“SHO‘RLANGAN TUPROQ” MOBIL ILOVASI YARATILDI

 “SHO‘RLANGAN TUPROQ” MOBIL ILOVASI YARATILDI


 O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan “Sho‘rlangan qishloq xo‘jalik yerlari meliorativ holatini yaxshilashda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash va maʼlumotlarni tezkor qayta ishlashga yo‘naltirilgan mobil ilova yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasi asosida mobil ilovasi yaratildi.

Respublikada yer va suv resurslaridan intensiv va samarali foydalanishning innovatsion usullari, qishloq xo‘jaligi yerlarining meliorativ holati unumdorlik darajasini saqlashga xizmat qiladi. Lekin hozirgi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi yerlari sho‘rlanishini oldini olish, oqibatlarini yaxshilashga qaratilgan zamonaviy yangi usullarni qo‘llash va maʼlumotlarni tezkor qayta ishlashga 

yo‘naltirilgan foydalanuvchilar uchun interaktiv xizmat ko‘rsatuvchi axborot texnologiyalar ishlab chiqish borasida tuproq, tuproq-sho‘rlanish, tuproq-baholash xaritalarini ishlab chiqishda hanuzgacha avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimlaridan foydalanish to‘liq tadbiq etilmagan. Ushbu sohada geografik axborot tizimli mobil dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy ishlanmalar mavjud emasligi ushbu vazifalarning dolzarbligini ko‘rsatadi.
Bu geoxaritadan foydalanadigan GAT (Geografik axborot tizimi) “offline” rejimda ishlaydigan dastur hisoblanadi. Ushbu ilova sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer turkumlari bo‘yicha grafik maʼlumotlar, shuningdek, viloyat, tuman, massivlar va kadastr chegarasini taqdim etadi. Dasturning asosiy vazifasi tuproqda sodir bo‘layotgan jarayonlarni tadqiqotlar yordamida o‘rganib, olingan maʼlumotlarni tahlil qilishdan iborat.

Mobil ilova tayyorgarlik, dala-tuproq ishlari va analitik tahlillar asosida olingan tuproq namunalari natijasi bo‘yicha o‘rganiladigan, massiv sug‘oriladigan yerlarining “Tuproq sho‘rlanish kartogrammasi”ni tuzish orqali yerlarning meliorativ holati to‘g‘risidagi, sho‘rlangan yerlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni taqdim qiladi.

Ilova yer resurslari va tuproq sifatini boshqarish, qishloq xo‘jaligini yanada samarali rivojlantirish, tezkor va aniq, masofadan qatʼiy nazar suv resurslari, mineral va organik o‘g‘itlardan maqsadli foydalanishga qaratilgan.

Jamolbek Turdaliyev, Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti bo‘lim mudiri, biologiya fanlari falsafa doktori (RhD):

“Bugungi kunda respublikamizdagi sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarining sho‘rlanganlik darajasini aniqlash, ularning unumdorligini saqlash, qayta tiklash, oshirish, ularni sho‘rsizlantirishda qarshi zamonaviy yangi usullarni qo‘llash va sho‘rlanishga oid maʼlumotlarni tezkor qayta ishlash hamda boshqarish dolzarb vazifalardan hisoblanadi”.




Report Page