Kuz.

Kuz.

Muni


Biz tun oʻrtasidamiz va yashash uchun hali koʻp vaqtimiz bor.
(T. Swift)

Sofiya

Hayotda shunday paytlar boʻladiki, koʻz oldingda turgan haqiqatni, shu onning oʻzidayoq anglab yetasan. Ayni dam men anglab yetgan yagona haqiqatim esa bitta: bu yigitni koʻrgani koʻzim yoʻq.

Tabiiyki, kim haqida gapirayotganim va bu qarorga kelishimga nima sabab boʻlganiga umuman tushunmayotgandirsiz?

Mayli, bu voqea haqida biroz keyinroq. Yaxshisi, keling, hammasini bir boshidan boshlasam...


Bugun oʻqishning ilk kuni boʻlgani sabab, barcha oʻquvchilar koʻzlarida bir olam shijoat bilan birinchi qoʻngʻiroq tadbiriga yigʻilgan. Maktab maʼmuriyati oʻz odatlariga binoan avvaliga maktabga ilk bora tashrif buyurayotgan birinchi sinf bolakayalarini bir chekkadan tabriklab, soʻngra biz bitiruvchilarga va qolgan barcha sinf oʻquvchilariga yangi oʻquv yilida omadlar tiladi. Taklif qilingan mehmonlar ham qisqa nutq soʻzlagach, vanihoyat qoʻngʻiroq chalinib, hamma oʻz sinfiga yoʻl oldi.

Biz bu yil maktabning yuqori oʻn birinchi sinfi sifatida, rasman bitiruvchilar maqomini egallagan edik. Xonamizga kirishimiz bilan, sinf rahbarimiz – Zulhumor Maqsudovna ortimizdan kirib keldi. U avvaliga joyimizni egallab olishimzni kutib, soʻngra oʻz oʻquvchilari bilan salomlashib olgach, hammani yangi oʻquv yili bilan tabrikladi.

Bizning maktabimiz, shahardagi eng nusfuzli xususiy maktablardan biri boʻlib, bu yerda farzandlari taʼlim olishini taʼminlash uchun oddiy odamlarning qurbi yetmas, yillik toʻlovning oʻzi oʻttiz-qirq millon soʻm atrofida boʻlardi. Bepul davlat maktablari turganda, bunday miqdorda toʻlov qilish, tabiiyki, hammaning ham choʻntagiga qulay emasdi, albatta. Shuning uchun ham taʼlim sifati yuqori, har bir sinfda yigirmatadan ortiq oʻquvchi boʻlmasdi. Oʻqish qimmat hisoblanishiga qaramay, maktabimiz shunga yarasha qulayliklari va afzalliklarga toʻla edi. Bu yerda kunduzgi darslar davlat tomonidan belgilangan dasturda, ammo, oʻquvchilarning oʻzi oʻrganishni istagan fanlarigina oʻrgatilardi. Kunning ikkinchi yarmini esa har kimning qiziqishiga koʻra qoʻshimcha darslar, sport toʻgaraklari va til oʻrganish kurslari band qilgan boʻlib, qisqacha qilib aytganda bu maktab bitiruvchilari uchun nafaqat oʻz davlatida, balki jahon nufuzli universitetlariga ham keng yoʻl ochilardi. Bizga dars beruvchi oʻqituvchilar ham shunga yarasha ilmi va ancha zehnli insonlar boʻlib, ulardan biri hozir kuyunib nutq soʻzlayotgan bizning sinf rahbarimiz edi.

Nihoyat, oʻqituvchimiz bu yilgi vazifalar va oʻqishdagi erishishimiz lozim boʻlgan yutuqlar haqida gapirib boʻldi. Soʻngra, nutqining oxirida sonimiz yana bittaga oshgani va sinfimizga yangi oʻquvchi tashrif buyurganini qoʻshimcha qilib, tashqariga chiqdi va eshik ortidan kimnidir chaqirdi.

Shu payt, men ham beixtiyor oʻsha tomonga qaradim. Aslida, butun maktabdagi qizlar ogʻiz toʻldirib maqtashmaganida, yangi oʻquv yilining ilk kunidanoq maktabimizga kelgan bu oʻquvchiga boshqa yangilar kabi jiddiy eʼtibor qilmagan boʻlardim. Ammo, bu safar yangi sinfdoshimiz haqidagi mish-mishlar mening ham qiziqishimni oshirdi. Chunki, aytishlariga qaraganda bu yigitcha juda aqlli va oʻz maktabining koʻzga koʻringan oʻquvchilaridan boʻlgan. Undan tashqari, shahar fan olimiadalarida nufuzli oʻrinlarni egallagan. Qisqa qilib aytganda, bunday oʻquvchi bizning maktabimizga oʻqishga qaror qilganidan barcha maktab maʼmuriyati xursand. Tabiiyki, bularni eshitib, hammasi chinmi, yoki shunchaki, odamlar toʻqib chiqargan safsatami, bilishga qiziqdim. Negaki, agar bu maqtovlar rost boʻlsa, yangi raqobatdoshimni yaxshiroq bilib olishimga toʻgʻri kelardi.

Eshik ochilib, oʻqituvchimiz ortidan kutilgan yigit kirib keldi. U paydo boʻlishi bilan eʼtiborni tortadigan ilk narsasi – baland boʻyi edi. Shiftga tekkudek juda baland emas, ammo, qarshingda turganida borligi sezilmay qolmaydigan darajada edi.

Lahzamiz qahramoni doska oldiga yaqinlashib turib olar ekan, uni bir chekkadan koʻzdan kechirdim. Baland boʻyidan tashqari, oz-moz quyoshda toblangan oq terisi, goʻyo, u uchun muhim ahamiyat kasb etmaydigandek, peshonasini yarmigacha yopib turgan biroz betartib sochlari, oʻrtacha qalinlikdagi qoshlar va asosiysi toʻq qora rangli koʻzlari bu yigitning qiyofasini oʻzgacha sirli qilib koʻrsatardi. Ustida esa barcha oʻquvchilar kabi maktab tomonidan taqdim etiladigan, koʻkrak qismida belgi boʻrttirib tikilgan maxsus oq koʻylak va toʻq koʻk rangli shim boʻlib, qiziq tomoni ular eng katta oʻlcham, yaʼni oversayz uslubida tikilgan edi. Buning natijasida esa, uning tanasining chiziqlari umuman sezilmas, taxminimcha, bu yigit yoki semizligidan, yoki juda ozgʻinligidan shu uslubda yashirinayotgandek tuyulardi. Kiyinish uslubi sababmi, uning koʻrinishidan negadir panda hayvoni esimga keldi. Rosti, bu tarif unga ancha mos keladi.

Bu yigit turgan joyida butun sinf boʻylab koʻz yugurtirib chiqar ekan, uning goʻyo butun dunyoga befarqdek tikiladigan nigohi bir zum meniki bilan toʻqnashdi. Ammo, bu uzoqqa choʻzilmay, kuzatuvini davom ettirdi va oʻrganish jarayonini bir zumda tugatib, yana beparvoligicha turaverdi.

– Hurmatli oʻquvchilar, tanishing, yangi sinfdoshingiz - Farhod Shokirov. U bugundan boshlab sizlar bilan birga oʻqiydi. Farhod haqida avvalgi maktabidagi oʻqituvchilar tomonidan juda yaxshi taʼriflar eshitdik, u eng bilimdon oʻquvchilardan biri boʻlib, matematika fanidan koʻp bora respublika tanlovlarida yuqori oʻrinlarni olgan. Xulqi ham oʻrnak olarli darajada, umid qilamanki, sizlar ham u bilan tezda doʻstlashib, maktabimizga koʻnikib ketishiga yordam berasizlar.

Rahbarimiz bu yigitni tilidan bol tomib maqtashi gʻashimga tegdi. Goʻyo, u sinfimizga qandaydir avliyoni boshlab kelgandek, oʻz faxrini yashirmadi. Ammo, men bunday vaziyatlarda boshqalar kabi jim oʻtira olmasdim. Nafaqat oʻqituvchimizga, balki, bu pandaga ham yangi tashrif buyurganlar ilk kunlardagina shunday eʼtiborga tushishini va biroz vaqt oʻtib hech kim ularga eʼtibor qilmay qoʻyishini eslatib qoʻyishni lozim topdim. Birinchi kundan bu yerning oʻz egasi va oʻz qoidasini bilib qoʻyish yigitchaga zarar qilmaydi.

– Nima demoqchisan Sofiya? – qoʻl koʻtarganimni koʻrib, menga yuzlandi rahbarim.

– Agar shunchalik ideal oʻquvchi boʻlsang, – oʻqituvchimga emas, toʻgʻridan toʻgʻri Farhodga yuzlanib gap boshladim, – nega seni haligacha noyob eksponat sifatida muzeyga olib ketishmadi?

Savolimdan uning qoʻshlari sezilmas chimirilib, boʻyni qanday qimirlab qoʻyganini koʻrdim.

– Sofi, - yumshoq ohangda ogohlantirish berdi Maqsudovna. Sinfdagilardan baʼzilar esa piqillab kulib qoʻydi. Biroq, shu payt Farhodning oʻzi tilga kirdi:

– Men ham sirkdagilar haligacha seni olib ketmaganiga hayron boʻla boshladim. Aftidan, keraksiz paytda tomosha qoʻyib, odamlarni kuldirishga usta koʻrinasan.

U bu soʻzlarni shunchalik hotirjam va sokin ohangda gapirdiki, goʻyo hammasiga avvaldan tayyorlanib kelgandek. Sinfda esa bu safar yanada balandroq kulgi koʻtarildi.

Jin ursin!

Bu olifta kelganiga bir necha daqiqa boʻlmasdan butun sinf oldida meni izza qilishga ulgurdi. Jahl bilan tezda kulgi balandroq kelgan tomonga oʻgirildim. Avzoyimni koʻrgan sinfdoshlarim tezda tilini tishladi va ovozlar bir zumda tindi. Vaziyat chigallasha boshlaganini koʻrgan sinf rahbarimiz esa Farhodga oʻz joyini egallashini buyurib, hammani diqqatini oʻziga qaratishga urindi.

Men hamon shokda edim. Qaysidir kelgindi meni oʻz maktabim va sinfdoshlarim oldida masxara qilishga haddi sigʻganini koʻtara olmayotgandim.

"Hali qarab tur, sendan shunday oʻchimni olmasammi?! Shu darajada joningdan toʻydirib yuboramanki, bu maktabni tanlaganingga oʻzing pushaymon boʻlasan! Koʻramiz, keyin qanday qilib aʼlochi boʻlishni eplay olarkinsan?" – oxirgi partalardan biriga borib joylashayotgan yigitga koʻz qirimni tashlab qoʻyar ekanman, oʻylardim ichimdan...

Shunday qilib, ilk oʻquv kuni ham qizgʻin ravishda boshlandi. Ilk darslar asosan oʻqituvchilarning bizga atalgan topshiriqlari, yil davomida qilishimiz kerak boʻlgan vazifalar va darsdan keyingi tayyorlanadigan toʻgaraklarni tanlash bilan oʻtardi. Yozgi taʼtil davomida bir-birini sogʻingan sinfdoshlarning gaplari tugamas, hamma oʻz sherigi bilan taasurotlari va yigʻilib qolgan yangiliklarini boʻlishardi. Shu jumladan, men ham sinfdagi eng yaqin dugonam - Farangiz bilan oʻz oʻrnimga oʻtirib olgancha, instagram sahifam uchun rasmga tushish bilan band edim. Albatta, har doim birinchi oʻrinda boʻlishga va eʼtibor markazida yurishga oʻrgangan men kabi qiz uchun bular odatiy hol. Chunki, esimni tanibmanki, doim eng oldinda boʻlishga koʻnikib qolganman. Maktabda, sinfda, koʻchada yoki boshqa joylarda - buning farqi yoʻq. Nima boʻlishidan qatʼiy nazar, gʻalaba toji doim kaminaning boshi uzra qoʻnishi lozim. Shuning uchun ham sinfdoshlarim, umuman maktabdagi katta sinf oʻquvchilari buni juda yaxshi bilishar va oldimga toʻsiq boʻlishga jurʼat etisha olmasdi. Hattoki, yigitlarning oʻzi ham men bilan doʻstlashish yoki tanish boʻlishni qandaydir faxrlanarli jihat deya sanashgani sabab, ularga tabassum qilgancha, qandaydir iltimos qilsam, soʻraganimni men uchun kiprik qoqmay bajarishardi. Qisqaroq qilib aytganda, Sofiya Aliyeva – ushbu maktab qirolichasi edi.

Albatta, bu darajaga yetishim oson boʻlmagan. Hatto hozir ham parallel sinfdagi raqobatdosh qiz obroʻyimga putur yetkazish uchun doim tish qayrab keladi. Bugun esa, ular yetmagandek, oʻz sinfimda yana qandaydir olifta paydo boʻlib, qarshimga chiqishga jurʼat etyapti. Lekin, afsuslar boʻlsinki, men bilan oʻynashish qanday boʻlishini hali bilmaydi.

– Agar kimnidir qarashlaring bilan yoqib yuborishni iloji boʻlganda, bu yigit allaqachon bir siqim kulga aylangan boʻlardi, – bir payt Farangiz yelkasi bilan egnimdan turtib qoʻyar ekan, kuldi.

– Bu kelgindi menga nima deganini eshitmadingmi?! Qanday haddi sigʻganiga aqlim yetmayapti!

– Qoʻysangchi, u bu yerda hech kimni tanimasa, kimga qanday muomala qilishni qayerdan biladi? Yana, hammasini oʻzing birinchi boshlading.

Garchi, aql bilan yondoshib koʻrganda, Farangiz rost gapirayotganiga qaramay, buni tan olgim kelmadi va dugonamga oʻqrayib qaradim:

– Sen oʻzi kim tarafdasan?!

– Albatta, sen tarafda. Ammo, oʻzingga yoʻq joydan muammo orttirayotganingni ham inkor eta olmayman

– Meni hammasini shundayligicha qoldiradi deb oʻylayotgan boʻlsa, adashadi. Bu yerning qonun-qoidalari bilan yangi sinfdoshimizni tanishtirib qoʻymasam boʻlmaydiganga oʻxshaydi.

– Bilasanmi, bu menga nimani eslatyapti? – birdan jonlandi bu qiz.

Men esa kutilmaganda uning kayfiyati oʻzgarishidan biroz hayron boʻlib, u tomonga qaradim:

– Nimani?

– Maktab haqida yoziladigan sevgi romanlarining boshlanishini!

Bu beʼmani gapni eshitishim bilan huddi hozir qusib yuboradigandek tilimni chiqarib qoʻydim. Aslida, dugonamning bunday gaplari men uchun yangilik emasdi. Chunki, Farangiz umuman menga oʻxshamas, biz — bir-birimizning butunlay teskarisi boʻlgan yaqin dugonalar edik. Qora sochlari yelkasiga tushadigan qilib qirqilgan, kamondek qosh koʻzlari ham toʻq qora, bugʻdoyrang yuzli bu qiz tabiatan yumshoq feʼlli va biroz xayolparastroq. Ammo, shunga qaramay bu qizda meni oʻziga tortadigan va yoqtirishimga majbur qiladigan nimadir bor edi.

– Senga necha marta uqtirganman, har xil beʼmani romantika ertaklarni oʻqishni bas qil. Undan koʻra, kerakli darsliklarga koʻproq eʼtibor qaratsang, fanlarni oʻzlashtirishda qiynalmaysan.

– Bunday hayot juda zerikarli, – qoʻl siltadi u.

– Unda haqiqiy yigit top, oʻshanda hadeb qogʻozdagi satrlarga oshiq boʻlishni bas qilarsan balki?

Farangiz bu safar ham taklifimni tezda rad etdi:

– Iloji yoʻq, chunki, oʻsha yigitni hayolimdagi ideallar bilan solishtiraverib, doim birorta kamchilik topaman va oqibatda ikkimizni ham bezor qilaman. Mening bunchalik baland standartlarim bilan oʻzimga mos idealimni topishimga koʻzim yetmaydi.

– Senga umuman tushunmayman, – bosh silkib qoʻygancha, oxiri taslim boʻldim.

Shundan soʻng, sinf rahbarimiz elektron programma orqali dars jadvalimiz bilan tanishib olishimiz va darslardan keyingi kerakli mashgʻulotlarga yozilishimizni taʼyinladi. Keyin esa, sinf sardoriga har yilgi anʼanaga binoan, kamina tayinlandi. Soʻngra, sinf roʻyxati boʻyicha kutubxonaga tushib, darsliklarimizni olishni buyurib, oʻzi chiqib ketdi. Alifbo tartibida tuzilgan roʻyxat boʻyicha ham ilk oʻrinda turganim bois, oʻzim kutubxonaga birinchi boʻlib tushdim. Bu yerda mendan tashqari, parallel ikki sinfdan kelgan yana ikkita yigit kitoblarini olishga navbatga turgandi. Ular meni koʻrgach, hech nima demasdan yoʻl boʻshatishdi. Bu ishlaridan mamnunligim sabab, sezilmay jilmayib qoʻyishni unutmadim. Kutubxonachimiz oʻndan oshiq hali varagʻi ochilmagan yangi kitoblarni oldimga qoʻyar ekan, ularni qoʻlimga olishga ulgurmasimdan ortimdagi yigitlardan birining ovozi yangradi:

– Sofiya, bular ancha ogʻir, kel yordamlashib yuboraman.

Avval ham bu yigitga maktabda koʻp bora koʻzim tushganiga qaramay, uning ismini eslay olmasdim. Toʻgʻrirogʻi, men uchun muhim ahamiyat kasb etmagan kimslarani eslab qolishni shart deb ham bilmayman. Lekin, hozir bunday yordamdan yuz oʻgirish niyyatim yoʻq edi.

– Mayli, agar istasang, – beparvolik bilan dedim.

Bu jumla ogʻzimdan chiqishi bilan, u oʻylab oʻtirmay ktioblarimni qoʻllariga oldi.

– Sharif, oʻzingni darsliklaringchi? – unga atab taxlab ulgurgan kitoblarga ishora qildi yosh kutubxonachi ayol.

– Shu yerda tura tursin, tezda qaytaman.

Sharif shunday deya qoʻllaridagi yukga qaramay, avval menga yoʻl boʻshatdi. Uni ortimdan ergashtirib borar ekanman, yoʻlakda men chin dildan yoqtirmaydigan va oʻzini kaminaga raqibatdosh darajasida koʻrishga urinadigan qiz – Zeboga duch keldim. U goʻyo butun maktabni sotib olgan kimsadek, gerdayib yurib kelar, yonida esa oʻzidan ham yoqimsiz boʻlgan yigiti Laziz ergashgandi. U menga koʻzi tushgach, zahrini sochmasdan oʻtib keta olmasligini bilganim sabab, ortimdagi allaqachon nomi esimdan koʻtarilgan yigitga sinfimga oʻzi boraverishini uqtirdim. U ham bosh tebratib qoʻygancha yoʻlida davom etar ekan, Zebo mening narsalarimni koʻtarib, yonidan oʻtib ketgan sinfdoshiga yeb qoʻygudek oʻqrayib qaradi. Soʻngra, tezda yuziga soxta jilmayish yugurtirib, men tarafga oʻgirildi.

– Nima, oʻz sinfingdagi yugurdaklar senga ishlamay qoʻydimi? – doimgidek gapni taʼnalardan boshladi u.

– Koʻrinishidan, sening sinfdoshlaring ham maktabda eng yaxshisi kim ekanligini bilishadi. Shu sabab, ular turganda, oʻzimnikilarni bezovta qilish nega kerak deb oʻyladim.

Hotirjam holda bergan bu javobimdan keyin Zeboning yuzi qanday oʻzgarganini koʻrib turish, menga haqiqiy rohat bagʻishlardi. Yonida yigiti esa, qizchasining ahvoliga eʼtibor ham qilmay, menga oʻynoqi koʻzlari bilan tikilar, shu turishida barmoqlarim bilan bu bezbetning koʻzlarini oʻyib olgim kelardi. Umuman, bu juftlik bir-biriga juda mos boʻlib, ikkisi ham qimmatli vaqtimni sarflashga arzimasdi. Shuning uchun ham, ular bilan ortiqcha pachakilashib oʻtirmay, yoʻlimda davom etdim.

Sinfga kirganimda, stolimda kitoblarimni qoʻygan boyagi yigit qaytib chiqar ekan, unga sezilmas jilmayish bilan minnatdorchilik bildirdim. U ogʻzi qulogʻiga yetgancha, yana ortiga ravona boʻldi. Ayni payt shu kichkinagina ishi uchun men uni eslab qolishim va oʻzimga doʻstdek koʻrishimga umid qilayotganini yuz ifodasidan sezgan boʻlsam ham, bunga eʼtibor qilmadim. Chunki, hatto nomini eslab qolishga erinadigan bu kabi odamlar bilan oʻralashib yurish niyyatim hech qachon boʻlmagan va boʻlmaydi ham.

Mendan soʻng boshqa oʻquvchilar ham birin ketin oʻz darsliklarini olib qayta boshladi. Deyarli hamma kitoblarini olib boʻlgach, navbat eng soʻnggi oʻquvchi – janob kelgindiga yetib keldi. U sinfdan chiqib ketar ekan, shu on miyyamga kelgan ajoyib rejamdan quvonib, uni amalga oshirishga urindim:

– Hoy suvingni berib tur, – yon tomondagi qizga oʻgirildim. U allaqachon yarimlab qolgan suv idishini hayrat bilan menga uzatar ekan, ichida nima oʻylayotganini bilardim. Hatto, oʻzimniki boʻlgan bir martalik idishlarni qayta ishlatmaydigan men kabi odam kimningdir kutilmaganda shaxsiy narsasini olgan tushunarsiz edi, albatta.

– Menga bunday tikilishni bas qil, bu ichish uchun emas, – taʼkidladim egasiga. U bu gapimdan keyin hayratlanishdan toʻxtab, nigohini yana yonidagi qiz bilan suhbatga qaratdi. Men esa endi oʻylaganimni amalga oshirish uchun jabrlanuvchim qaytishini kuta boshladim.

– Yana nimani oʻylayapsan? – avzoyimdagi oʻzgarishni sezib, havotir bilan qaradi Farangiz.

Ayni shu payt Farhod eshikdan kirib keldi va oʻz rejamga ulgurish maqsadida tezda idish qopqogʻini burab, u yonimizdan oʻtib ketadigan lahzani moʻljalladim.

– Hozir koʻrasan, – shunday deya Farhod oʻtib ketmasidan tezda joyimdan sapchib turdim va tasodifan unga turtilib ketgandek, qoʻlimdagi suvni uning darsliklari ustiga "bexosdan" toʻkib yubordim.

– Koʻzingga qarasangchi! – ustimga tomchi sachramaginga ishonch xosil qilish mobaynida koyigan boʻldim uni. Bu yigit qoʻlidagi chetlari suvdan iviy boshlagan kitoblariga, soʻngra menga qaradi. Uning nigohlari va yuz ifodasini diqqat bilan kuzatar ekanman, bu qiligʻim uchun undan har qanday javobni qabul qilishga tayyor edim. Biroq, yana meni hayron qoldirib, yigitchaning peshonasi tirishishdan nariga oʻtmadi.

"Nima, faqat shu xolosmi? Nega bu yigiy hech nima demayapti? Yoki, doim tinchlantiruvchi dori taʼsirida yurarmikin?" hayolimda turli taxminlar oʻta boshladi.

– Eh, ichmoqchi boʻlgan suvimni ham toʻkib yubording. Ostida bir qultumdek suv qolgan idishni uning koʻz oldida chayqab qoʻydim, – afsus rosa chanqagandim. Mabodo, darsliklaringni yangidan olib tushishga qaytganingda, menga suv olib kela olmaysanmi?

Farhod yanada battar jahlini chiqarishga urinib aytgan gaplarimga javoban yana hech nima demadi va ortiga oʻgirilgancha kitoblarini alishtirish uchun sinfdan chiqib ketdi. Uning ortidan mamnun jilmaygancha qarab qolar ekanman, sinfdoshlarim tomonga oʻgirildim:

– Agar, orangizdan kimdir bu kelgindi bilan doʻstlashishga urinsa, uni ham xuddi shu taqdir kutadi.

Sinfdagi hamma gapimni yaxshi eshitganiga qaramay, hech qanday javob boʻlmadi. Aslida, bu ogohlantirishmdan norozilar yoʻq ekanligini anglatardi.

– Menimcha, u yaxshi yigitga oʻxshayapti, – kutilmaganda uning tarafdori chiqib qoldi. Farhodning yonida oʻtiradigan sinfimiz tentagi – Azizga savol nazari biln qaradim.

– Nima, unga himoyachi boʻlmoqchimisan?

– Yoʻq, lekin zerikkanda suhbatdosh boʻlishga yoʻq demayman, - yelka qisid u.

Sinfimizda hech narsaga parvo qilmaydigan, hech qanday urush va janjallarga aralashmasdan oʻzi bilan oʻzi boʻlib yuraveradigan va shunday hamishabahor feʼli tufayli "tentak" laqabini olgan bu yigitning gapiga eʼtibor qilmadim. Chunki, Aziz bilan bahslashish, sen ham tentak darajasiga tushganingni anglatar edi.

Soʻngra, qayta oʻz joyimga joylashar ekanman, Farangizga qarab qosh qoqib qoʻydim:

– Xoʻsh, qalay?

– Bechor yigitga bunchalik beshafqat boʻlmasang? – achingan ohangda dedi dugonam.

– Shafqatsiz? Bu hali men qilishga qodir boʻlgan shafqatsizliklat oldida hech nimamas! Oʻzing bilasan, agar jiddiylashsam, bundanda battar boʻladi. Shundogʻam, uni ayaganimga rahmat desin.

– Rahmat, – birdan ortimdan ovoz yangradi. Choʻchib ortga oʻgirilar ekanman, yonimda suhbatimiz asosiy sababchisining oʻzi turganini koʻrdim. Aftidan, gapga berilib, uning qaytganini sezmay qolgan koʻrinaman.

Biroq, bundan ham hayratlanarlisi, bir qoʻlida almashtirib qaytagan yangi kitoblari, ikkinchisida esa...men kinoya tarzida soʻragan yangi suv butilkasi bilan turardi. U qoʻlidagi suvni stolimda qoldirib, oʻzi boshqa hech nima demasdan joyiga yoʻnaldi.

– Aftidan, bu yigitning asablari juda mustahkam koʻrinadi, – mening hayratdan qotib qolgan yuzimga qaragancha, piqirlab kuldi Farangiz.

– Bunisi aniq, – hamon bamaylixotir oʻrniga oʻtirayotgan Farhoddan koʻz uzmasdan tan oldim. Ammo, qanchalik mening qiliqlarimga sovuqqonlik bilan javob bergani sari, unga boʻlgan qiziqishim ortar, yuzidagi befarqlik niqobini yechishga har qanday usul bilan erishishga urinib koʻrgim kelaverardi.

"Demak, shunchalik chidamliman degin?!

Mayli, koʻramiz, qachongacha sabring yetarkan..."


Report Page