Rossiyada Oʼzbekiston charm sanoati yutuqlar namoyish etilmoqda

Rossiyada Oʼzbekiston charm sanoati yutuqlar namoyish etilmoqda

February 20, 2024

Rossiya Federatsiyasining poytaxti Moskva shahrida joriy yilning 19-22 fevral kunlari charm, poyabzal, kiyimlar va charm-attorlik mahsulotlarining namoyishi sanalgan "Fashion Style Russia" xalqaro koʼrgazmasi boʼlib oʼtmoqda.

 Unda “Oʼzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo 20 ga yaqin korxonalar “Made in Uzbekistan” jamoaviy stendi bilan ishtirok etmoqda. Mahalliy korxonalarimiz xorijiy hamkorlar eʼtiboriga charm, poyabzal, charm-attorlik buyumlari, qorakoʼl va moʼyna mahsulotlarining 100 dan orti turini taqdim etgan.

Koʼrgazmaning dastlabki kunida oʼz ishini boshlagan biznes forumda “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi ham ishtirok etib, mamlakatimiz charm sanoatida soʼngi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport koʼrsatkichlari, xalqaro bozorlarda “Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʼi ostidagi mahsulotlarni ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xorijiy brendlar bilan hamkorlik aloqalari toʼgʼrisida taqdimot oʼtkazdi.

Xalqaro koʼrgazma mahalliy korxonalarimizga biznes aloqalarni yoʼlga qoʼyish, yangi xaridorlar portfelini shakillantirishga xizmat qilmoqda. Xususan, “Ulkan Laziz” MChJ Rossiyaning "Дивали", "Профи", "Обувные технологии" kabi qator korxonalari bilan samarali muloqot va muzokaralar oʼtkazdi. Natijada "Дивали" korxonasi bilan kamarlar ishlab chiqarish uchun zarur boʼlgan tayyor charmni yetkazib berish boʼyicha kelishuvga erishildi. Shartnomaning umumiy summasi 100 ming dollarni tashkil etadi.

"Профи" korxonasi esa 200 ming dollarlik charm va kamarlarni Oʼzbekistondan xarid qiladigan boʼldi. "Обувные технологии" kompaniyasi esa mamlakatimiz korxonalaridan 6 ming juft poyabzal ustki qismlarini oladigan boʼldi. Shartnoma qiymati 4 mln. rublni tashkil etadi.

Koʼrgazma doirasida qorakoʼl mahsulotlarini Rossiya savdo tarmoqlariga yetkazib berish, poyabzallar eksporti boʼyicha ham qator muzokaralar boʼlib oʼtdi.

 






Report content on this page




Report Page