SAMARQAND VILOYAT XALQ TA'LIMI BOSHQARMASINING RASMIY MUNOSABATI

SAMARQAND VILOYAT XALQ TA'LIMI BOSHQARMASINING RASMIY MUNOSABATI


ZO’R.TV telekanali “BU KUN” dasturi va ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilingan Urgut tumanidagi 61- umumta’lim maktabi direktori shu maktabning 6-sinf o‘quvchisi D.H.ni urib jarohat yetkazgani to‘g‘risidagi xabarlar yuzasidan Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi o‘rganishlar olib borib quyidagilarni ma’lum qiladi;

Joriy yilning 12-oktabr kuni soat taxminan 13:30 larda Urgut tumani 61-maktabning 6-sinfda dars o‘tayotgan ona tili va adabiyot o‘qituvchisi koridorda direktorning ovozini eshitgach, bolalar darsga quloq solmasdan pirotexnika vositalarini portlatayotganligidan shikoyat qiladi. Direktor sinf xonaga kirib so‘rab o‘tirmasdan shu sinf o‘quvchisi D.H.ni urib ketadi. Guvohlarning ta’kidlashicha, jabrlanuvchi sinfdagi bezorilikda ishtirok etmagan.

Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi har qanday holatda ham o‘qituvchilarni o‘quvchilarga bo‘lgan agressiv munosabatlarini qoralaydi. Ustoz deganda, ko‘z oldimizda mehr-muhabbat timsoli gavdalanadi. Bejizga ustozlar haqida gap ketganda, “mehri daryo ustozlar” deya ta’rif berilmaydi. Ustozlar, maktab rahbarlari nafaqat yurish turishi, balki, odob-axloqi, muomala madaniyati bilan ham atrofdagilarga shaxsiy namuna bo‘lishlari shart va lozimdir.

Yuqoridagi holatdan kelib chiqib, Urgut tumanidagi 61- umumta’lim maktabining direktori B.R. Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasining tegishli buyrug‘iga asosan lavozimidan ozod etildi.


Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati

Report Page