SHE'RDAN YAXSHI NIMANG BOR?!

SHE'RDAN YAXSHI NIMANG BOR?!



Qachon yaxshi she'r dunyoga keladi? Shoir qaysi holatda go'zal she'rlar yozadi? Qaysi asaringiz sizni ommaga olib chiqadi, buni bilmaysiz. Yomon she'r yo'q dunyoda, yomon odam ham. Endi qo'liga qalam olib, onasining mehribonligi haqida yozayotgan bolakaydan yaxshi ijodkor yo'q aslida. Uning hamma aytgani samimiy, hamma ko'rgani rost. So'zlarga ortiqcha zeb bermaydi, so'z o'yini qilib tashbehshunoslik bilan shug'ullanmaydi, yuragini shundoq olib qo'lingizga tutadi. "Onajon sizni yaxshi ko'raman" deya.

Endi aytingchi, kim yaxshi shoir? Albatta bolaligini o'zida olib qolgan shoir eng yaxshisi. Kecha bir shoir akam bilan suhbat qurdik. Osmon haqida, gullar, ko'klam haqida. Yoshi bir yerga borib qolgan o'rta yosh yigitlarning bunaqa suhbatlari ensangizni qotirishi mumkin, ammo suhbat uchun tabiatdan go'zalroq misol ko'rmayman. Osmonga to'yib-to'yib termulib biror adirdan o‘mbaloq oshish haqidagi telba-teskari xayollar ham surdik. Telba-teskari desam, noto'g'ri bo'lar, bolalarcha xayollar edi u. Yoshlikni xotirlab, uzum yo'limizni anchayin yaqinlashtirdik.

Qishloqda o'sgan odamlarning xotiralari ham tanish tuyg'ulari ham o'xshash bo'ladi. Hamma ari uyasini qo'zg'agan, adirda mol boqqan, dehqon poliziga o'g'irlikka tushgan, xullas, qishloq bolalarining aksariyatining sho'xshliklari o'xshash bo'ladi. Suhbat uchun esa bolalikdan go'zalroq mavzu yo'q. Kun bir mahalga yetganda uy-uyga ketish oldidan qo'limga bir kitob tutqazdi. Qarasam, akaning o'zining kitobi ekan. Shoirda, yangi kitobini chiqqanini aytishni ham unutib bolalikning olis xotiralarida g'arq bo'lib ketibdi. O'zim ham suhbat haqida shuncha gapirib shoirni tanishtirmabman. Ravshan Haqmurod. Inson shoir. She'ri o'zidan samimiy, o'zi she'riday samimiy akam. Ravshan Haqmurod bilan bundan 4 yillar muqaddam tanishganman. Toshkentga endi kelib o'zimni axtarib yurgan kezlarim to'g'ri yo'l ko'rsatgan akalarimdan biri. Yaxshi she'rning xaridori, hayotini adabiyotga bag'ishlayotgan inson, yosh shoirlarning valiysi. O'ziga aytgan maqtovlarimni shu yerda yakunlab, so'ziga aytajaklarimni boshlasam.

“Shamol - daydi sozanda,

Ohang sochib o'tmoqda.

Uxlay desam, azonda

She'r xumori tutmoqda”.

Shoirlar tunning odamlari eng go'zal she'rlar ham tunda yoziladi. Oqshom, hamma yoq jim-jit, gullarning shitiri, daryoning oqimi, shamolning esishi hammasi bir bo'lib go'zal qo'shiq boshlashadi. Tabiatning bu hodisalariga esa ko'p hollarda ijodkorlar guvoh bo'ladi. Shoirimiz ham tunni she'r ishqida bedor o'tkazib tabiatning kuylayotgan qo'shiqlariga guvoh bo'lib qolgan. Ko'zlariga tiqilib turgan uyquni esa she'rning xumori olib qo'yyapti. Tabiatning bu hodisalarini anglab qolgan shoir uchun bitta she'r yozmasdan uyquga ketish o'ziga xiyonatday go'yo, lahzani ayni dam ushlamasa, uyg'ongach bu tuyg'ulardan asar ham qolmaydi. Shoirimiz esa hammasini anglagan odam sekingina pichirlamoqda:"Uxlay desam azonda, she'r xumori tutmoqda". Shu she'rning yakuni juda ajoyib xotima topgan. Bu dunyoning soxta go'zalliklardan, shaharning g'ala-g'ovuridan charchagan kezlarim doim takrorlab yuraman.

ׅ“Mudrayman erta tongda,

Hech biri bosmas xumor.

Tangrim, ushbu dunyongda

She'rdan yaxshi nimang bor?!”

Rosti, bu dunyodan she'rdan go'zalroq hodisa yo'q go'yo. Balki, shoir bo'lganimiz uchundir, negadir she'rdanda go'zalroq huzur topavermaymiz. Aslida o'sha go'zallikni izlab bu dunyodan o'tib bormoqdamiz. Dunyodan axtarganlar ham, dunyoni axtarganlar ham hech nima topolmaydi. Haq va haqiqat yo'lida safar qilayotgan yo'lovchilar bu shoirlardir. Mahbubini axtarish yo'lida chekkan oh-u zorlari she'rga aylanib qoladi. Ijod esa odamga huzur bag'ishlaydi, o'sha paytlar ijodkor uchun she'rdan yaxshiroq, huzurliroq narsa bo'lmaydi bu dunyoda.

Shoir "O'tinch" she'rida shunday deydi:

“Gardunning ishvasi boʻlganda abas,

Qalbimga iymondan sochib qo'y urug'.

Cho'ntaklarim bo'm-bo'sh, uyga qaytaman,

Tangrim, huzuringga bormayin quruq!”

Go'zal she'r-a? Haqqa chin oshiq odamning o'tinchi bu. Bu dunyoning qancha eshiklariga quruq qo'lda bormadik. Ba'zida oilamizga ham to'rtta non olib borishga qurbimiz kelmay qoladi. Xudo yolg'izlatib qo'ymaydi, doim bir yechimi bo'lgan bu dunyoning ishlarining. Ammo Yolg'izning yoniga borganimizda quruq qo'l bilan turish judayam og'irdir. Yaxshi amallar, yaxshiliklar bilan yorug' yuzda yuzlashishga nima yetsin deysiz. Bu dunyoning o'tkinchi ekanini anglagan shoirimiz esa shu tuyg'ularni she'rga soladi:

“Cho'ntaklarim bo'm-bo'sh, uyga qaytaman,

Tangrim, huzuringga bormayin quruq!”

Shoirning kitobga jamlangan ko'ngil bitiklarini birini o'rniga boshqasini qo'yib bo'lmaydi hammasi go'zal yozilgan. Kitobni o'qir ekansiz, o'z so'zida mardona turgan odamni ko'rasiz. Yolg'ondan, hayotning mayda chuyda ishlariga parvo qilmay boshini mardona tutib ketayotgan shoirni ko'rasiz. Ravshan Haqmurodning "Hadik" nomli kitobini o'qishni barcha ijodkorlarga tavsiya etaman.

So'zimni shoirning yana bir ajoyib she'ri bilan yakunlayman.

***

Nafrat eski, muhabbat eski,

Dard eskidir, tabobat eski.

Borliq menga tobe emaski,

Xudolikka daʼvo aylasam.

Nay eskidir, navo ham eski,

May eskidir, mavo ham eski.

Har ishq degan roviy emaski,

Tariqatin bajo aylasam.

Din eskidir, diyonat eski,

Vafo eski, xiyonat eski.

Qarshimdagi Usmon emaski,

Oʻzni tiyib hayo aylasam.

Vazn eski, turoq ham eski,

Koʻksimdagi firoq ham eski.

Bu gaplarim yangilikmas-ku,

Shoirlikka daʼvo aylasam. 

Report Page