Rasmiy munosabat

Rasmiy munosabat


Ijtimoiy tarmoqlarda Samaqand viloyati, Oqdaryo tumani, “Bodorjoy” MFY hududida joylashgan “Bahodir Yalangto‘shbiy masjidi” yuzasidan tanqidiy fikr bildirilgan edi. Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi ushbu holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi.

Samarqand viloyatidagi “Bahodir Yalangto‘shbiy masjidi” moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyekti xisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari Milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan Milliy ro‘yxatga kiritilgan.

Mazkur masjid binosi darhaqiqat og‘ir ahvolda, ammo u ijtimoiy tarmoqda keltirilganidek Bahodir Yalangto‘shbiy (1578-1656 yy.) tomonidan qurdirilmagan bo'lib, XIX–XX asrlar oralig‘ida tiklangan va Bahodir Yalangto‘shbiyning nomini abadiylashtirish maqsadida masjidga uning nomi berilgan.

“Bahodir Yalangto‘shbiy” masjidi XX-asrning 20-yillarigacha masjid sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Shu davrdan e’tiboran sobiq mustabid tuzum tomonidan diniy qadriyatlar toptalib, masjid faoliyati to‘xtatilgan va omborxonaga aylantirilgan. Mahalliy nuroniy oqsoqollar tomonidan og‘zaki ma’lumot berilishicha, Qatag‘on yillari (1932-1938 yy.) oralig‘ida masjid binosiga o‘t (yong‘in) ketgan va obyekt o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Bugungi kunda obyektning saqlanishi avariya holatiga kelib qolgan.

Ayni vaqtda tarixiy binoni saqlab qolish chora-tadbirlari ko’rilmoqda. Xususan, “Samarqand viloyatini 2022–2026 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturi” tasdiqlangan bo‘lib, Dasturning 2023-yilga mo‘ljallangan qismida “Bahodir Yalangto‘shbiy masjidi”ni restavratsiya qilish hamda Bahodir Yalangto‘shbiy shaxsi haqida kino olish belgilangan.

Samarqand vadaniy meros boshqarmasi tomonidan “Bahodir Yalangto‘shbiy” masjidini restavratsiya qilish yuzasidan loyiha-taklifi ishlab chiqilib, Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert Kengashiga taqdim etildi.


Kelajakda “Bahodir Yalangto‘shbiy” masjidi binosidan turizm obyekti sifatida foydalanish rejalashtirilgan.


Madaniy meros agentligi

Matbuot xizmati

Report Page