Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda “Yolg‘iz yashab, nogiron farzandni o‘stirish gunohmi?” sarlavhasi ostida e’lon qilingan videomurojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Murojaatda aytib o‘tilayotgan yer-uchastkasi Shofirkon tumani, “Qalmaqon” MFY “Qalmaqon” ko‘chasida joylashgan bo‘lib videomurojaatda o‘zimga tegishli yer-uchastkasida qilgan qurilishimni noqonuniy deb sudga berishdi deb da’vo qilayotgan fuqaro Gavhar Saidova o‘ziga tegishli uy-joyning birlamchi kadastr hujjati sxematik tarxiga kiritilmagan, ya'ni ruxsatsiz umumiy foydalanishdagi yer maydonidan 20 kv.m qismini o‘zboshimchalik bilan egallab noqonuniy tarzda darvozaxona qurgan (Ushbu holat fuqaro R.Muxammedov tomonidan Agentlikning tuman bo‘limi boshlig‘i Sh.Qulliyev nomiga qilgan murojaatini o‘rganish jarayonida aniqlangan).
Ushbu holat dastlab Kadastr agentligi Shofirkon tuman bo‘limi tomonidan o‘rganilib, o‘zboshimchalik bilan egallab amalga oshirilgan noqonuniy qurilishini ixtiyoriy bartaraf etish to‘g‘risida 2022-yil 19-avgustda fuqaroga № 233-sonli ogohlantirish xati berilgan.
Shunga qaramasdan fuqaro Gavhar Saidova belgilangan muddatda holatni ixtiyoriy bartaraf qilmagach agentlikning Shofirkon tuman bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Gʻijduvon tumanlararo sudiga 2022-yil 9-noyabrda № 32-sonli da’vo arizasi kiritilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Gʻijduvon tumanlararo sudi tomonidan 2-2003-2203/6573-sonli fuqarolik ishi atroflicha ko‘rib chiqilib, (ushbu holat sudda Davlat kadastrlar palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi Shofirkon tuman filialining 30.11.2022-yildagi 15/1092-sonli xulosasida hamda sudning so‘roviga asosan Shofirkon tuman Qurilish bo‘limining 30.11.2022-yildagi 45-sonli xatida tegishli ruxsatsiz qurilma qurilganligi ham o‘z isbotini topgan) kiritilgan da’vo arizasi qanoatlantirilgan.
Xuddi shuningdek, sudning xal qiluv qaroridan norozi bo‘lgan fuqaro G.Saidova fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudiga apellatsiya tartibida shikoyat arizasi bilan murojaat qiladi.
Buxoro viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 2023-yil 9-fevralda apellatsiya ishi ko‘rib chiqilib Fuqarolik ishlari bo‘yicha Gʻijduvon tumanlararo sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldiriladi.
Endi masalaning boshqa tarafiga e’tibor berib ko‘rsak. Fuqaro G.Saidovaga shuni ham alohida aytib o‘tishimiz zarurki, yolg‘iz yashab, nogiron farzand o‘stirayotganliklari u kishiga hech qanday amaldagi qonunlarni chetlab o‘tishga imtiyoz yaratmaydi. Kadastr agentligi inspektorlari fuqaro da’vo qilayotgani kabi unga qarshi qasddan hech qanday harakat qilayotgani yo‘q. Ular ham o‘z vakolatlari doirasida qonun talablarini amalga oshirgan xolos.
Aslida, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 60-moddasida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Ushbu turdagi huquqbuzarlik uchun fuqaroga BHMning 25 baravari miqdorida jarima solinishi ham mumkin edi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, fuqarolar yerlarni bemalol egallab olish, undan istalgancha foydalanish mumkin degan tushunchalar aslo yo‘q. Yer umummilliy boylikdir, undan oqilona foydalanish zarur va u davlat muhofazasidadir.