“Pullik tibbiy xizmat ko‘rsatadigan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibi 8-bandiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qaror bo‘yicha ma’lumot

“Pullik tibbiy xizmat ko‘rsatadigan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibi 8-bandiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qaror bo‘yicha ma’lumot


Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim internet nashrlari va faollari tomonidan “davlat shifoxonalaridagi pullik xizmatlar 4,8 karraga qimmatlashadi” qabilidagi ma’lumotlar tarqatilmoqda. Mazkur vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Qayd etish kerakki, 2025-yil 27-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining “Pullik tibbiy xizmat ko‘rsatadigan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Mazkur qarorning 8-bandida “Tibbiy xizmatga to‘lovning eng ko‘p qiymati davolash-profilaktika muassasasi tomonidan budjet mablag‘lari hisobiga ko‘rsatilayotgan aynan shunday xizmatlar qiymatining 25 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emas”ligi belgilangan.

Biroq, mazkur qaror qabul qilinganidan so‘ng uning 8-bandidagi me’yorning turlicha talqin qilinishi oqibatida ba’zi tushunmovchiliklar kelib chiqdi. Jumladan, “shunday xizmatlar qiymatining 25 foizi nazarda tutilganmi yoki 125 foizimi” degan savollar yuzaga keldi. Sodda qilib aytganda, “tibbiyot muassasalarida 100 ming so‘mlik tibbiy xizmat 25 ming so‘mga yoki 125 ming so‘mga ko‘rsatiladimi”, degan mazmunda murojaatlar paydo bo‘ldi.

Yuzaga kelgan tushunmovchilikni bartaraf etish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining “Pullik tibbiy xizmat ko‘rsatadigan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibi 8-bandiga o‘zgartirish kiritish haqida” qo‘shma qarori qabul qilinib, Adliya vazirligi tomonidan 2025-yilning 7-may kuni ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Bu orqali tartib amaldagi normativ hujjatga muvofiqlashtirildi hamda pullik tibbiy xizmatlar narxlarining yuqori chegarasi aniq belgilandi. Xususan, aholiga pullik asosda ko‘rsatilgan tibbiy xizmat narxini belgilashda tegishli xizmat tannarxiga 20 foizgacha ustama qo‘llash mumkinligi qat’iy belgilandi. 

Ya’ni, endilikda tannarxi 100 ming so‘m bo‘lgan tibbiy xizmatning pullik xizmat narxi 120 ming so‘mdan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi qayd etildi

Shu kungacha esa tibbiyot muassasalarida aholiga pullik asosda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat narxini shakllantirish uning tannarxiga 25 foizgacha ustama qo‘llash orqali amalga oshirilgan. Ya’ni, tannarxi 100 ming so‘m bo‘lgan tibbiy xizmatning pullik narxini 125 ming so‘mgacha belgilash mumkin bo‘lgan.

Lekin ijtimoiy tarmoqlarda mazkur yangilik “davlat shifoxonalaridagi pullik xizmatlar qimmatlashadi”, deb noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. 

Aslida Adliya vazirligi tomonidan 2025-yilning 7-may kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan qaror bilan tibbiyot muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan pullik xizmat narxi kamaytirildi. Ya’ni, davlat shifoxonalaridagi pullik xizmatlar uchun to‘lovlar kamida 5 foiz arzonlashdi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, internet nashrlari va blogerlarni qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni talqin qilishda chalg‘ituvchi ma’lumotlarni tarqatmaslikka, yuzaga kelayotgan savollarni aniqlashtirishda rasmiy idoralarga murojaat qilishga chaqiramiz.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page