SHIFOKOR QABULIGA QANDAY TAYYORGARLIK KO‘RISH KERAK?

SHIFOKOR QABULIGA QANDAY TAYYORGARLIK KO‘RISH KERAK?

@ginekologim


 

AVVALO...

 

Odatda farzandsizlik muammosi bilan kelgan pasientlarning birinchi qabuli 30−40 daqiqa davom etadi. Albatta bu vaqt kasallik holatiga qarab o‘zgarishi mumkin (kelgusi qabullar vaqti bundan kam bo‘lishi aniq, chunki asosiy ma'lumot, kasallik tarixi mavjud bo‘ladi). Shuning uchun qabul vaqtini oldindan qo‘ng‘iroq qilib belgilatib olish lozim. Belgilangan vaqtdan biroz kechikib ketsa, hovliqmang, chunki qabulda sizga o‘xshash pasient bor. Siz ham kirganingizdan keyin sizni shoshiltirmasliklarini istasangiz biroz sabrli bo‘ling.

Birinchi bor kelishda shifokor qabuliga albatta er−xotin birga kelgan ma'qul va albatta pasportingiz (yoki nusxasini) va nikoh guvohnomangizni olishingizni unutmang. Axir oilaviy juftlikni davolashdan avval, shifokor sizlarning qonuniy er−xotin ekaningizni bilishi kerak. Pasportingiz esa ro‘yhatga olish va tibbiy karta ochish uchun lozim.

Undan tashqari shu paytgacha topshirgan tahlillaringiz, davolanganingiz haqida ma'lumotlar va tibbiy ko‘rik xulosalari bo‘lsa ularni ham olib kelishni unutmang.

Beradigan savolaringizni bir kun oldin qog‘ozga yozib tayyorlab olsangiz adashib ketmaysiz va unutib qo‘ymaysiz.

Shifokor−reproduktolog huzuriga kelgan deyarli har juftlik quyidagi umumuiy 4 ta savolni beradi:

- bizning holatimzda qaysi davolash usuli eng samarali?

- mdavolash muddati qancha davom etadi?

- barcha tahlillar, dorilar va muolaja xarajatlari qanchaga tushadi?

- agar bu usul samara bermasa nima qilamiz?

Haqiqat shuki, ayrim holatlarda bu savollarga shifokor pasientlar bilan hatto oylab shug‘ullangandan keyin, tekshiruv, tahlillar, hamda preparatlar bilan davolash o‘tkazgandan keyin ham aniq javob berolmasligi mumkin. Bu bir jihatdan bevosita shifokorning malakasiga ham bog‘liq emas. Chukni bepushtlikning sabablari turlicha va har bir organizm o‘ziga xosdir. Zero kelgan pasientlarning bir qismi shu kungacha boshqa ko‘p joylarda ham davolangan bo‘lishadi.

 

 

ILK QADAM

Shifokor−mutaxassisning birinchi qabuldagi vazifasi pasientning yig‘ilib qolgan barcha savollariga oydinlik kiritishdir. Biroq bu birinchi suhbatdayoq hal bo‘ladi deb o‘ylamaslik kerak. Chunki katta ehtimol, sizning hozirgacha mavjud tahlillaringiz tashxis qo‘yish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shifokor qo‘shimcha tahlil o‘tkazishga yuborishi, UTT tekshiruvi qilishi, hayz siklining ma'lum kuni kelib yana bir tekshiruv o‘tkazishni tayinlashi mumkin. Yoki qo‘shimcha mutaxassisga (urolog, androlog, endokrinolog, genetik, immunolog, ginekolog−jarroh va h.k.) ham jo‘natishi mumkin. Davolash muolajalari boshlangunga qadar ma'lum vaqt va qo‘shimcha ko‘riklar kerak bo‘lishini hisobga oling. Davolanish mobaynida rejalar o‘zgarishi mumkinligini, har bir organizm o‘ziga xos ekani sababli oldindan hamma narsani aniq aytish qiyinligini inobatga olishingiz lozim.

Shuning uchun ilk qabuldagi suhbat bu ilk qadam sanaladi. Shifokor malakasi, dori−darmonlar, tibbiy yordamchi texnologiya muvaffaqiyatning 50 foizini tashkil qiladi. Qolgan 50 foizi oilaviy juftlikning kayfiyati, umidi, ruhiy tayyorgarligi va shifokorga bo‘lgan ishonchiga bog‘liq. Agar pasient hadeb ikkilansa, shifokorga shubha bilan qarasa, ishonchsizlik ruhi hokim bo‘lsa organizm imkoniyatlari katta, tahlil natijalari yaxshi bo‘lsa ham natija salbiy bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun oilviy juftlik maqsadlari yo‘lida shifokor bilan hamkorlikda va ishonch bilan harakat qilishlari lozim bo‘ladi.

 


OILANING BIRGALIKDA QARORI

 

Farzandli bo‘lish masalasida er va xotin birgalikda qaror berishlari kerak. Agar faqat birlari qaror bersa−yu, juftlari faqat aytilganlarni qilib borib, ijobiy natijaga intilmasa, bu muvffaqiyatlilik ehtimoli pasayib ketishiga olib keladi. Shuning uchun yordamchi reproduktiv texnologiyalarni qo‘llash borasida er−xotin bafurja masalahatlashib olishlari, barcha ijobiy va salbiy holatlarni tarozuga solib tortib ko‘rishlari va birgalikda qaror berishlari kerak bo‘ladi. O‘zbek xonadonlarida ko‘pincha bu ishga ota−ona va qaynota va qaynonalar ham aralashadi. Mayli ularing ham maslahatini olish mumkin, lekin qaror berishni va javobgarlikni faqat er−xotin O‘ZLARI (ota−ona yoki qaynona−qaynota emas) zimmalariga olishlari kerak bo‘ladi.


 

E'TIBOR BERILADIGAN JIHATLAR

Shifokorning savollariga aniq va rost javob bering. Qachon va qanday kasalliklarni boshdan kechirganingiz va qanday davolanganingiz, qanday dorilarni qancha muddat qabul qilganingiz haqida aniq ma'lumotlar bering.

Agar shifokor tibbiy atamlarnin ishlatayotgan va siz uni tushunmayotgan bo‘lsangiz, oddiy tilda tushuntirib berishni so‘rashdan uyalmang.

Laboratoriya tahlillari nimaga kerakligini so‘rang. Ba'zilari tashxisni aniqlash, ba'zilari boshqa kasalliklar bilan differensial tashxis uchun kerak bo‘ladi. Shifokor javobiga qarab uning rostgo‘yligi va bilimi haqida baho berishingiz mumkin.

Agar shifokor siznig savolingizga: “Bilmayman”,- deb javob bersa hayron bo‘lmang. Bu to‘g‘riso‘z insonning javobi. Dunyoda hech kim hamma narsani bilmaydi. Xato va ziyon keltiradigan javob bergandan ko‘ra o‘zini bilmasligini tan olish yaxshi. Hattoki eng yaxshi shifokor ham hamma savolga javobni bilmasligi mumkin, lekin butun umr o‘qib, o‘z ustida ishlaydi.

Agar sizga EKU usulida 100% yoki 90% natija bo‘ladi desa, bilingki bu shifokor sizni aldayapti. Eng rivojlangan mamlakatlardagi statistikaga ko‘ra ham EKU amaliyotining birinchi urinishda natija berish ehtimoli 30−35% ni tashkil qiladi. Albatta yosh va boshqa omillarga ko‘ra bog‘liq ravishda har bir juftlik uchun bu ko‘rsatkich 10% dan 65% gacha turlicha bo‘ladi. Ammo hech qachon 100 foiz bo‘lmaydi.

 

 

YANA QUYIDAGILARNI UNUTMANG

 

Davolovchi shifokor bitta bo‘lishi kerak. Qolganlar yordamchi yoki maslahatchi bo‘lishi mumkin. Ular faqat tavsiya beradi. Lekin bu tavsiyalarga amal qilish−qilmaslik haqida davolovchi shifokor qaror beradi. Kim qanday tavsiya bersa uni bajarishga shoshilmang, davolovchi shifokor bilan maslahatlashing. Chunki u sizni keng qamrovli shaklda tekshirib sizning individual holatingiz bilan tanishgan, kasallik tarixingizni to‘liq biladi. Boshqalar foydalidek ko‘ringan tavsiya bersa ham, sizning organizmingizga xos bo‘lgan ayrim tomonlarni yoki biror boshqa omillarni hisobga olmagan bo‘lishi mumkin. 

Hech qanday apparat, tahlil yoki tekshiruv sizga tashxis qo‘yib bermaydi. Bularni ko‘rib chiqib batafsil ma'lumot to‘plagandan va ularni sizning individual holatingizga qarab baholagandan keyinigina davolovchi shifokor yakuniy tashxisni qo‘ya oladi.

Shifokoringiz bilan do‘stona va samimiy bo‘ling, shunda o‘rtadagi oshkoralik, kasalligingiz haqida batafsil ma'lumot to‘plashga yordam beradi.

Spirtli ichimliklar ichish, sigaret, nos chekish, giyohvand moddalar, psixotrop dorilar, turli biologik faol qo‘shimchalar (BAD) iste'mol qilish−qilmasligingiz haqida to‘g‘risini ayting. Zero mazkur omillar barcha davolash choralarini yo‘qqa chiqarishi mumkin.

Qanday davolash usullari borligini batafsil so‘rang, balki sizning iqtisodiy ahvolingizga bog‘liq ekanini bilgani uchun shifokor uni sizga tavsiya qilmayotgan bo‘lishi mumkin.

Nimalardan qo‘rqishingiz va xavotirlanishingizni ochiq aytishdan uyalmang. Shunda shifokorning sizga dalda berishi ham oson bo‘ladi. 

Shifokordan tashrif qog‘ozini (vizitkasini) yoki mobil telefon raqamini olishni unutmang. Shuni ham e'tiborga olingki, aksariyat shifokorlarning pasientlar murojaati uchun alohida raqamlari bo‘ladi. Agar shunday bo‘lsa, siz ana shu raqamdan foydalaning. Uning shaxsiy muloqotlari uchun ishlatadigan raqamiga qo‘ng‘iroq qilmang.

 

SHIFOKOR-MUTAXASSIS TAVSIYALARI

 


Homilador bo‘lish va uni saqlab qolib keyin sog‘lom tug‘ib olish albatta oson ish emas. Ammo ma'lum qoidalarga amal qilib, reja asosida olib borilsa hammasi yengil kechishi mumkin. Reproduktolog shifokorlar quyidagilarni maslahat beradilar:

homilador bo‘lishni rejalashtirilgan vaqtdan olti oy avvaldan sog‘lom turmush tarziga ko‘ra ovqatlaniish;

vitamin va minerallarga boy ozuqalar iste'mol qilish;

chekish va spirtli ichimlik ichishdan butunlay voz kechish;

ovulyasiya davrida anal'getiklar qo‘llanmaslik;

tana vaznini me'yorga keltirish;

turli biologik faol qo‘ishmchalar (BAD) iste'mol qilmaslik;

ginekolog tekshiruvidan o‘tish;

sauna va issiq hammomlar sperma sifati va harakatchanligiga salbiy ta'sir ko‘rsatiishini hisobga olib, imkon qadar ulardan uzoq bo‘lish.

E,C va D vitaminlarga, selen va rux moddalariga boy ozuqalar esa sperma sifatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishini inobatga olinsa, shunday ozuqalar iste'mol qilish;

stress, depressiya, asabiylashish, jizzaki bo‘lish kabi salbiy ruhiy holatlardan saqlanish va xush hamda mamnunlik kayfiyatida bo‘lishga harakat qilish.

 

ISH VAQTIDAN TASHQARIDA SHIFOKOR BILAN MULOQOT

O‘ta zarur va favqulodda holatlarda 🤦‍♀️albatta davolovchi shifokoringiz bilan to‘g‘ridan−to‘g‘ri telefon yoki boshqa tarmoqlar orqali jonli o‘laroq bog‘lanib maslahat so‘rang. Bunga haqqingiz bor va inson salomatligi har narsadan ustun, alabatta. Bunday holatlarga, masalan, turli shakldagi qattiq og‘riqlar, badandagi kutilmagan noqulaylik, me'yorda bo‘lmagan qon yoki ajrlama kelishi, gormonal dorini vaqtida qabul qilishni unutish kabi holatlarni aytish mumkin. Yoki shifokorning o‘zi aytishni tayinlagan holatlar bo‘lsa.

Ammo masala u qadar muhim bo‘lmasa, ijtimoiy tarmoqlar (telegram, sms, elektron-pochta...) orqali savolingizni yozib qoldirib javobini kuting. Shifokor albatta vaqt topib sizga javob yo‘llaydi. Javobni olishga hovliqmang. Chunki uni ham o‘ziga yarasha ishlari va mashg‘ulotlari bo‘lishi mumkin.

Agar tahlil natijasini ko‘rib berish zarur bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali sifatli shaklda suratga olib📷 jo‘nating va javobini kuting. Shifokor uyida ham bo‘sh vaqt topib sizni savolingizga javob beradi. Ammo siz uni shoshirmang. U qanchalik xotirjam bo‘lganda javob bersa kamroq xato qiladi. Uy ishlari bilan band bo‘lganda, mehmonda, ma'rakada, ko‘chada yoki bozorda bo‘lganda siz undan javob berishni so‘ramang.

Agar ish vaqtidan tashqarida 📞qo‘ng‘iroq qilganingizda javob bermasa, yoki keyin qaytib sizga qo‘ng‘iroq qilishni unutsa, to‘g‘ri tushuning🙋. Uning ham siz kabi inson ekani, fiziologik, oilaviy👪, ruhiy ehtiyojlari📘🎧🕌 borligi va o‘ziga yarasha tashvishlari bo‘lishini unutmang.

Salomat bo‘ling...🌺

  

Ginekolog Nilufar KABILOVA tayyorladi

 KANAL MUNDARIJASI

Kanalga ulaning:👇

https://t.me/joinchat/AAAAAFBvdBiwu4MpzsQ1zQ

Report Page