SHIVIRLASHDAN QICHQIRIQQACHA

SHIVIRLASHDAN QICHQIRIQQACHA

Namangan tuman ixtisoslashgan maktab

11-01A sinf o'quvchisi Narzullayeva Zarnigor  


Shoirning sheʼrlariga oʻzgacha taʼrifdir bu. Oʻta nozik hissiyotlar shivirlab, gʻoyat kuchli ehtiroslar esa baqiriq, qichqiriq boʻlib chiqadi yurakdan. Muhabbatning ming turli jilolariyu, zamonaning murakkab masalalari, hazil-mutoyibaning nozikkina tuyumlarini his qilamiz uning sheʼrlarida. Muqimiy hazratlari taʼriflagan Fargʻonaning soʻlim goʻshalaridan birida dunyoga kelgan Erkin taqdir taqozosi bilan bosh kentimiz-Toshkentga kelib qoladi.Togʻasining oilasi bagʻrida mehrga toʻla hayot kechiradi.  Kasbi yurist boʻlsada, adabiyotga qiziqqan togʻasinikida ijodga havasmand oddiy xizmatchidan tortib Chustiy domlagacha boʻlgan mashhur kishilar davrasida adabiy suhbatlarni tinglab, Hofiz, Navoiy, Bedil, Fuzuliy baytlarining nozik jilolarini tuydi. Toshkent davlat universiteti dargohida olingan tahsil shoirga juda kata ijodiy va hayotiy poydevor boʻldi. 

       Oliy taʼlimdan soʻnggi turli gazeta va jurnallar, ayniqsa, “Yoshlik” oynomasidagi faoliyat ijodkorning xalq va jamiyat oldidagi oʻz burchini ado etishida bir imkoniyat boʻldi.

        Oʻn toʻrt yosh uning ilk sheʼrini dunyoga keltirdi. Dastlabki sheʼriy toʻplamining nomi ham bejiz “Tong nafasi” deb atalmadi. Uning ortidan xalqimizga manzur boʻlgan qirqqa yaqin toʻplamlari, ikki saylanma, sahna asarlari, nasriy bitiklar dunyo yuzini koʻrdi.

        Erkin Vohidovning A.Blok, A.Tvardovskiy, Shiller, Gyote, Rasul Hamzatov, S.Yesenindan tarjimalari ularning oʻz ona tilidagi kabi joziba, badiiyat kasb etdiki, goʻyo bu shoirlar oʻzbekcha ijod qilganday.

                                             Do svidaniya, drug moy, do svidanya.

                                                 Milыy moy, tы u menya v grudi.

 

                                                  Xayr endi, xayr doʼstginam,

                                                Bagʻrimdasan, koʻngil malhami.

 

       Qarang, qanchalar bir-biriga mos topilmalar. Ular shaksiz buyuk isteʼdodning namoyishidir. Erkin Vohidov sheʼrlarining bir qator tillarga tarjima qilinishi nafaqat shoirning, balki butun oʻzbek adabiyotining yutugʻi boʻldi.

       Sevgi taronalari, jamiyat muammolari, insoniyat taqdiriga dahldor masalalarda “Sobitu sayyora”da buyuk boʻlgan Insonning mustahkam pozitsiyasi kishini oʻyga toldirishi muqarrar. Bundan 50 yillarcha avval aytilgan fikrlar hozirgi globallashuv jarayonida ham oʻta muhim. Balki, shu muhim fikrlarga vaqtida eʼtibor berilmagani uchun ham hozirgi muammolar yanada kattaroq xavf bilan bosh koʻtarayotgandir.

      Menga shoirning “Nido” dostoni, Nazrul Islom fojiasini aks ettirgan “Ruhlar isyoni”, afandinamo xalqimizning asl qiyofasini belgilab bergan “Donishqishloq latifalari” asarlari juda yoqadi. “Nido” dostonini oʻqirkanman, murgʻak qalb qaʼridan otilib chiqqan faryod mening ham tomir-tomirlarimni zirqiratib yuborgandi. Ota diydori bir umrlik armonga aylangan million qalblarning iztirobini tuygandim . Urushning yovuz vahshatini his qilganday, oʻsha ogʻir qadamlar tovushini eshitganday, oʻzimni otaning bagʻriga otganday his qilganman. Doston soʻngidagi chaqiriq-XX asr nidosiga dunyodagi barcha xalqlar quloq solishlarini, yangi urush olovlari ochilmasligini xohlardim.

     Mazlum xalqining tarafdori boʻlgan buyuk shoirning oʻzi sevgan xalq tomonidan badnom etilishini qanday iztirob bilan oʻqiganimni oʻzim bilaman. Jaholatni bartaraf etolmagan, oʻttiz yoshida ruhan mahv etilgan Nazrul Islomning uvol boʻlgan hayoti, isteʼdodi insonni oʻylashga undaydi. Bunday qismatga yuz tutgan yana qancha Nazrul Islomlar boʻlgan bu dunyoda. Bu esa achinarli.

    Matmusaning sodda, samimiy, afandi xarakterichi? Millatimizga xos bu jihatlar kishiga ajib tuygʻularni tortiq etadi. Qodiriy taʼrifini keltirgan, kalishini yechib poyezdga chiqqan xalqimizning quyma obrazi nabiralariga oʻxshaydi goʻyo. Shoirning turfa qahramonlari, turfa holatlar paydo qilgan tuygʻular A.Tvardovskiy aytganidek “Shivirlashdan chaqiriqqacha” zalvarli yangraydi, kishini quvontiradi, oʻyga toldiradi, oʻrni bilan kuldiradi.

     Men shoir Erkin Vohidovdan koʻplar qatori minnatdorman. Menimcha, u                                                                                                                                                                Alloh bergan hayotni munosib yashab oʻtdi. Oʻzining muqaddas burchini aʼlo darajada bajardi. Shoir arshi aʼloda biz avlodlardan mamnun qarab turgan boʻlsalar ajab emas. Boshda doʻppisi, oʻzi viqor ila gʻoz yuradigan oʻzbekning, Oʻzbekistonning taʼrif-tavsifini har qanday ijodkor qilsa Erkin Vohidovchalik taʼriflar, aslo ortiq boʻlmas.


Report Page