Yevropada xavfsizlikning yangi modeli: sharqiy mojaro saboqlari

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush Yevro-Atlantika xavfsizlik tizimining avvalgi modelini jiddiy inqirozga olib kelgan va Yevropada yangi xavfsizlik arxitekturasini shakllantirish jarayonini tezlashtirgan asosiy tizimli omillardan biriga aylandi. Natijada hamkorlikka asoslangan xavfsizlik mexanizmlari o‘rnini tobora ko‘proq bloklararo qarama-qarshilik, harbiy tiyib turish, mudofaa salohiyatini oshirish va yangi xavfsizlik kafolatlarini izlash tendensiyalari egallamoqda.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hujjatlarida mustahkamlangan xavfsizlikning bo‘linmasligi (indivisibility of security) tamoyilining amaliy mazmuni ham keskin zaiflashdi. Buning asosiy sabablaridan biri Moskva va Bryussel ushbu tamoyilni turlicha talqin qilayotgani hamda bu talqinlar o‘rtasidagi tafovut tobora chuqurlashib borayotganidir.
Rossiya rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, xavfsizlikning bo‘linmasligi ayrim davlatlarning xavfsizligi boshqalarning xavfsizligi hisobiga ta’minlanmasligini anglatadi.
Kreml talqinida Ukrainaning G‘arb harbiy-siyosiy makoniga tobora yaqinlashuvi, uning harbiy salohiyatining oshishi va NATOga a’zo bo‘lish istiqboli Rossiya Federatsiyasi milliy xavfsizligiga bevosita tahdid sifatida baholandi.
Rossiya rasmiy pozitsiyasi Ukrainada harbiy operatsiyaning boshlanishini BMT Nizomining 51-moddasi bilan bog‘lab, bu qarorni o‘z chegaralari yaqinida shakllangan va, Moskva talqiniga ko‘ra, diplomatik vositalar bilan bartaraf etib bo‘lmaydigan tahdidlarga javob chorasi sifatida asoslab keladi.
O‘z navbatida, Bryussel Rossiyaning xavfsizlikning bo‘linmasligi tamoyiliga oid talqinini tanlama xarakterga ega va xalqaro kelishuvlarning mazmunini bir tomonlama sharhlovchi yondashuv sifatida baholaydi.
G‘arb institutlari nuqtai nazariga ko‘ra, mazkur tamoyil qo‘shni davlatlarning suveren tanlovi va tashqi siyosiy yo‘nalishini cheklash uchun asos bo‘la olmaydi.
Yevropa Ittifoqi (YI) talqinida xavfsizlikning bo‘linmasligi yirik davlatlarning kichikroq qo‘shnilariga o‘z irodasini o‘tkazishi yoki ularning suvereniteti hisobiga o‘z xavfsizligini alohida ta’minlash huquqini anglatmaydi.
Bryussel pozitsiyasida 2014-yildan keyingi voqealar va Rossiyaning Ukrainaga nisbatan harakatlari Yevropadagi xavfsizlikning bo‘linmasligi tamoyiliga eng katta zarba bergan omillar sifatida ko‘rsatiladi.
Tomonlarning xavfsizlikka oid bir-biriga zid yondashuvlari fonida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush to‘rt yarim yildan ortiq davom etib, katta insoniy talafotlar va vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi. Hozirgi bosqichda frontdagi vaziyat uzoq muddatli holdan toydirish urushi xususiyatlarini kasb etmoqda: tomonlardan birortasi ham mojaro dinamikasini qisqa muddatda tubdan o‘zgartira oladigan mutlaq strategik ustunlikka ega emas.
Rossiya armiyasi shaxsiy tarkib, artilleriya va og‘ir zirhli texnika borasidagi nisbiy ustunligiga tayangan holda, “holdan toydirish urushi” strategiyasini davom ettirmoqda.
Rossiya qo‘shinlari asosiy hujum harakatlarini sharqiy yo‘nalishda, xususan, Pokrovsk hamda Kupiansk–Liman yo‘nalishlarida jamlab, Ukraina kuchlarini bosqichma-bosqich o‘z pozitsiyalaridan siqib chiqarishga urinmoqda. Shu bilan birga, Rossiya Ukrainaning front orti hududlari, sanoat va energetika infratuzilmasiga keng ko‘lamli zarbalar berishda davom etmoqda.
O‘z navbatida, Ukraina “faol mudofaa” yondashuvini qo‘llab, muhim mudofaa pozitsiyalarini ushlab turishni Rossiya hududining ichki qismlariga beriladigan assimetrik zarbalar va aniq maqsadga yo‘naltirilgan qarshi hujumlar bilan uyg‘unlashtirmoqda.
Ukraina kuchlari uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) vositasida Rossiya qo‘shinlarining front chizig‘iga harakati, logistika yo‘nalishlari va ta’minot tizimlariga muntazam bosim o‘tkazmoqda.
So‘nggi paytda Kiyev uzoq masofaga zarba berish taktikasini keng qo‘llab, Rossiya hududidagi neftni qayta ishlash zavodlari, yirik logistika markazlari va boshqa strategik inshootlarning faoliyatiga putur yetkazishga intilmoqda.
Harbiy mojaroni muzokaralar orqali hal etishga qaratilgan diplomatik urinishlar hozircha barqaror natija bermayapti. Buning asosiy sababi harbiy harakatlarni to‘xtatish shartlari va urushdan keyingi xavfsizlik kafolatlari masalasida tomonlarning pozitsiyalari keskin farq qilishidadir.
Kiyevning mavjud front chizig‘i bo‘ylab jangovar harakatlarni vaqtincha to‘xtatish imkoniyatiga nisbatan ochiqligi, avvalo, resurslarni tiklash va davlat suverenitetining asosiy unsurlarini saqlab qolish zarurati bilan izohlanadi. Moskva esa bunday ssenariy uning nuqtai nazaridan mojaroning tub sabablarini va Rossiya xavfsizligiga oid fundamental xavotirlarni bartaraf etmasligini ta’kidlaydi.
Mazkur sharoitda YI siyosatini shartli ravishda “tezlashtirilgan tiyib turish va strategik avtonomlashuv” yo‘nalishi sifatida tavsiflash mumkin. Bu yondashuv Ukrainani uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash, Rossiya bilan cho‘zilgan strategik qarama-qarshilikka tayyorgarlik ko‘rish va Yevropaning o‘z mudofaa salohiyatini mustahkamlash choralarini birlashtiradi.
Hozirda Bryusselning asosiy e’tibori quyidagi yo‘nalishlarga qaratilgan:
1. AQShga mudofaa sohasidagi qaramlikni kamaytirish va Yevropa harbiy-sanoat salohiyatini rivojlantirish
Mudofaa mas’uliyatini ko‘proq o‘z zimmasiga olish va harbiy xarajatlarni oshirish bo‘yicha AQSh prezidenti Donald Trampning qat’iy talablari fonida YI strategik muxtoriyatga erishish jarayonini tezlashtirmoqda.

Bryussel mavjud sharoitda Yevropaning harbiy-sanoat salohiyatini mustaqil ravishda rivojlantirish, AQShga logistik va moliyaviy qaramlikni kamaytirish hamda o‘zining sharqiy chegaralarini himoya qilishga qodir bo‘lgan barqaror Yevropa mudofaa tayanchini shakllantirishga intilmoqda.
YI “Sovuq urush” davridan beri eng keng ko‘lamli qayta qurollanish jarayonlaridan birini boshdan kechirmoqda va mudofaa sanoatini keskin kengaytirmoqda. 2025-yilda YI mamlakatlarining umumiy harbiy xarajatlari rekord darajadagi 472 milliard AQSh dollariga, ya’ni yalpi ichki mahsulotning 2,2 foiziga yetdi; 2026-yilda esa bu ko‘rsatkichni 528 milliard AQSh dollariga yetkazish rejalashtirilgan.
Hozirda aksariyat YI davlatlari mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotga nisbatan belgilangan 2 foizlik ko‘rsatkichdan oshirishga erishdi, Rossiyaga chegaradosh ayrim mamlakatlar, jumladan Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari esa bu ulushni 4–5 foizgacha yetkazdi. AQShning harbiy ta’minotiga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish maqsadida Yevropa snaryadlar, zirhli texnika va havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlab chiqarishni kengaytirishga milliardlab dollar sarmoya kiritmoqda.
2. Ukrainaga harbiy yordamning uzoq muddatli tizimini shakllantirish
YI Ukrainaga favqulodda va bir martalik qurol-yarog‘ yetkazib berishga asoslangan yondashuvdan bosqichma-bosqich uzoqlashib, uzoq muddatli mudofaa sherikligini shakllantirishga o‘tmoqda. Bryussel mavjud zaxiralardan tartibsiz yetkazib berish o‘rniga barqaror harbiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish va harbiy ishlab chiqarishning bir qismini bevosita Ukraina hududida yo‘lga qo‘yishga intilmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi amaliy qadamlardan biri sifatida joriy yilning 15-iyul kuni YI va Ukraina yangi mudofaa kelishuvi doirasida dronlar va dronlarga qarshi tizimlarni birgalikda ishlab chiqarishga qaratilgan, 1,08 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan “Drone Deal” dasturini ishga tushirdi. Keyinchalik Yevrokomissiya raketalar va qiruvchi samolyotlar xarid qilish hamda Ukrainaning havo mudofaasini kuchaytirish uchun yana 3,75 milliard AQSh dollari ajratdi.
Bryussel Ukraina uchun Amerika qurollarini xarid qilishni maxsus maqsadli yirik kreditlar hisobiga moliyalashtirish mexanizmlarini ham kengaytirmoqda. Ushbu mexanizmlarning bir qismi muzlatilgan Rossiya davlat aktivlaridan olinadigan qo‘shimcha daromadlardan foydalanishni nazarda tutadi.
3. Yevropaning sharqiy mudofaa makonini mustahkamlash
Rossiya–Ukraina urushi fonida NATOning sharqiy qanoti kengayishi va mustahkamlanishi “Sovuq urush” yakunlanganidan keyingi Yevropa xavfsizlik arxitekturasidagi eng katta institutsional o‘zgarishlardan biriga aylandi.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi natijasida Rossiyaning alyans bilan quruqlikdagi chegarasi 1300 kilometrdan ko‘proqqa uzaydi, Boltiq dengizidagi harbiy-strategik muvozanat esa NATO foydasiga sezilarli darajada o‘zgardi.
Ukrainaning NATOga a’zoligi alyans hujjatlarida “ortga qaytmas yo‘l” sifatida qayd etilgan bo‘lsa-da, amalda a’zolikning muddatlari va shartlari Rossiya bilan urushning borishi hamda uning yakunlariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Sharqiy qanotni mustahkamlash maqsadida Rossiya va Belarus bilan chegaradosh hududlarda NATOning harbiy mavjudligini, rotatsion kontingentlarini va og‘ir qurol-yarog‘ imkoniyatlarini kengaytirish choralari amalga oshirilmoqda.
YI, shuningdek, dengizdagi gaz quvurlari, aloqa kabellari, energetika obyektlari va kiberinfratuzilmani ehtimoliy sabotaj hamda gibrid tahdidlardan himoya qilish choralarini keskin kuchaytirdi.
4. Rossiyaga qarshi sanksiyalar samaradorligini oshirish
Joriy yil iyul oyidan boshlab YIning Moskvaga qarshi sanksiyalar siyosatida asosiy e’tibor yangi savdo embargolarini joriy etishdan tashqari, avval qabul qilingan cheklovlarni chetlab o‘tish mexanizmlarini aniqlash va ularga qarshi choralarni kuchaytirishga qaratilmoqda.

Shu maqsadda e’lon qilingan 21-sanksiyalar paketi Rossiyaning “soya floti” imkoniyatlarini cheklash, Rossiya Markaziy banki tomonidan SWIFT tizimiga muqobil sifatida qo‘llanilayotgan Moliyaviy xabarlarni uzatish tizimi faoliyatini toraytirish hamda kriptovalyutadan foydalaniladigan ayrim ta’minot kanallariga qarshi choralarni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, Bryussel shaxsiy sanksiyalar ro‘yxatini harbiy-sanoat majmuasi vakillari va gibrid tahdidlarni tashkil etishda ayblanayotgan shaxslar hisobiga kengaytirmoqda.
Shu bilan birga, Yevropada yangi xavfsizlik arxitekturasini shakllantirish jarayoni ichki ziddiyatlar va manfaatlar tafovutidan xoli emas.
YIning mudofaa va sanksiyalar bo‘yicha ayrim tashabbuslari a’zo davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshi manfaatlarga duch kelmoqda: Vengriya, Slovakiya va Italiya 2027-yilga mo‘ljallangan harbiy yordamni moliyalashtirish jarayonida ehtiyotkor pozitsiya namoyon etmoqda; Gretsiya va Bolgariya esa dengizchilik va energetika tarmoqlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan “soya floti”ga qarshi choralar masalasida nisbatan ehtiyotkor yondashmoqda.
Xitoy, BAA va Turkiya kompaniyalariga nisbatan qo‘llanayotgan ikkilamchi cheklovlar sanksiyalarni chetlab o‘tish kanallarini to‘liq bartaraf eta olmadi. Ayni paytda bunday choralar YIning “Global Janub” mamlakatlari bilan munosabatlarida qo‘shimcha diplomatik ziddiyatlar va iqtisodiy xarajatlar yuzaga kelishi xavfini ham kuchaytirmoqda.
Yuqoridagi tahlillar asosida Yevropada shakllanayotgan yangi xavfsizlik arxitekturasi xususida quyidagi xulosalarni ilgari surish mumkin:
Birinchidan, Rossiya–Ukraina urushi Yevropaning Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik xavfsizlik inqirozlaridan biriga aylandi va qit’adagi strategik muvozanatni tubdan o‘zgartirdi. Natijada diplomatik muloqot va kooperativ xavfsizlik mexanizmlari bilan bir qatorda, harbiy tiyib turish, texnologik ustunlik va mudofaa salohiyati Yevropa barqarorligini ta’minlashning markaziy omillaridan biriga aylanmoqda.
Ikkinchidan, YI tomonidan harbiy-sanoat salohiyatini kengaytirish, Ukrainani uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash va Rossiyaga nisbatan iqtisodiy cheklovlarni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan choralar qisqa muddatli inqirozga javob bilangina cheklanmaydi. Ular Yevropaning strategik muxtoriyati va geosiyosiy subyektligini mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy yo‘nalishning tarkibiy qismiga aylanmoqda.
Mazkur siyosatning amaliy mantig‘i bir tomondan Rossiyaning harbiy va iqtisodiy manevr imkoniyatlarini cheklashga, ikkinchi tomondan esa Ukraina suverenitetini saqlab qolish va Yevropaning sharqiy chegaralarida barqaror mudofaa tizimini shakllantirishga qaratilgan.
Uchinchidan, Rossiya G‘arbning sanksiyalar siyosati va Ukrainaga ko‘rsatilayotgan harbiy yordamni o‘zining uzoq muddatli xavfsizligiga jiddiy tahdid sifatida baholamoqda.
Bunga javoban Moskva iqtisodiyot va harbiy-sanoat majmuasining safarbarlik imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, Yevroosiyoda teng va bo‘linmas xavfsizlik hamda ko‘p qutbli xalqaro tartib g‘oyalariga asoslangan “Katta Yevroosiyo sherikligi” tashabbusini ilgari surmoqda.
To‘rtinchidan, Yevropada “Sovuq urush” davrini eslatuvchi yangi harbiy-siyosiy bo‘linish shakllanmoqda, biroq uning geografiyasi, iqtisodiy bazasi va texnologik xususiyatlari avvalgi davrdan sezilarli farq qiladi. Yevropa xavfsizlik siyosatida Rossiya bilan hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlikni saqlash paradigmasidan uzoqlashib, tiyib turish, xavflarni kamaytirish va strategik himoyalanish tamoyillariga ko‘proq urg‘u berilmoqda.
Shu bilan birga, Rossiyaning Shimoliy Koreya va Eron bilan harbiy hamkorligi hamda Xitoy bilan strategik-iqtisodiy yaqinlashuvi Yevropa xavfsizligi muammolarini tobora kengroq global geosiyosiy jarayonlar bilan bog‘lamoqda. Natijada Yevropadagi barqarorlik masalasi Osiyo–Tinch okeani va Yevroosiyodagi kuchlar muvozanati bilan yanada chambarchas tutashib, xalqaro tizimdagi bloklararo raqobatning kuchayishiga xizmat qilmoqda.
Abror Fatxullayev
bo‘lim boshlig‘i
*Materialda keltirilgan fikrlar muallifga tegishli bo‘lib, ular Diplomat Universityning qarashlarini aks ettirmaydi.