SAFARINGIZ BEXATAR BO‘LSIN

SAFARINGIZ BEXATAR BO‘LSIN

Odil NO‘MONOV,

Keyingi yuz yil davomida avtomobilsozlik keskin rivojlandi. Shu jumladan, O‘zbekistonda ham. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmatining rasmiy ma’lumotlari bo‘yicha 2025-yilda respublikamiz hududidagi yo‘llarda sodir bo‘lgan 9226 avtoha-lokat oqibatida 2188 nafar yo‘lovchi nobud bo‘lgan, 8901 nafar kishiga tan jarohatlari yetkazilgan. 

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: avtohalokatlarning sodir bo‘lishi qay darajada tabiiy va qanchalik tasodifiy xarakterga ega? Shunchalik katta yo‘qotishlar tasodifmi yoki ularning oldini olish mumkinmi? Avtohalokatlarning yuz berish sabablari nima? Ularning ildizlari qayerda?

Avtomobil o‘z fe’l-atvoriga ko‘ra,

 harakatdagi obyekt hisoblanib, yo‘l-transport hodisasi haydovchi-avtomobil-yo‘l tizimidagi nomuvofiqlik natijasi hisoblanadi. Avtohalokatlar sodir bo‘lishining bir qator sabablari aniqlangan. Transport vositasining nomukammal texnik xususiyatlari va nosoz texnik holati, yo‘l sharoitlari hamda yo‘l jihozlarining xavfsizlik talablariga mos kelmasligi, boshqa transport vositalari yoki piyodalarning “Yo‘l harakati qoidalari”ga zid harakatlari va hokazo. Ularning ichida eng asosiy hisoblangan “Inson omili” bilan bog‘liq hodisalar jami avtohalokatlarning 60 foizidan ortig‘ini tashkil etadi.

Avtomobil transportida sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining sabablaridan biri haydovchilarning yo‘l sharoitiga mos tezlik tanlay olmasligidir. Yo‘l vaziyatiga muvofiq bo‘lmagan tezlik bilan harakatlanayotgan holatda haydovchida hodisaning oldini olish imkoniyatlari yetarli bo‘lmaydi. Tadqiqotchi olimlarning fikricha, sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining 34 foizidan ortig‘i transport vositalarini ruxsat etilgandan yuqori tezlikda boshqarish natijasidir. Avtomobilni boshqarishda xavfsiz tezlikni tanlay olish qobiliyati haydovchining yuqori malakasi alomatidir. 

Harakat tezligini xavfsiz dara-jagacha pasaytirish “Yo‘l harakati qoidalari”da ko‘rsatib o‘tilgan. Transport vositasi harakati tezligini keng ko‘lamda cheklash “Yo‘l harakati qoidalari”ning 78- (“Aholi yashaydigan joylarda transport vositalari tezligini soatiga 70 kilometrdan, turar joy dahalarida 30 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi”) va 79- (“Aholi yashaydigan joylardan tashqarida yengil avtomobillarga va ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 100 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi” va hokazo) bandlari bilan me’yorlangan va mamlakatimizning barcha yo‘l tarmoqlariga tegishli.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-aprel kungi 140-sonli qaroriga binoan Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyatlar va tumanlarning markazlarida, shuningdek, shaharlar hududlarida transport vositalarining tezligini soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan hara-katlanishiga ruxsat etiladi. Lekin faqatgina transport vositalari tezligini chegaralash usullarini qo‘llash, harakat xavfsizligi uchun kafolat bo‘lolmaydi. Shu boisdan haydovchi xavfsizlikni ta’minlash uchun yo‘l belgilari ko‘rsatmalari doirasida mustaqil ravishda optimal tezlikni tanlay olishi zarur. 

2025-yilning 26-dekabr kuni soat 21.30 larda fuqaro A.U “Nexia” rusumli avtomashinani Sirdaryo tumani hududidagi yo‘lda boshqarib borayotganda rul boshqaruvi nazoratini yo‘qotgan. Natijada avtomashina yo‘ldan tashqariga chiqib ketib, o‘ng tarafdagi kanalga ag‘anagan. Hodisa vaqtida haydovchi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 77-bandi 1-2-qismlari talablari bo‘yicha transport vositasining texnik xususiyatlari, yo‘l va ob-havo sharoitlari hamda yo‘nalishdagi ko‘rinishga mos holda xavfsizlikni ta’minlovchi tezlik bilan boshqarishi, harakatni doimiy nazorat qilib borishi lozim edi. 

Avtomobil haydovchilarini tayyor-lash sifatini yaxshilash, ularning malakasini oshirib borish, nazorat qilish tizimini takomillashtirish hozirgi davr talabidir. Bu borada avtokorxonalar rahbarlari va harakat xavfsizligi xodimlarining keng ko‘lamli tadbirlar olib borishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bir-birimizni hurmat qilaylik, azizlar, “Yo‘l harakati qoidalari”ni ham. 

Odil NO‘MONOV,

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza Markazining Sirdaryo viloyati bo‘limi yetakchi eksperti



Report Page