SALOHIYATLI KADRLAR TAYYORLASHGA HISSA QO‘SHAMIZ!

SALOHIYATLI KADRLAR TAYYORLASHGA HISSA QO‘SHAMIZ!

"Samarqand yoshlari" gazetasi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filiali o‘z faoliyatini boshlaganiga bir yil to‘ldi. Darhaqiqat, Kattaqo‘rg‘on shahrida universitet filialining ochilishi mamlakatimizda Yurtboshimiz rahbarligidagi oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, hududlardagi ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, ishlab chiqarish va sanoat, iqtisodiyot sohalarida oliy ma’lumotli ilg‘or kadrlar soni va sifatining ortishiga doir olib borilayotgan islohotlarning ijrosi bo‘ldi, desak ayni haqiqatdir.

Bugungi kunda talabalarimiz 13 ta ta’lim yo‘nalishida tahsil olmoqda. O‘quv jarayonlarini samarali tashkil qilish maqsadida yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan malaka va tajribaga ega professor-o‘qituvchilar jalb qilindi. Pedagogik faoliyatini oliy ta’lim sohasida davom ettirish istagida bo‘lgan yosh kadrlar ochiq tanlovlar asosida saralanib, sinov darslari orqali ishga qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.

Sharof Rashidov nomidagi SamDU Kattaqo‘rg‘on filialida hozirgi kunda 2 ta fakultet va 4 ta kafedralarda 55 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritishmoqda. Ilmiy salohiyat 23.6 foizni (13 nafari ilmiy darajali) tashkil etadi. O‘tgan o‘quv yili davomida filial professor-o‘qituvchilari tomonidan 228 ta ilmiy ishlar nashr etildi, shundan Skopus bazasiga kiruvchi jurnallarda 9 ta, OAK tasarrufidagi jurnallarda 15 ta, xorijiy jurnallarda 79 ta, respublika miqyosidagi jurnallarda 24 ta ilmiy maqolalar e’lon qilindi.

Filial moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘quv-uslubiy faoliyat, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ayni paytda filialning asosiy binosi sifatida topshirilgan o‘quv korpusimiz hamda 200 o‘rinli talabalar turar joyida mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. Rekonstruksiyadan so‘ng, ushbu bino 2022-2023-o‘quv yili oldidan tantanali topshirildi.

Hozirda 70 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga 1000 o‘rinli o‘quv binosi hamda 500 o‘rinli talabalar turar joyini qurish ishlari jadal olib borilmoqda. Talabalarimizni ilm olishga, o‘z ustida ko‘proq ishlashga rag‘batlantirish, mutaxassisligini puxta egallashi uchun har tomonlama qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Bundan o‘ziga motivasiya olayotgan talabalarimiz ayni paytda yuqori natijalar sari intilayotgani e’tiborga molik.

Bir nafar talabamiz Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) miqiyosida o‘tkazilgan "Eng yaxshi ilmiy tadqiqotchi" ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida Is’hoqxon Ibrat hayotiga bag‘ishlangan tadqiqoti uchun tanlovning diplomi, maqolalar jamlangan kitob sertifikati va ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Uch nafar talabamiz yaqinda Samarqand davlat chet tillar institutida bo‘lib o‘tgan ingliz tili orfografiyasi ("Spelling Bee") bo‘yicha Markaziy Osiyo tanlovining saralash bosqichida faxrli o‘rin olib, yakuniy bosqichga yo‘llanma oldi.

Filial jamoasi hamfikr va hamjihat, hammaslak bo‘lgan holda oliy ta’lim muassasamizda yil sayin ilmiy salohiyatni oshirish, mamlakatimiz va albatta, jahondagi eng ilg‘or oliy ta’lim muassasalari safiga qo‘shilish, tobora ravnaq topayotgan yurtimizda sohalarni bilimli va intellektual salohiyatli kadrlar bilan ta’minlashga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz!

Sherzod O‘ROQOV,

Sharof Rashidov nomidagi

SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali direktori.

 

Report Page