Rektorning gapi «ho‘kizning shoxini zirqiratdi»

Rektorning gapi «ho‘kizning shoxini zirqiratdi»

https://t.me/vatandosh_tv

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing bir og‘iz gapi Rossiya diplomatiyasini “portlatib” yubordi. Xo‘sh, rektor janoblari shimoldagi qo‘shnilarni nima deb xafa qilib qo‘ydi?

Sherzodxon Qudratxo‘ja YouTube kanallaridan biriga bergan intervyusida 1966 yil Toshkent zilzilasidan keyin zilzila oqibatlarini tugatish uchun Rossiya va boshqa respublikalardan kelgan quruvchilar o‘zlari qurgan uylarni egallab qolib ketishgani haqida gapirgan, ularning shuncha yildan beri mahalliy aholi tilini o‘rganmaganiga urg‘u bergan.

"Karl Marks ta’kidlaganidek, (bu gap unga tegishli deyishadi), o‘zi yashayotgan mamlakatning tilini ikki kishi: bosqinchi yoki fikr qila olmaydigan ahmoqlargina bilmaydi”, - degan edi Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Sherzodxon Qudratxo'ja

O‘zbek tilini bilmaydigan boshqa millat vakillarini ular bosqinchi yoki ahmoqmi ekanliklarini o‘zlari hal qilishlarini aytgan rektor “yurtimizda yashaydigan, palovimiz, samsalarimizni yeydigan, yurtni hurmat qiladigan, lekin tilimizni bilmaydigan odamlarni nazarda tutgan. Bu kimgadir yoqmasligi mumkin, lekin menimcha, bu yo ahmoqlik yoki o‘zbeklarga nisbatan mustamlakachilik, takabburlik munosabatining davomi, bunga ularning o‘zbeklarning o‘zlari ham aybdor. Chunki biz juda mehribon, mehmondo‘st, yumshoqmiz. Kimnidir ko‘rsak, darrov tilimizni unutamiz”, — deya qo‘shimcha qilgan.

Shundan so‘ng O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadov Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, O‘zbekiston Respublikasi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing bayonotlari yuzasidan unga norozilik bildirildi.

“Bu kabi mulohazalarning mazmuni va ohangi Rossiya va O‘zbekistonni bog‘lab turgan, mamlakatlarimiz rahbarlarining Moskvada 2023 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi natijasida yanada izchil rivojlanib borayotgan chuqur strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga mutlaqo zid ekani ta’kidlandi”, — deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Rektorning bu so‘zlaridan so‘ng “Rossotrudnichestvo” “rusofobiya ko‘rinishlari” tufayli O‘zbekiston Milliy OAV assosiatsiyasi va Maktabgacha ta’lim vazirligi Jamoatchilik kengashi bilan aloqalarni vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi. MDH, chet eldagi vatandoshlar va xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha federal agentlik rahbari Yevgeniy Primakovning so‘zlariga ko‘ra, MDO rahbari Sherzod Qudratxo‘janing so‘nggi bayonotlarida “rusofobiya” alomatlari bor emish. Primakovning ta’kidlashicha, Rossotrudnichestvo Qudratxo‘ja “ishonchli va ishonchli kechirim so‘ramagunicha” ushbu tashkilotlar bilan barcha aloqalarni to‘xtatadi.

Primakov Qudratxo‘jani "ota-onasi yomon tarbiyalagan, o‘zbilarmon" deb atagan. U, shuningdek, Qudratxo‘ja va uning qarindoshlariga Rossiyaga kirishi, “o‘zi juda yoqtirmaydigan mamlakatda” o‘qish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish taqiqlanishiga shama qilgan.

Shu o‘rinda ruslarning bir xil muammoga ikki xil qarashiga hayron qolasan-da... Kim Rossiyaga kelsa, ularning nazdida rus tilini yaxshi bilishi, Rossiya tarixidan imtihon topshirishi, ularning urf-odatlariga amal qilib jimgina yurishi kerak ekan. Hatto Rossiya fuqarosi bo‘lgan o‘zbekning “men rus emas, o‘zbekman” degani uchun turli ayblovlar qo‘yib, ishini sudga oshirishdi.

Siz nima deysiz, aziz o‘quvchi? Sherzodxon Qudratxo‘janing so‘zlari to‘g‘rimi yoki “ko‘p millatli” O‘zbekistonda davlat tilini bilmay yuraversa ham bo‘laveradimi?

Yoqub Umar

Report Page