Rasmiy munosabat
Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Shayxontohur tumani Gulobod mavzesida bolalar maydonchasi o’rab olib, qurilish ishlari boshlanganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Shayxontohur tuman hokimligi Axborot xizmati quyidagilarni ma'lum qiladi:
Shayxontohur tumani Gulobod mavzesi 2 va 5-uylar orasida qurilishi rejalashtirilgan hudud o'rganib chiqilganda, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-avgustdagi “Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo'yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5511-sonli farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida, Toshkent shahar hokimining 2019-yil 3-dekabrdagi “NEW TURON BUILDING” masʻuliyati cheklangan jamiyatiga yer uchastkasini zaxiralash va investitsiya shartnomasida ko'rsatilgan talablarni bajarish haqida”gi 1698-sonli qarori asosida yuqorida qayd etilgan hududda maydoni 0,10 gektarli yerda kichik mehmonxona binosi qurish uchun ajratib berilgan.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 370-sonli qarori asosida Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2020-yil 2-martdagi 525-T-sonli ART hujjatlari ishlab chiqilgan va loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo'yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2021-yil 25-fevraldagi 7939-sonli xulosasi asosida eskiz loyiha hujjatlari kelishilgan.
Qurilish tashkilotiga bolalar maydonchasi o'rab olinganligi yuzasidan tushuntirish berilgan hamda bu yerda mahalla aholisining roziligisiz qurilish olib borilmasligi haqida yana bir bor ogohlantirilgan.
Biroq aholi tomonidan ushbu hududda qurilish ishlari olib borilishiga eʻtirozlar bildirilganligi sababli, hozirgi kunga qadar qurilishni boshlashga ruxsat berilmagan.
Shu bilan birga qurilish ishlarini boshlashdan avval, qurilish tashkiloti yondosh hududda joylashgan ko'p qavatli turar-joy binolari aholisi bilan kelishishi tavsiya etiladi.