsalar ibodatga mukkasidan ketishadi, ishlari yurishib ketsa yana Allohni esdan chiqarishadi.

Ammo, mana shu yashashning o'zi ham extiyoj emasmikin. Har bir nafas olishimiz, quyoshning o'z vaqtida chiqishi, rizqmizning kelib turishi ham Allohdanku. Shuning shukronasiga ham, unga bo'lgan qullik ifodasiga ham ibodat qilinsa yarashmaydimi? Bir kunda zilzila bo'lib hammasi yo'q bo'lib ketishi ham Uning qo'lidaku. Farzand so'rab Allohga nolalar qilishdi, farzandli bo'lgach esa... Meni shunchalik yaxshi ko'rishsa, hozirgi hayotim ham Allohning qo'lida ekanligini va istalgan paytda yana qaytarib olishi mumkinligini o'ylashmaydimi?

Mayli oz qoldi. Men ham ulg'ayaman, ota-onamga to'g'ri yo'lni eslataman. Balki, shuning uchun kelgandirman dunyoga. Atrofni, qarindoshlarimni o'zgartirishga bor kuch-g'ayratimni sarflayman va albatta bu yo'lda g'olib chiqaman.

***

Hazrati Ibrohimni katta gulxanda yoqish uchun tashlashgani to'g'risidagi bir rivoyat bor. Dunyodagi eng kichkina qushcha og'zida suv tashib kelarkan-da, olov ustiga to'kib yana bir necha chaqirim uzoqqa qaytib ketar ekan. Atrofdagilar uning ustidan kulib:

-O'zing kichkinagina qo'shcha bo'lsang, bu olovni o'chirishga harakat qilishing nimasi? –deb so'rashibdi.

-O'chira olmasligimni bilaman, -deb javob beribdi qushcha, -ammo, Alloh taoloning qarshisiga chiqqanimda, mening payg'ambarimni yoqishayotganda sen nima qilib turganding, deb savol berib qolishi mumkinligidan qo'rqaman.

***

Bir kuni dadam juda ko'p shirinliklar va sovg'alar olib keldi. Kecha eshitgandim, dadamning pullari kam edi. Bugun esa...

Oyim hayron bo'lib so'radi:

-Qaerdan chiqdi yorug'lik?

-So'rama, oylikni qo'liga qarash jonimga tegdi. Bittasi kelgandi ishini bitirgani, hujjatlari tayyor edi, faqat ozgina harajati bor. deb yolg'on gapirdim. U esa ishonib yuz dollar qistirib qo'ydi.

-Pora olibsizda?! –oyim ham unchalik tashvishlanmas edi, kulib so'radi.

-Qanaqa pora, rozi bo'lib berdi-ku.

Shu paytgacha qo'rqib yurgan holat o'z oilamga ham kirib kelganligiga ishona olmasdim. Ilgarigilarni eshitgandim, o'g'irlik qilishar va orqasidan tavba qilib ketishardi. Dadamchi? Katta gunoh qilib, endi bu gunoh emas, deb o'tiribdi. Tavba qilish tugul o'z farzandiga haromdan topilgan shirinliklarni ko'tarib kelibdi. Eng dahshatlisi, buni harom deb bilmayapti. Ey Allohim, ota-onamni o'zing kechirgin, qalblarini yumshatgin!

Chindan ham qo'rqib ketdim endi. U narsalardan oyim ham tanovul qildilar. Biroz o'tib qornim ochqaydi. Onam meni to'ydiradilar. O'sha harom shirinliklardan hosil bo'lgan sut ichimga kiradi. Men ham haromxo'r bo'lib qolaman. Endi nima qilaman? Qanday qutulaman bu balodan. Ey, Allohim qornimni ochqatmasdan, jonimni olsang ham mayli edi.

***

Men naqadar baxtsizman. Harom luqma og'zimga kirdi. Istamagan bo'lsam ham, bunga majbur bo'ldim. Igna uchidagi anor sharbati nelar qilganini eshitgandim, endi men qanday inson bo'lib etishaman. Dinimning yarmi bilan dunyoga kelgandim. Uning komil bo'lishini umid qilgandim, endichi? O'sha yarmini ham boy berib qo'yamanku endi. Katta bo'lib, men ham ulardek fikrlaydigan bo'lib etishamanmi?. Onamdan meros talab qiladigan, erimga farzand uchun uzuk deb yig'laydigan, boylikning qanday kirib kelayotganligini surishtirmaydigan, Allohni kam eslaydigan insonlar ichida katta bo'lyapman, o'zim ham o'shalardan bo'lib qolmasmikanman. Qanday qilib, o'zimni tuzataman endi? Bu oqimga qarshi qanday suzaman, axir, halqumim ham shu oqimning suvi bilan bo'lg'anib bo'ldi-ku.

***

Yaxshisi, menga o'lim ber Allohim. Sening oldinga boray tezroq. Bu olamdan, bu vahshiylikdan meni qutkar. Ota-onamni juda yaxshi ko'raman. Bilaman, ular ham meni yaxshi ko'rishadi. Ularning gunohkor bo'lishlariga, sening oldinga bu gunohlarni ortib borishlariga chidab turolmayman.

Undan ko'ra mening jonimni ol. Qiyomat kuni, jannat eshigi oldida meni savolga tut. Men esa ota-onamning diydoriga sinov dunyosida to'ymaganimni, ularni ham jannatga kiritmasang, men ham kirishni xohlamasligimni aytay. Ularni shafoat qilay. Farzandlik burchimni shu shaklda oqlay, Allohim.

Meni o'ldir va ularga sabru-jamil ato etgil. Zora, shu sabrlari mukofoti o'laroq gunohlardan poklanishsa. O'limimni ularga ibrat qil va to'g'ri yo'lga tushib olishlariga sababchi qilgin. Balki, shuning uchun bu dunyoga kelgandirman. 

Onajon, men ketyapman. Mehringizga to'ya olmadim, Alloh, duolarimni qabul qildi va o'z yoniga chorladi. Xafa bo'lmang, men sizni o'sha erdan turib duo qilaman. Gunohlaringizni Allohdan yig'lab so'rayman, sizga mukammal iymon va sabr berishini istab yolvoraman. Albatta, Alloh sizga yana farzand ato etadi, uni ham yaxshi ko'rib qolasiz. Ammo, umid qilamanki, bundan keyin shukr qilguvchilardan bo'lasiz. Qiyomat kunida, Kavsar xovuzi oldida sizni va yaqinlarimni kutaman. Sabr qiling, mendan xafa bo'lmang. Sizlarni shafoat qilish uchun o'limga rozi bo'ldim,

***

JUMA MUBORAK!

@OVOZA - zamonaviy va innovatsion

Report Page