“S-IQBOL” TELERADIOKANALI TARIXI

“S-IQBOL” TELERADIOKANALI TARIXI

 

“S-IQBOL STUDIO”si o‘z faoliyatini 1991-yil 5-fevral kuni kichik butkada, audio hamda video mahsulotlar yozish va tarqatish, konsert va tadbirlarni tashkil etish, tasvirga olish, shou-biznes olamidagi yangiliklarni tarqatish bilan ish boshlagan. Mazkur studiyaga Sardor Hasanov asos solgan bo‘lib, dastavval, “S-IQBOL” “IQBOL STUDIO” deb nomlanardi. Sardor Hasanov aynan shu yillari stadionlarda katta konsertlarni tashkil etib, Xorazmga O‘zbekistondagi mashhur san’atkorlar Yulduz Usmonova, Rashid Haliqov, “Bolalar” guruhini olib kelgan.

 1997 yil esa “S-IQBOL” xususiy firmaga aylantirilgan.

1998 yilda Hasanov Sardor Kabel TVga ham asos solib, uni viloyatga olib kirgan. 2001 yildan buyon rasman Kabel TVni butun Xorazm viloyati bo‘ylab tarqatishda rasmiy hujjatga ega bo‘lgan.

2005 yilda “S-IQBOL” televideniesini ochish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, ilk bora 2006-yil 4-sentyabrda efirga uzatila boshlagan.

 2006 yildan buyon faoliyat yuritayotgan “S-IQBOL” televideniesi ilk bor 6 soatlik dastur bilan efirga chiqa boshladi. Dastlab, 6 nafar xodim bilan o‘z faoliyatini boshlagan televidenie asta-sekin yana boshqa ijodkorlarni o‘z bag‘riga oldi va dasturlar hajmi ortib bordi.

 Xuddi shu yillari ya’ni 2006 yilda bir vaqtning o‘zida Sardor Hasanov Toshkentda NTTga ham ta’sischilik qilib, “Omad” studiyasini ham tashkil etgan.

 “25-kadr”, “Diydor shirin”, “Yaxshi kayfiyat”, “Buni hayot deydilar” kabi bir qator loyihalarni yo‘lga qo‘ygan. Unda ko‘zga ko‘ringan Shermat aka, Nasiba Maqsudova, Gavhar hamda Jamshid Zokirovlar, Bobur Bobomurod, Sohib Abbosxon, Yodgor Mirzajonov, Otabek Mutalxo‘jayevlar faoliyat ko‘rsatgan.

 2006 yildan 2015 yilga qadar bir qator ziyolilar Davron Soburov, Sayyorra Samandarova, Quromboy Matrizayev (Qurbon Muhammad Rizo), Bozorboy Ulliboboyevlar telekanal direktori bo‘lib, telekanal rivoji uchun o‘z hissalarini qo‘shganlar.

 2015 yil dekabr oyidan “S-IQBOL” xususiy firmasida Hasanov Xusniddin Sardor o‘g‘li bugungi kunga qadar ham ta’sischi ham direktor sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

 “S-IQBOL” televideniesini bugungi kunda Xorazm viloyatining barcha tumanlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy, To‘rtko‘l, Ellikqal’a tumanlari, shuningdek, Turkmaniston Respublikasining Toshxovuz tumani tomosha qiladi. Bugungi kunda nafaqat Xorazm viloyati aholisi, balki Respublikamizning barcha hududlari aholisi uchun ko‘rish imkoniyati yaratildi. Tomoshabinlar Mediabay, Itv, All play platformalari orqali dunyoning istalgan burchagida tomosha qilish imkoniyatiga ega.

 Hozirda “S-IQBOL” teleradiokanali tarkibida 35 nafardan ziyod ijodiy va texnik xodimlar faoliyat yuritmoqdalar. Ko‘rsatuvlar har kuni ertalab 06:00 da boshlanib 00:00 gacha, ya’ni 18 soat davom etadi. Teletomoshabinlar soni taxminan 4 million kishini tashkil etadi. O‘tgan 16 yil ichida televidenie jamoasi tomonidan minglab ko‘rsatuv, lavha va reportajlar tayyorlanib, efir orqali uzatildi.

2021 yilda “S-IQBOL” teleradiokanali hamda Xorazm viloyat hokimligi bilan hamkorlikda Xorazm viloyatining so‘nggi 5 yildagi rivojlanish tarixi haqidagi “Xorazm uchinchi renessanslari” hujjatli filmini sur’atga olib, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yillik shodiyonasida “S-IQBOL” teleradiokanali va Respublikaning barcha telekanallarida efirga uzatildi.

 “S-IQBOL” xususiy firmasining konsertlarni tashkil etish va o‘tkazish kabi xizmatlari bilan boshlangan faoliyati to‘xtagani yo‘q, balki poytaxt hamda viloyatda bir qator katta konsert dasturlari tashkilotchisi hisoblanadi. Har yili Poytaxtda Xalqlar do‘stligi san’at saroyida o‘tkaziladigan “Xorazm yulduzlari” va boshqa ko‘plab san’atkorlarning konsert dasturlarini tashkil etib, o‘tkazib kelmoqda. Har yili yurtdoshlarimizga yangi yil kayfiyati ulashish maqsadida an’anaviy tarzda “IKBOL KONSERT” tomonidan “S-IQBOLDA BAYRAM” deb nomlangan galakonsert dasturi yurtdoshlarimizga taqdim etib kelinmoqda. Konsert dasturida “Nihol” davlat mukofoti sovrindorlari Farrux Saidov, Matnazar Ozodov, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sohibasi Shahlo Salayeva hamda 20 nafardan ortiq Xorazm estradasining yorqin vakillaridan iborat san’atkorlar qatnashadi. Konsert dasturi bepul bo‘lib, konsertni yurtdoshlarimiz “S-IQBOL” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efir orqali ham tomosha qilishlari mumkin. Konsert dasturida 25 nafardan ortiq ijodiy va texnik xodimlar xizmat ko‘rsatadi.

 “S-IQBOL” teleradiokanali rahbariyati va xodimlari tomoshabin, tinglovchilarga davlatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorliklar, xalq dardini tinglash va ularni qiynayotgan muammolarning yechimini topishga qaratilgan ko‘plab dasturlar ustida ish olib bormoqdalar. Bularning barchasi esa yurt ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan harakatlarning bir ko‘rinishidir.

 O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi




Report Page