SA’DIY, NAVOIY, KOSHIFIY,BOBUR IZIDAN...

SA’DIY, NAVOIY, KOSHIFIY,BOBUR IZIDAN...

@marifatziyo

Abdulla Avloniy jadid, ma’rifatparvar, pedagog bo‘lish bilan birga, o‘zbek xalqi orasidan chiqqan birinchi diplomat – elchi hisoblanadi. U Toshkent madaniy-adabiy muhitida shakllangan hamda bu madaniy-adabiy muhitning rivoji uchun, birinchidan, she’rlar yozgan, ikkinchidan, darsliklar tuzgan, uchinchidan esa, islom dini tarixi bilan bog‘liq ilmiy kitoblar yozgan. U xalqni, ayniqsa, yosh avlodni XX asr boshlaridagi qiyinchiliklar, turli inqirozlardan chiqarish, ma’naviy barkamol bo‘lishi uchun dolzarb mavzuda “Birinchi muallim” (pandlar, hikoyatlar, ibratlar, 1915), “Ikkinchi muallim” (alifni o‘qitish va axloqiy hikoyatlar, 1915) kabi darsliklarni bitgan.

Ushbu “Ikkinchi muallim” darsligi qisqa muqaddima, nasriy va she’riy shakldagi hikoyatlardan hamda yil (yoz, kuz, qish, bahor fasli o‘quvchibop shaklda tushuntirilgan) va sana bilan bog‘liq ma’lumotlar qismidan iborat. Aql, saxovat, saxiylik, baxillik kabi axloqiy-falsafiy tushunchalarni nazariy jihatdan yoritgan. Undagi “Maktab”, “Axloqiy hikoya”, “Bulbul va eshak”, “Arslon ila ayiq”, “Nafsi buzuq hayitda o‘lar”, “Aqlli qarg‘a”, “Bog‘cha”, “Hasad balosi”, “Aqlli bola”, “Ovoz”, “Yolg‘on do‘st”, “Chin do‘st”, “Aqlsiz bola”, “Bolalar bog‘chasi”, “Ahmad va otasi”, “Soqiy va onasi”, “It va gado”, “Maqtanchoq g‘oz” kabi lirik va nasriy hikoyatlarida esa muallif bolalarni ijobiy va salbiy xislatlar va ularning oqibati bilan yaqindan tanishtirishga harakat qilgan hamda jiddiy ogohlantirgan.

Asarda Abdulla Avloniy yumshoq­lik, halimlik bilan va xalqona usulda pand-nasihat qilar ekan, ularni hidoyatga, to‘g‘ri yashashga, ilmli, mehnatkash, ma’rifatli, komil inson bo‘lishga chorlaydi. Agar biz she’riy va nasriy xarakterdagi hikoyatlari xusu­sida fikrlasak, Avloniy ularda nafaqat inson obrazlari, balki masallarda ko‘p uchraydigan arslon, ayiq, bulbul,

eshak, aqlli qarg‘a kabi jonivorlar obrazi, qalampir, cho‘l yalpizi sin­gari timsollardan unumli foydalangan, o‘zining didaktik fikrlarini sodda xalq tilida tushuntirib bergan. Mazkur darsliklar o‘z davrida ko‘plab muallimlarga qo‘llanma va yordamchi manba sifatida muhim vazifani o‘tagan. Muallifning o‘zi ham kitobning ba’zi o‘rinlarida samimiyat bilan “Afandi muallimlarga” deb murojaatlar yozgan. Avloniy nasriy hikoyatlarining xulosasini o‘ziga xos uslubda Sharq mumtoz adabiyotida mavjud bo‘lgan usul, ya’ni sa’diyona yoki navoiyona uslub bilan she’riy shaklda xulosalagan. Fikrlarimiz isboti uchun “Ahmad bilan otasi” nomli hikoyatga diqqat qaratsak. Hikoyatda bosh qahramon sifatida Ahmadning otasi va bola Ahmad tilga olingan. Unda muallif mushtumzo‘r bolalar obrazini salbiy qahramon sifatida talqin qilar ekan, bolalarning ayrim sho‘xliklari – mushtumzo‘rligida jinoyat bilan bog‘liq holatlarni ko‘rsatishga ham harakat qilgan. Ahmadning otasi kabi otalarni ma’lum ma’noda ogohlantirgan. Ya’ni ayrim sho‘x bolalarga “bola sho‘x” deb bee’tibor bo‘lmaslik, balki ular­ning sho‘xliklarida jinoyatga moyillik, jinoyat izlari mavjud bo‘lishini kuyunchaklik aytib o‘tgan. O‘rga­nishimizga ko‘ra, Avloniy an’anasi keyin Oybek domlaning bolalarga bag‘ishlab yozgan hikoyalari sujetida ham seziladi.

Buning yorqin misoli sifatida uning “Fonarchi ota” hikoyasini eslash joiz. Sujetga ko‘ra, bolalar mahalladagi fonar­larni urib sindirishadi. Natijada keksalar tun qorong‘usida yurishga qiynaladi. Otalar bu salbiy holatni bolalarning sho‘x­ligiga yo‘yishadi. Adib Oybek esa bolalarning bu sho‘xliklari­da mahalla va davlat mulkiga zarar va ziyon borligini badiiy talqin qilgan, ma’lum ma’noda bolalarning sho‘xliklarida jinoyatga moyillik masa­lasini ham mahorat bilan ochiqlagan.

Mahoratli pedagogning muhim darsliklaridan yana biri “Turkiy Guliston yoxud axloq” (birinchi nashri

1917-y.) kitobi bo‘lib, bu, asosan, darslik hisoblanadi. Avloniy uni Sharqning buyuk mutafakkiri Shayx Sa’diyning 1256-yilda yozilgan “Guliston” asariga o‘xshatma tarzda yozgani anglashi­ladi. Umuman, Sa’diyga murojaat

Avloniyning “Ikkinchi muallim”ida ham uchraydi. Unda Avloniy Shayx Sa’diy­ning bolaligi bilan bog‘liq

“Shayx Sa’diy” nomli epizodik xarakterda didak­tik mazmunda hikoya kel­tirgan. Demak, muallif mazkur darsligini Sa’diy uslubida yozar ekan, asar basmala bilan boshlangan va “Axloq”, “Xulq”, “Yaxshi xulq, yomon xulq”, “Tarbiya”, “Tarbiyaning zamoni”, “Badan tarbiyasi”, “Fikr tarbiyasi”, “Axloq tarbiyasi” kabi fasllarda tarbiyaning ahamiyati, turlari, vositalari, usullarini birma-bir tushuntirgan. Muallif tarbiya haqidagi mashhur “yo hayot, yo mamot” degan hikmatini shu o‘rinda aytib o‘tgan. Bu boblarda u ko‘proq oilada bola tarbiyasida nafaqat onalarning, balki otalar­ning o‘rni muhim ekanligini alohida uqtirgan. Ayniqsa muallifning fikr tarbiyasi haqidagi ilg‘or qarashlari bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.

Kitobda u “Yaxshi xulq”lar, “Fatonat” (aql egasi bo‘lish), “Diyonat”, “Islomiyat”, “Nazofat” (poklik), “Sa’y va g‘ayrat”, “Riyozat”, “Shijoat”, “Qanoat”, “Ilm”, “Aqsoni ilm” (diniy va faniy ilm), “Sabr”, “Hilm”, “Intizom”, “Miqyosi nafs”, “Vijdon”, “Vatanni suymak”, “Haqqoniyat”, “Nazar va ibrat”, “Iffat”, “Hayo”, “Idrok va zako”, “Hifzi lison”, “Iqtisod”, “Viqor”, “Xavf va rajo”, “Itoat”, “Haqshunoslik”, “Xayri-

xohlik”, “Munislik”, “Sadoqat, “Adolat”, “Muhabbat”, “Oliyhimmat”, “Afu” kabi ijobiy fazilatlarni talqin qilgan. Fikrimiz isboti uchun – Avloniy hamma zamonda muhim bo‘lgan ona tiliga e’tibor, uni boyitish, muhofaza qilish masalasi xususida jiddiy fikr aytgan. Chunonchi, “Hifzi lison” ‒ har bir millat o‘z ona tili va adabiyotini saqlama­gini aytur, har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatur­g‘on oinayi hayoti, til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmoq millatning ruhini yo‘qotmoqdur”. Yoki uning insonlarda juda noyob fazilatlardan biri sadoqat va sodiq kishiga bergan ta’rifi ham juda

katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. O‘qiy­miz: “Sadoqat ‒ kishi o‘z vazifasini to‘g‘rilik ila ishlamakni aytilur. Sodiq kishi din va millatiga, vatan va davlatiga to‘g‘rilik ila xizmat qilib obro‘ olur”. Ko‘rinadiki, Avloniy “Hifzi lison”,

“Sadoqat”, sodiq kishi kabi ma’rifiy tushunchalarga bergan ta’rif-izohlarida, asosan, millat, vatan, davlat, din singari tushunchalarni bir butun hamohanglikda saqlashga harakat qilgan. Avloniy yuqorida sanab o‘tilgan axloqiy, falsafiy, ma’rifiy tushunchalarga bergan ta’riflarida mashhur voiz Husayn Vo’iz Koshifiy asarlaridan unumli foydalangani kuzatiladi. Ayniqsa, Koshifiyning qirqdan ortiq tushunchalarga bag‘ishlab yozgan “Axloqi Muhsiniy” kitobining adabiy va ma’rifiy ta’siri an’analari yaq­qol seziladi.

Kitobda Avloniy tomonidan kuyunchaklik bilan yomon xulqlar sifatida “G‘azab”, “Shahvat”, “Aqsomi jaho­lat”, “Jaholat”, “Safohat balosi”, “Hamoqat” (aql va ma’rifatning kamligidin hosil bo‘ladigan eng yomon xulq­lardan biridir), “Atolat” (dangasa va yalqovlikni aytilur), “Xasosat” (ta’ma), “Raxovat”, “Anoniyyat” (xudbin, mutakabbir, manmanlik aytilur), “Adovat”, “Namimat” (chaqimchi), “G‘iybat”, “Haqorat”, “Hasad”, “Kizb” (yolg‘on), “Zulm” kabi yigirmaga yaqin salbiy xislatlarga qisqacha ta’rif berilgan. Bu o‘rinda kishilarni islom ma’rifati va falsafasi bilan ogohlantirishga harakat qilgan. Ayrim mutafakkirlarning fikrlari, savol-javoblari, hikmatlari tamsil sifatida keltirilgan, o‘z fikrini haqqoniy isbotlashga harakat qilgan.

Avloniy bu darslikning oxirida “Bir-ikki so‘z” nomli so‘ngso‘z yozgan. So‘ngso‘zda muallif birodarlarning iltijosi sabab yozganini ta’kidlab aytgan hamda Turkiston maktablarida “Axloq” kitobining, tajribaning yo‘qligi sabab u “Adibi muhtaram Shayx Sa’diy usu­lida yozmoqni, garchi og‘ir ish bo‘lsa ham, o‘zimga muqaddas bir vazifa ado qilaroq, bu kamchilikni oradan ko‘tarmakni munosib ko‘rdim” deb kamtarlik bilan izoh bergan.

Uning yana bir asari “Muxtasar tari­xi anbiyo va tarixi islom” (1910) kitobi bo‘lib, kitob basmala bilan boshlanadi. O‘quvchilarga birinchi payg‘ambar sifatida Hazrati Odam alayhissalom tanishtiriladi va asar so‘ngida yigirma beshinchi payg‘ambar o‘laroq Hazrati Iso alayhissalom deb ko‘rsatilgan.

Demak, muallif 25 nafar payg‘ambarlar tarixini yozishda Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” uslubida yozishga intilganini sezish mumkin. Yana asarda payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) haqida va ul zotning to‘rt choriyorlari xususida ham alohida fiqralarda ma’lumot bayon qilgan. Qisqasi, o‘quvchiga u Ka’ba, islom dini, Muhammad (s.a.v.), Qur’oni karim bilan bog‘liq tarixni ham yetkazishga ahd qilgan.

Avloniy dramaturg sifatida ham adabiyotshunoslikning drama janrida “Advokatlik osonmi?”, “Pinak”,

“Biz va siz”, “Portugoliya inqilobi” singari dramalar ham ijod qilgan.

Manbalarda yozilishicha, muallif

dramalarni o‘zi sahnalashtirgan, ba’zi obrazlarni o‘zi sahnada maromiga yetkazib ijro etgan. 

Avloniy Afg‘onistonda 1918–1920- yillarda elchi sifatida faoliyat olib borgan. U mazkur faoliyati, safarlari xusu­sida “Boburnoma” memuari uslubida “Afg‘onga sayohat” asarini yozgan. Asar hajmi unchalik katta emas, lekin undagi qimmatli tarixiy ma’lumotlar, jiddiy xulosalar o‘zbek diplomatiyasi tarixida muhim ahamiyatga molikdir. Unda Avloniy Toshkentdan Hirotga, Hirotdan Kobulga va Kobuldan yana Hirotga qilgan rasmiy safarlari xususida muhim xabarlar yozgan. Yana asarda Hirot va Kobul yo‘li manzaralari, ancha og‘ir hayot haqidagi lavhalarni ham o‘qish mumkin. Asarda berilgan muhim tasvirlardan biri bu – Abdulla Avloniyning Kobulda bir oy muddatda bo‘lishi va “Bog‘i Bobur”ga borib Bobur maqbarasini ziyorat qilishi hamda mazkur ziyorati xususida yozib qoldirishidir.

Xulosa shuki, birinchidan, Abdulla Avloniyning ibratli hayoti, qizg‘in ijodiy, ilmiy-pedagogik faoliyati,

uning yozgan kitoblari bugungi global

 zamonamiz uchun katta ahamiyatga ega. Ikkinchidan, uning asarlarida Sa’diy, Navoiy, Koshifiy, Bobur an’analarini ko‘rish mumkin.

 

Burobiya RAJABOVA,

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi,

filologiya fanlari nomzodi

Report Page