Rasmiy munosabat

Rasmiy munosabat

Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati

“Xalq so‘zi” gazetasining joriy yil 12-mart kunidagi sonida “E'tiborga muhtoj tarixiy obidalar “ohi”ni kim eshitadi? Yoki mutasaddilar nega jim?” sarlavhasi ostida Buxoro shahridagi “Аbdulazizxon” madrasasi va uning qulab tushgan sharqiy qismidagi devorini konservatsiya va restavratsiya qilish ishlari oqsayotganligi tanqid ostiga olingan. 

Mazkur maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

XVII asrda bunyod etilgan ushbu obyekt YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy markazida joylashgan bo‘lib, haqiqatdan ham ta’mirtalab holatga kelib qolgan. 

“Abdulazizxon” madrasasini restavratsiya qilish bo‘yicha loyiha hujjatlari tayyorlanib, Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konvensiyasi talablariga asosan 2020-yilda Umumjahon merosi markaziga taqdim etilgan. 

YUNESKOning maslahat qo‘mitasi hisoblangan IKOMOS xalqaro tashkiloti tomonidan madrasaning avariya holatida bo‘lgan qismlarini konservatsiya qilish ishlariga ruxsat berilgan.

O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshirilishi nazarda tutilgan yildan-yilga o‘tuvchi turizm, madaniy meros va taʼlim obyektlarining 2022-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalarning Mаnzilli dasturiga asosan “Аbdullazizxon” madrasasining tom va poydevor qismini mustahkamlash, qulab tushgan va unga tutash devor qismlarini taʼmirlash va qayta tiklash, obodonlashtirish ishlariga jami 4,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Shu o‘rinda, madaniy meros obyektlari bilan bog‘liq haqqoniy muammolarni olib chiqayotganligi va yoritayotganligi uchun gazeta tahririyatiga va maqola muallifi Istam Ibrohimovga o‘z minnatdorchiligimizni izhor etamiz.

Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati

Report Page