SANʼATKOR

SANʼATKOR

Abdulla Qahhor


 Konsert odatdagicha “navbatdagi nomerimizda... Kelganlaringga rahmat, oʻrtoqlar” bilan tamom boʻldi.

Nomi chiqqan ashulachi — sanʼatkordan boshqa hamma xursand boʻlib tarqaldi. Sanʼatkor tajang edi: tanaffus vaqtida zalga chiqqan edi, bir traktorist uni savodsizlikda aybladi. Traktorist tanqid qilganiga sanʼatkor asti chiday olmas edi:u traktor qayoqda-yu, masalan “chorzarb” qayoqda, traktorist qayoqda-yu, ashulachi qayoqda!

Sanʼatkor uyiga ketgani izvoshga oʻtirganida yana tutaqib ketdi: “hech boʻlmasa aytadigan ashulangni oʻrgan, soʻzlarini toʻgʻri ayt” emish! Nimasini bilmayman, nimasi toʻgʻri emas? Meni shu vaqtgacha muxbirlar, yozuvchilar ham tanqid qilgan emas, formalizm, naturalizm lardan oʻtdim — hech kim otvod bergani yoʻq. Otvod berish qayoqda hech kim meni ogʻziga ham olmadi. Endi bir traktorist tanqid qilar emish!..Sanʼatkor izvoshchini hayron qoldirib, oʻzidan-oʻzi gʻuldirab borar edi. Uyda xizmatchi ovqat qilib qoʻygan ekan, sanʼatkorning tomogʻidan hech narsa oʻtmadi — ikki piyola choy ichdi, xolos. Unga turib-turib nasha qilar edi: “ashulani mexaylistik aytar emishman! Tovushim yomon boʻlsa nega plastinkaga oldi? Tanqid deganiga endi bu kishining ham tanqid qilgʻulari kelipti.. A-amali traktorist... Obbo!..”

— O‘qishga bordingizmi?— dedi xizmatchiga, qovogʻini solib.

— Bordim...— Xizmatchi ikki haftadan beri savod

maktabida oʻqir edi.

— Xizmatchisi savod maktabida oʻqiyotgan bir kishini traktorist savodsiz, desa alam qilmaydimi?— dedi sanʼatkor oʻzicha boʻgʻilib,—“labingdan boʻlsa olsam, e, shakarlab”, deganim u kishiga yoqmapti, “boʻlsa” emas, “boʻsa” emish! O‘zi bilmaydi-yu, menga oʻrgatganiga kuyaman! Senga oʻxshagan savodsizlar “boʻsa, boʻmasa” deydi.

Artist kulturniy odam — gapni adabiy qilib aytadi —“boʻlsa, boʻlmasa” deydi. Pojarni “gugurtni yerga tashlamang” dedi, rejissyorimiz esa “gugurtning yerga tashamang” dedi. Qanday chiroylik! Pojarnimi, pojarningmi? Shoshma, nima uchun pojarni? Pojarni, albatta!

Rejissyorimiz juda kulturniy odam. Odam degan mana shunday boʻlsa, urishsa ham xafa boʻlmaydi kishi — ikki gapning birida “taʼbir joyiz koʻrilsa” deb turadi. Bu traktorist menga shuncha dashnom berib, koʻngil uchun bir marta “taʼbir joyiz koʻrilsa” demadi. Xizmatchi daftar-qalam keltirib, sanʼatkorning oldiga qoʻydi.

— “J” ning kattasi qanday yozilar edi? Domlamiz

bir kuni koʻrsatgan edi, esimda qolmapti.

Sanʼatkorning jahli chiqdi:

— Endi “J” ga keldingizmi? Barjom deganda yoziladi. Kechagi barjom ogʻzi ochiq qolipti, gazi chiqqandan keyin bir pulga qimmat. Siz ham dunyoga kelib kulturniy boʻlsangiz-chi!.. Burningiz terladi, arting, taʼbir joyiz koʻrilsa!

Sanʼatkor oʻrnidan turib yotoqqa kirib ketdi.

— Yotasizmi?— dedi xizmatchi narigi uydan.

— Nima edi?

— “J” ning kattasini koʻrsatib bermadingiz, ertaga

domla soʻraydigan edilar. Qanaqa yoziladi?

— Kichigini yozib qattiqroq oʻqing!

             Sanʼatkor yechinib koʻrpaga kirdi. Xizmatchi chiroqni

oʻchirib chiqdi. Sanʼatkor koʻzini yumdi, koʻziga gʻira-shira

qorongʻi zaldagi son-sanoqsiz kallalar koʻrindi. Bular

ichida eng kattasi traktoristning kallasi, u iljayar edi.

— Afting qursin!— dedi sanʼtkor va narigi yonboshiga agʻdarildi.

 

          Hayal oʻtmay uyquga ketib xurrak otdi. Uning xurragi

ham nechukdir adabiyroq edi: “Pluq-qum-prr... pluq-qum prr...”

 

 

1936


Report Page