Repetitorlikdan maqsad ko‘p pul topish bo‘lsa, bu repetitor hech qachon yaxshi o'qituvchi bo‘la olmaydi.

Repetitorlikdan maqsad ko‘p pul topish bo‘lsa, bu repetitor hech qachon yaxshi o'qituvchi bo‘la olmaydi.

Zohidbek Turdaliyev

Bu safargi suhbatdoshimiz Qarshi shahar 2- sonli Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati, Qarshi Davlat Universiteti, IIV Qashqadaryo akademik litseyi matematika fani o‘qituvchisi va repetitor Qilichali Abdullayev bo‘ldi. Yana bir diqqatni tortadigan jihatlardan biri Qilichali Abdullayev 14 yoshida Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti talabasi bo‘lish sharafiga erishgan.

Assalomu Alaykum Qilichali aka! Siz ham yurtimizda hukumatimiz tomonidan matematika faniga bo‘layotgan e’tibordan xursand bo‘layotganingizni xis etib turibman. Shu haqida fikrlaringizni bo‘lishsangiz

– Matematika fani faqatgina shu fan bilan shug‘ullanayotganlar, shu fanni o‘qitish orqasidan ro‘zg‘or tebratayotganlar uchungina zarur emasligi har bir qadamimizda ayon. Buning hukumat darajasida muhokama qilinib, davlat ahamiyatidagi masala darajasiga ko‘tarilishi esa, afsuski, eng avvalo yoshlar orasida matematik madaniyatning pasayganligi bilan izohlanadi.

"Akangda sendagidan 8000 so‘m ko‘p pul bor. Undan qancha pul olsang, ikkingizda bir xil pul bo‘ladi?" masalasini og‘zaki yoki " Mahsulot narxi 2% kamayganda sotib olish mumkin bo‘lgan mahsulot miqdori necha foiz ortadi?" masalasini kalkulyator yordamida yecha olmaydigan odamdan iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar tahlili va uning shaxsiy xo‘jaligiga ta'siri haqida qandaydir fikrlar kutish mumkinmi?

Bu madaniyatsizlikda maktab o‘qituvchilari va repetitorlar bo‘lmish biz, o‘qituvchilarning, kamchiligimiz asosiy rol o‘ynaydi.

Maktab darsligidagi masalalarni yechishdan vaqt ortsa (aslida, vaqt orttirish juda mushkul) yoki repetitorlikda mavzuni o‘tib bo‘lgach amaliy masalalar yechtirish (bu yerda vaqt yetarli, lekin o‘rganiladigan ma'lumot hajmi katta) ishiga qunt qilmaymiz.

Har darsga tayyorgarlik ko‘radigan o‘qituvchi amaliy hayotda shu mavzu tushunchalari yordamida yechiladigan istalgancha masala topadi.

– Algebraga nisbatan geometriyani yaxshi ko‘rishingizni ko‘p bora takidlagansiz. Shu bo’yicha savol bermoqchi edim: algebradan ko‘ra geometriyani go‘zalroq deb o‘ylaysizmi yoki algebrani go‘zalligini o‘zim ko‘ra olmagan bo‘lsam kerak debmi? Sabab nimada?

Elementar matematikani o‘rganishda Arifmetika+Geometriya+Algebra+Trigonometriya+Analiz=AGATA formulasidan foydalanadigan men uchun bu savol sal noqulayroq.

To‘g‘ri, geometrik masalalarni yechishda, agar geometrik usul bor bo‘lsa, algebraik usuldan foydalanish geometriyaga nisbatan xiyonatdek.

Oddiygina bir to‘g‘ri chiziq o‘tkazilganda masalani yechish bitta tenglama orqali hal bo‘lsa, o‘qituvchi darsga tayyorlanish paytida shu usulni izlab topishi kerak.

Shunisi borki, ba'zi algebraik masalalar geometrik usulda osonroq chiqadi. Bunaqa usullardan ham foydalanish o‘quvchining zehni va bilimi ortishiga xizmat qiladi.

– Matematika fani bo‘yicha yaxshi ko‘rib o‘qigan va o‘zgalarga ham tavsiya etadigan kitoblaringiz qaysilar?

Adabiyotlar bilan ishlashda bizning tengdosh o‘qituvchi hamkasblar 2000-2013- yillar oralig‘ida o‘zbek tilidagi adabiyotlar taqchilligi bilan duch keldik.

Nazariy qismni tashkillashtirishga kitobimiz bo‘lgani holda masalalar to‘plamlari taqchilligi sezildi va o‘zimizda bo‘lmagan adabiyotlar o‘rnini rus, turk va ba'zi ingliz tilida chop etilgan masalalar to‘plamlari yordamida to‘ldirdik.

Bu ish noto‘g‘ri ish bo‘lmaganligini, taraqqiyot yo‘nalishi bo‘ylab to‘g‘ri vektor olganligimizni davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Nazariy ma'lumotlarni to‘la amaldagi maktab darsliklari asosida o‘rganib, darslikda yoritilmagan ba'zi tushunchalarni umummatematik tasdiqlar orqali aniqlab olamiz.

Masalan, o‘zgarmas funksiyaning monoton ekanligini bo‘sh to‘plam har qanday to‘plamning qism-to‘plami bo‘lishi orqali aniqlaymiz.

Nol vektorning istalgan vektor bilan yo‘nalishdosh ekanligini ham shunga asoslanib tushuntiraman.

Asosiy foydalanadigan adabiyotlarim sifatida quyidagilarni keltirib o‘taman.

  • O‘z maktab darsliklarimiz ixtisoslashgan sinf darsliklari bilan birga.
  • 1996-2003- yillarda Davlat Test markazining "Axborotnoma" jurnalida chop etilgan test materiallari va keyingi yillarda kirish imtihonlarida taklif qilingan masalalar asosida tuzilgan testlar to‘plami.
  • M.Usmonovning masalalar to‘plami.
  • I.F.Sharigin kitoblari.
  • Turk tilida chop etilgan masalalar to‘plamlari.

– “O‘quvchim, tuman yoki viloyat olimpiadasiga chiqdi. Buyog‘iga qaysi kitoblarni ko‘rib chiqishni tasviya etasiz?” deb mendan so‘rab turishadi. Shu savolni sizga bermoqchiman, shu ustozlarga olimpiada yo‘nalishida yozilgan qaysi kitoblarni tavsiya etgan bo‘lardingiz?

Hozirda o‘zbek tilida olimpiada yo‘nalishida adabiyotlar ancha ko‘payib qoldi. Bu ishni osonlashtiradi.

Agar hamma o‘zbekcha adabiyotlarni o‘rganib bo‘lishsa, polsha, vengriya, hindiston, xitoy va xalqaro olimpiada masalalarini tavsiya qilaman.

– Oldingizga o‘qishni rejalashtirib kelgan abituriyentni kursingizga qabul qilish jarayoni qanday bo‘ladi?

Yanvar oyidan keyin yangi boshlovchilar uchun guruh ochish qiyin.

Qolgan vaqtlarda sal tayyorgarlikka ega o‘quvchining nimalarni bilishini aniqlab, bilimiga yaqin bo‘lgan ikkita guruhni taklif qilaman. Uning tanishgan so‘nggi bilimlari guruhlarning birinikidan orqaroqda, ikkinchisinikidan oldinroqda bo‘ladi. Imkon boricha oldingi guruhga o‘tib olishga harakat qilganligi ma'qulligini tavsiya beraman.

– O‘quvchilarga bitta dars o‘tish jarayoningiz haqida ma’lumot bersangiz, ya’ni o‘quv kursiga ajratilgan vaqt qancha va uni qanday taqsimlab olgansiz?

Bir mashg‘ulot astronomik 2 soatdan iborat. Shu vaqt ichida mavzu bilan tanishtirib, doskada har bir o‘quvchiga yangi mavzuga doir masala yechtirib, uyga vazifaga shunga o‘xshash masalalardan berib yuboraman.

– Repetitorlik mashg‘ulotlarda siz va o‘quvchilaringiz ishlatadigan kitoblar haqida gapirib o‘tsangiz.

O‘quvchilarim birorta ham adabiyot sotib olishmaydi. Ularga test to‘plamlari sotib olishlarini tavsiya beraman xolos. Har darsda sinf va uy ishini o‘quvchilarga alohida tarqataman.

– O‘quvchingiz siz aytgan masalani ishlay olmasa yoki uyga vazifani qilib kelmasa, ya’ni siz aytgan talabni bajarmasa qanday choralar qo‘llaysiz?

Yoshlik paytimda jismoniy jazo qo‘llar edim. Qo‘rqqanidan ham qilib kelar edi.

Endi o‘zimiz ham ota bo‘lib, farzand qadrini va uni katta qilish azobini ko‘rgach sal muloyimroq usullarga o‘tdim.

Shu kecha-kunduzda jazo: uyga vazifa bajarilmagan bitta bo‘lsa ham o‘quvchi topilsa, shu guruh o‘sha bola yechishi kerak bo‘lgan hamma misol va masalalarni birgalikda ishlashadi. Keyingina yangi mavzu boshlanadi.

– Endigina repetitorlikni boshlagan inson tezroq muvaffaqiyatga erishishi uchun o‘ziga qanday dastur tuzib olishi kerak?

Repetitorlikdan maqsad ko‘p pul topish bo‘lsa, bu repetitor hech qachon yaxshi o'qituvchi bo‘la olmaydi.

O‘qituvchilik kasbini tanlashga qadam qo‘yayotgan har bir yoshga maslahatim: o‘qituvchilik daromad manbai emas. Maktabda olinadigan oylikka yarasha ish 45 minut xonada bo‘lib turish emas. Doska oldida turib, shu mavzuni o‘quvchiga tushuntirish va ular orasidan hech bo‘lmasa 50% ini darsga qiziqtirib, shu kunlik masalalardan yechtira olmasa, o‘qituvchi shu darsni o‘tmadim desa ham bo‘ladi.

Doska oldida turib qorako‘zlarga 45 minut davomida nimalar deyishingiz kerakligini yaxshilab rejalashtiring. Aks holda, kasbga xiyonat qilgan bo‘lasiz.

Dastur masalasiga kelsak. Albatta, hech bir ish biror rejasiz bo‘lmaydi. Lekin, rejani guruhga mo‘ljallab tuzgan ma'qul.

Yangi repetitorlikni boshlagan 2000-2001- yillarda o‘quvchi tushuntirganlarimni menga qaytarib bera olmayotganligiga jahlim chiqar edi. Vaqt o‘tishi bilan tushundimki, tushunchalarni men bilaman, o‘quvchi esa birinchi marta eshityapti va o‘quvchi zotining ko‘pchiligiga xos ishyoqmaslik bilan uy vazifalarini bajarmayapti.

Menda ham ma'lum bir dastur bor. Bu dastur maktab yoki testlar to‘plami mavzulari ketma-ketligida emas. O‘tilgan mavzulardan foydalanib anglash mumkin bo‘lgan mavzular ketma-ketligi shaklida tuzilgan. Bir vaqtda ochilgan ba'zi guruhlar shu dasturda bir kunga mo‘ljallangan mavzuni shu kunda qabul qila olsa, boshqa bir guruh bu ishni uddalay olmaydi. Shunday paytlarda qo‘shimcha mashg‘ulotlar qo‘yib, mavzuni davom ettirishga majbur bo‘lamiz va ko‘pchilik hollarda bir guruh boshqa guruhlardan ortda qolishga to‘g‘ri keladi. Shuning natijasida turli darajadagi guruhlar paydo bo‘ladi.

Keyingi paytlarda ish boshlayotgan yosh repetitor do'stlarga maslahatim: kitob o'qishdan erinmang. Maktab darsligidagi ta'rifni tushuntirib, shu asosda ish olib boring.

Ba'zi yosh do'stlarimiz maktab darsligidagi ta'rifdan voz kechib, o'zlari ta'rif kiritishyapti va o'quvchilarning matematik bilimlari chala bo'lib qolishiga sabab bo'lib qolishmoqda. Chunki, noto'g'ri ta'rif bo'yicha ishlab, to'g'ri ilm yaratib bo'lmaydi.

Qolaversa, yosh do'stlarimiz tuzayotgan testlari ham o'zlari aytayotgan ta'riflariga moslangan shekilli, ba'zi masalalar chala ekanligini tushuntira olmay sarson bo'lyapmiz.

Iltimos, do'stlarim, kitob o'qing va o'quvchilaringiz kelajagi uchun qayg'uring. Bizning ertangi kunimizni shu o'quvchilar qurishadi.

– Oxirgi savol: matematikaga oid kitoblardan tashqari qaysi yo‘nalishdagi kitoblarni o‘qib turasiz?

Badiiy asarlar o‘qish sevimli mashg‘ulotim. Matematikadan va ishdan bo‘sh bo‘lgan vaqtlarimda jahon yangiliklari bilan tanishib, Telegram tarmog‘idagi akkauntimni kuzatgach, uyimdagi shaxsiy kutubxonam kitoblaridan birini yoki Internet tarmog‘ida maqtalgan kitoblardan birini o‘qib boshlayman.

O‘qituvchi ko‘p kitob o‘qishi kerak. Repetitorlar ham.

Zohidbek Turdaliyev suhbatlashdi.


SUPER REPETITORLAR - kanali uchun maxsus tayyorlandi!


Report Page