ReCET

ReCET

Akmaljon Najimov

Soʻnggi yillarda oʻn ikki barmoqli ichak (duodenum)ning glyukoregulyatorlik roli koʻp oʻrganilmoqda. Tadqiqotlar koʻrsatishicha, duodenal shilliq qavatning morfologik va funksional oʻzgarishi qandli diabet patogenezida muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.

Shunga koʻra, oʻn ikki barmoqli ichak diabet terapiyasining yangi nishon aʼzosiga aylanib bormoqda. Duodenumga targetlangan terapiya diabet kechishini fundamental oʻzgartirishi va uzoq muddatli samaraga olib kelishi mumkin.

Metabolik regulyatsiyada duodenumning roli

Duodenum, unga tushgan oziq moddalarni sezadi va unga javoban gormonal hamda neyronal signallar berish orqali oʻzidan keyingi organlarning (ichak, pancreas, bosh miya) ishini boshqarib, glyukoza gomeostazini muvozanatda saqlab turadi.

Dastlab, oziq moddalar duodenal shilliq qavatdagi enterotsitlar va enteroendokrin hujayralar bilan taʼsirlashadi. Ushbu hujayralar xolesistokinin, GLP-1 va GIP kabi mediatorlarni ajratadi, mazkur mediatorlar esa bevosita yoki bilvosita tarzda oshqozonning boʻshash tezligiga, ishtahaga, jigarda glyukoza sintezlanishiga, pancreasdan insulin va glyukagon ajralishiga taʼsir qilib, qondagi qand miqdorini meʼyorda ushlab turishga yordam beradi.

Patologiyada

2-tur qandli diabet rivojlanishida bir qancha omillar ishtirok etishi maʼlum, ammo, semizlik va yuqori kaloriyali dieta hal qiluvchi faktorlar hisoblanadi. Oʻtkazilgan tadqiqotlarning koʻrsatishicha, yuqori yogʻ-uglevodli dieta taʼsirida ingichka ichak shilliq qavatida bir qancha morfologik oʻzgarishlar yuz beradi, xususan, duodenal ichak vorsinkalarining giperplaziyasi, enterotsit va enteroendokrin hujayralar sonining oshishi. Shuningdek, duodenal shilliq qavatdagi SGLT1, GLUT1 va GLUT5 kabi glyukoza tashuvchilar soni ham diabetik bemorlarda toʻrt barobar yuqori boʻlishi haqida maʼlumotlar keltiriladi.

Umumiy olganda, yuqoridagi jarayonlar tufayli duodenal shilliq qavatning normal funksiyasi buziladi va oxir-oqibat bemorda qandli diabet rivojlanadi.

EEH - enteroendokrin hujayra; CCK - xolesistokinin; YYU - Yuqori yogʻ-uglevodli dieta

ReCET

Agar duodenal shilliq qavatning disfunksiyasi qandli diabetga olib kelsa, uning normal funksiyasini qayta tiklash diabet kechishiga ham ijobiy taʼsir etishi mumkin.

Aynan shu gʻoya asosida, duodenal shilliq qavat holatini yaxshilovchi bir qancha usullar taklif etilgan. Shular orasida eng yangisi - ReCET.

Endoscopic re-cellularization via electroporation therapy, qisqacha Re-CET (elektroporatsion terapiya yordamida endoskopik re-sellularizatsiya), shuningdek, endoskopik duodenal shilliq qavat regeneratsiyasi deb ham nomlanadi.

Re-CET mohiyati quyidagicha: bemorning oʻn ikki barmoqli ichagiga endoskop kiritiladi. Endoskop uchida Re-CET kateteri mavjud boʻlib, u pulsatsion-elektrik maydon hosil qiladi. Ushbu maydon taʼsirida elektroporatsiya hodisasi yuz beradi, yaʼni duodenal shilliq qavatdagi disfunksional hujayralar membranasida poralar (teshiklar) paydo boʻlib, mazkur hujayralar apoptozga uchraydi (oʻladi). Bu esa oʻz navbatida regeneratsiyaga turtki beradi va natijada yangi, sogʻlom ichak hujayralari shakllanadi. Shu tariqa, oʻn ikki barmoq ichakning eski, disfunksional shilliq qavati yangisiga almashinadi. Duodenumning qondagi qandni boshqarish funksiyasi tiklanadi.

Re-CET (Mayo Clinic)
Re-CET natijasida duodenal shilliq qavatning oʻzgarishi
The American Society for Gastrointestinal Endoscopy https://doi.org/10.1016/j.gie.2024.04.2904

Usul hozir sinovdan oʻtmoqda (Re-CET + GLP-1 RA kombinatsiyasi asosida).

Batafsil maʼlumot uchun 1-linkka oʻting.

Linklar:

https://diabetesjournals.org/diabetes/article/72/Supplement_1/852-P/149930/852-P-Duodenal-Recellularization-via

https://dom-pubs.onlinelibrary.wiley.com/doi/full/10.1111/dom.15533

https://www.mayoclinic.org/medical-professionals/digestive-diseases/news/researchers-study-novel-endoscopic-therapy-for-type-2-diabetes/mqc-20563134

Report Page