Rasmiy munosabat
“Xabar.uz” kanali orqali uzatilgan “Daraxt shoxlariga osilib maktabga qatnayotgan bolalar” salavhasi ostida Vobkent tumani “Shanba” MFY hududidagi muammolarga bagʻishlangan videolavha yuzasidan Vobkent tumani hokimligining rasmiy munosabati.
Vobkent tumani hududida jami 16 km xalqaro ahamiyatdagi, 171 km umumfoydalanuvdagi va 688 km ichki yoʻllar mavjud boʻlib, soʻnggi 4 yilda davlat dasturlari, “ochiq byudjet”, “mening yoʻlim” dasturlari, shuningdek, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan tumandagi 286,5 km yoʻllar, 2 ta xalqaro va 2 ta umumfoydalanuv yoʻllardagi koʻpriklar taʼmirlandi. Jumladan, joriy yilda 1,9 km umumfoydalanuvdagi yoʻllar, “tashabbusli byudjet” jarayoni 1-bosqichida 3 ta mahallalardagi 9,4 km, Mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish manzilli dasturiga asosan 6 ta mahallalardagi 3,9 km yoʻllar asfaltlashtirilgan boʻlsa, “tashabbusli byudjet” jarayoni 2-bosqichida 4 ta mahallalardagi 14,0 km yoʻllarni asfaltlashtirish ishlari bajarilmoqda.
Xalqaro ahamiyatidagi M-37 yoʻlidan “Shanba” mahallasiga olib boruvchi, mahallani tuman markazi bilan bogʻlovchi umumfoydalanuvdagi 4K-212 yoʻlining umumiy uzunligi 26 km boʻlib, shundan 22 km qismi 2021-yilgacha taʼmirtalab holatda edi. Oʻtgan 4 yil davomida davlat dasturlari va mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan mazkur yoʻlning 20,2 km qismi, shundan, 1,5 km qismi joriy yilda toʻla taʼmirlandi, qolgan 1,8 km qismini taʼmirlash ishlari 2025-yildagi ustivor vazifa sifatida rejalashtirilgan, hozirgi kunda yoʻlning 16-km dagi (Shanba mahallasiga oʻtuvchi) koʻprikda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Videolavhada koʻrsatib oʻtilganidek, Vobkent tumani “Shanba” mahalla fuqarolar yigʻini aholisining murojaatlariga asosan tuman hokimligi masʼullari, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida joyiga chiqqan holda muammolar oʻrganildi.
“Shanba” mahalla fuqarolar yigʻini tuman markazidan olis hududda joylashganligi, aholi punktlari tarqoq (aholi punklari orasidagi masofa uzoq)ligi, aholi xonadonlari markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanmaganligi, ichki yoʻllari taʼmirtalab holatda ekanligi, elektr taʼminotini yaxshilash zarurati mavjudligini inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentyabrdagi PQ-5246-sonli “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan ushbu mahallada qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Dastur doirasida “Shanba” MFYda 4 ta transformator punkti oʻrnatish va 10 km tarmoqlar tortish, 18,0 km ichimlik suvi tarmoqlarini tortish va 5,5 km ichki yoʻllarni taʼmirlash, shuningdek, Mahalla markazi va 90 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti binolarini qurish, 27-son maktabni mukammal taʼmirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda Mahalla markazi va 90 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkilotini qurish, ichimlik suvi tarmoqlarini tortish boʻyicha loyihalash ishlari olib borilmoqdi, suv tarmoqlari tortilgandan soʻng, koʻchalarni asfaltlashtirish (taʼmirlash) ishlari bajariladi.
Shamsiobod qishlogʻida ariqlarni tozalash jarayonida aholi tomonidan qazilgan tuproqlar yoʻl chekkasida uyulib qolganligi, yogʻingarchilik suvlarini qochirish imkoniyati boʻlmaganligi natijasida yoʻllarda yogʻingarchilik suvlari yigʻilib qolgan. Shuningdek, Oblogoʻy qishlogʻida 0,4 kVli tarmoqda avariya sodir boʻlishi natijasida ushbu qishloqdagi 12 ta xonadonlarning elektron hisoblagichlari yaroqsiz holga kelgan.
Murojaatlarni oʻrganish kunida mahallaning Shamsiobod, Xalqobod, Oblogoʻy va Obod mahalla qishloqlaridagi ichki yoʻllarning taʼmirtalab (suv yigʻiladigan) qismlariga shagʻal yotqizildi, Oblogoʻy qishlogʻidagi 12 ta xonadonlarning elektr hisoblagichlari tuman elektr taʼminoti korxonasi tomonidan almashtirib berildi. Shamsiobod, Xalqobod, Oblogoʻy va Obod mahalla qishloqlaridagi maktab oʻquvchilarining maktabga qatnashi uchun transport vositasi biriktirish taklifi tumandagi aholiga yoʻlovchi tashish xizmati koʻrsatish faoliyatini olib borayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan oʻrganib chiqilgandan soʻng, bu borada amaliy ishlar boshlanadi.
Tumanda 2024-yil baxor oylarida yogʻingarchiliklar koʻp boʻlganligi sababli hamda yogʻingarchiliklar natijasida kutilyotgan suv limitlari ortiq miqdorida boʻlganligi natijasida aksariyat hududlarda yer osti sizot suvlari satxi (2-2,20m) meyoridan ortiq boʻldi. Ayniqsa “Xayrabod” va “Qoʻngʻirod” hududlarida sizot suvlari satxi meyoridan 0,4-0,5 metrdan yuqori boʻlganligi kuzatildi.
Yer osti sizot suvlari satxi meyoridan ortiqcha boʻlganligi sababli zax suvlariga chidamsiz ayrim yosh koʻchatlarning qisman qurishiga olib keldi.
Yuqorida nomlari keltirilgan hududlarda yashovchi fuqarolarning fikriga koʻra mazkur koʻchatlarning qurishiga sholi ekilishi sabab boʻlganligi deb murojaat qilishgan. Murojaatlar sohaga aloqador mutaxassislar ishtirokida joyida borib oʻrganilganda oldingi yillarda ham sholi ekinlari ekilganligi aniqlangan.
Sizot suvlari satxini meyor darajasida tushirish uchun xududdagi 1,5 km kollektorlar mexanizm yordamida tozalanib, 3 dona zax qochirish tik quduqlari muntazam ishlatib borildi va zax suvlari meyor darajasida tushirildi.
Ayrim qurigan yosh daraxtlar boʻyicha hududda faoliyat olib borayotgan fermer xoʻjaliklari rahbarlari bilan maslaxatlashib ushbu fermer xoʻjaliklari tomonidan homiylik sifatida har bir qurigan daraxt uchun 10 donadan mevali koʻchat olib berilishiga kelishildi.
Noyabr oyidan koʻchat qurish mavsumi boshlanganligi sababli fermer xoʻjaliklari rahbarlari tomonidan qurigan koʻchatlarni oʻrnini toʻldirish maqsadida mevali koʻchatlar yetkazib berilishi belgilandi.
Shu bilan birgalikda Vobkent tumanida amalga oshirilishi kerak bo'lgan ishlar jumladan: tuman aholisini ichimlik suvi bilan to'liq ta'minlash, foydalanuvdagi barcha ichki yo'llarni ta'mirlash, elektr energiyasi ta'minotini va mahallalarni infratuzilmalarini yaxshilash borasidagi muammolar kelgusida tuman dasturlari asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan hamda hududlarda ishlar boshlab yuborilgan.
Oʻz navbatida Vobkent tumani hokimligi tumandagi muammolarga befarq boʻlmagan “Xabar.uz” kanali jamoasiga oʻz minnatdorchiligini bildiradi.
Vobkent tuman hokimligi axborot xizmati