Rasmiy munosabat.

Rasmiy munosabat.

Kadastr agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi

“Zo‘r tv” telekanalining “Bu kun” ko‘rsatuvida Qo‘shrabot tumani “Qirqovul” qishlog‘ida yashovchi fuqarolar tomonidan yo‘llangan murojaat bo‘yicha efirga uzatilgan lavhada qayd etilgan yer va uy-joy masalalari yuzasidan bir necha bor joyiga borib o‘rganilib, murojaat mualliflariga tegishli huquqiy tushuntirishlar berilib, aniqlangan noqonuniy holatlar va noto‘g‘ri tayyorlangan kadastr hujjatlarini bekor qilinishi sabablari tushuntirib berilgan.

Bu joyda bir nechta muammoli masala bir-biriga bog‘liq holat yuzaga kelgan. Ushbu holatlar yuzasidan bizdagi mavjud hujjatlar va kosmik syomkalar asosida batafsil, to‘liq ma’lumot berib o‘tmoqchimiz.

(Qo'shrabot tumani Qo'shrabot massivi Bozorjoy MFY Xaritasi)


1-Holat: Murojaatchi Qo‘shrabot tumani, “Bozorjoy” mahallasi, “Qirqovul” qishlog‘ida yashovchi fuqaro Rabbimov Sayfidinga 1992-yil 22-iyulda Qo‘shrabot tumani Xalq deputatlari “Oxunboboyev” qishloq kengashi ijroya komitetining qarori bilan sobiq “Qo‘shrabot” ijara xo‘jaligidan 25 sotix yer maydoni uy-joy qurish va qo‘shimcha tomorqa uchun ajratilishi ko‘rsatilgan.

Davlat kadastrlari palatasining Qo‘shrabot tuman filiali xodimlari tomonidan fuqaro S.Rabbimovni shu joydan foydalanuvchi sifatida 2018-yilda tayyorlangan texnik inventar kadastr xujjatida ushbu uy-joyning umumiy yer maydoni 1088 kv.metr deb qayd etilgan bo‘lib, shu ko‘rsatkich asosida 2022-yil 15-sentyabrda ushbu uy joyning umumiy yer maydoni 1088 kv.metr deb davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ammo fuqaro S.Rabbimov tomonidan haqiqatda foydalanib kelayotgan umumiy yer maydoni joyida 1,088 gektarni tashkil etadi.

Shu bilan birga, ushbu uy-joyga tegishli bino va inshootlarning ichki va tashqi qaydnomasida ko‘rsatib o‘tilgan molxona binosining qurilish osti maydoni miqdori boshqacha bo‘lib, lavhada ko‘rsatilgan molxona binosi 2018-yilda tayyorlangan topografik kadastr planida ko‘rsatib o‘tilmagan.

Shuningdek, fuqaro S.Rabbimovga ajratib berilgan 25 sotixdan tashqari ushbu joyning o‘zida 0,8380 gektar yoki qariyb 84 sotix yer maydoni ortiqcha egallab olingan bo‘lib, noqonuniy foydalanib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari tuman hokimligi zahirasida bo‘lgan yer maydonidan noqonuniy ravishda molxona binosi qurib olib, foydalanib kelayotganligi sababli, Kadastr agentligining Qo‘shrabot tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan MJtK ning 60-moddasi 3-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, fuqaro S.Rabbimovga 15-kunlik muddatda o‘z ixtiyori bilan bartaraf etish uchun ogohlantirish xati berilgan.

Tushuntirish ishlari natijasida noqonuniy qurilma fuqaro tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf qilinmagan.

Fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarini tuman hokimligi zahirasiga qaytarish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan molhonani buzdirish hamda yer maydonidan majburiy chiqarish haqida, FIB Ishtixon tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritilgan. Bugungi kunda ushbu holat sud jarayonida koʻrib chiqilmoqda.

Murojaatchi S.Rabbimov tomonidan videolavhada nazarda tutilgan sudning qarori aslida boshqa holat bo‘yicha chiqarilgan bo‘lib, Kadastr agentligining Qo‘shrabot tuman bo‘limi tomonidan noqonuniy qurilmani buzdirish to‘g‘risidagi da’vo arizasiga taalluqli emas.

2-holat bo‘yicha to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, fuqaro Do‘smatova Dilfuza Hazratovnaning tuman hokimligiga yozgan arizasiga asosan tuman hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyasining 22.07.2020-yildagi hulosasiga asosan tuman hokimining 2020-yil 28-iyuldagi qaroriga asosan fuqaro Do‘smatova Dilfuza Hazratovnaga tumandagi “Qo‘shrabot” massivi yerdan foydalanish haritasining 4449-konturidan tuman hokimligi zahirasidagi yer maydonidan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan dehqon ho‘jaligi tashkil qilish uchun 0,44 gektar yer maydoni ajratib berilgan hamda ushbu yer maydoni 24.11.2021-yilda ko‘chmas mulk obyektiga nisbatan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

3-holat Qo‘shrabot tumani, “Bozorjoy” mahallasi, “Qirqovul” qishlog‘ida yashovchi fuqaro Boyzoqova Muqaddamga Qo‘shrabot tumani Xalq deputatlari “Oxunboboyev” qishloq fuqarolar yig‘inining 1994-yil 27-apreldagi qaroriga asosan “Qoraqismoq” qishlog‘i hududidan 25 sotix yer maydoni hovli-joy va qo‘shimcha tomorqa uchun ajratilishi ko‘rsatilgan.

Biroq fuqaro Boyzoqova Muqaddam tomonidan tumandagi “Bozorjoy” mahallasi “Qirqovul” qishlog‘i hududidagi “Qo‘shrabot” massivi qishloq xo‘jalik yerlaridan foydalanish haritasining 4449-konturida uy-joy qurib olib, foydalanib kelishgan.

Ushbu uy-joyga nisbatan fuqaro Boyzoqova Muqaddam nomiga Davlat kadastrlari palatasining Qo‘shrabot tuman filiali kadastr muhandislari tomonidan 2020-yil 26-iyunda umumiy yer maydoni 0,5 gektar, qurilish osti maydoni 169,75 kv.metrdan uy-joydan foydalanuvchi sifatida texnik inventar kadastr hujjati tayyorlangan.

Biroq mazkur uy-joy va uning yordamchi ho‘jalik binolari “kosmik syomka”lar bilan yilma-yil solishtirilganda 2020-yilda ushbu yer maydoniga qurilish ishlari olib borilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

(2020- yil holatiga olingan kosmik syomka)

Mazkur texnik kadastr hujjatini tuman kadastr filialining sobiq mutahassisi A.Karimov tomonidan texnik hatolik sababli ya’ni uy-joy qurilmasdan kadastr hujjati tayyorlanib rasmiylashtirilganligi ma’lum bo‘ldi. Keyinchalik ushbu uy-joy fuqaro Boyzoqova Muqaddam nomiga 2022-yil 28-iyulda umumiy yer maydoni 25 sotixdan iborat ochiq yer uchastkasi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Ushbu fuqarolarning murojaatlarini joyida o‘rganib chiqish yuzasidan Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘iga asosan tuzilgan  “Ishchi guruh” tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganda, fuqaro Boyzoqova Muqaddamga Qo‘shrabot tuman Xalq deputatlari “Oxunboboyev” qishloq fuqarolar yig‘inining 1994-yil 27-apreldagi qarorida ko‘rsatilgan manzil hozirda uy-joy qurib yashab kelayotgan “Bozorjoy” mahallasi “Qirqovul” qishlog‘idagi manzilida emas balki, tumandagi “Qoraqismoq” qishlog‘i hududidan 0.25 gektar yer maydoni ajratib berilsin deb ko‘rsatilganligi sababli, Davlat kadastrlari palatasining Samarqand viloyat boshqarmasi qoshida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtida yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar hal qilish komissiyasi” tomonidan ushbu uy-joyga nisbatan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan reyestr bekor qilingan.

Koʻrsatuvda fuqarolarga tegishli yer maydoni tumandagi “Obod oʻlka” klassteriga 12,2 gektar yaylov yer sifatida ajratilib berilganligini maʼlum qilgan holati, “Obod oʻlka” klassteri tomonidan fuqaro Rabbimov Sayfiddinga 2022-yil 29-avgustdagi 06/03-101-sonli ijara shartnomasiga asosan 4448 konturdagi 12,2 gektar yaylov yer maydonlari chorva mollarini boqish uchun 2022-yil 31-dekabr kuniga qadar ikkalamchi ijrada foydalanish uchun berilgan.

Ushbu shartnomaga asosan berilgan yer maydonlari yuqorida qayd etilgan nizoli yer maydonlariga umuman daxldor emas, balki tutash yer uchastkasi hisoblanadi.


Hurmatli fuqarolar,shunga o‘xshash vaziyatlarning oldini olish maqsadida, Sizlardan quyidagi qoidalarga rioya qilishingizni so‘rab qolamiz:

1.Amaldagi qonunchilik normalari va talablariga rioya qiling.

2.Bo‘sh turgan yerni maydonini egasiz deb hisoblab uni o‘zboshimchalik bilan egallab olish yoki qurilish qurishga harakat qilmang, bo‘sh turgan yer maydonlari tuman (shahar) hokimligi zahirasidagi yer hisoblanadi.

3.Siz yer olmoqchimisiz?, tadbirkorlik faoliyati uchun yer maydoni kerakmi? Yoki qishloq xo‘jalik ekinlarini ekish bilan shug‘ullanmoqchimisiz? Respublikamizda

yer olish faqat qonuniy yo‘lga qo‘yilgan onlayn auksion va onlayn tanlov orqali

amalga oshiriladi.

 






Kadastr agentligi Samarqand viloyat
boshqarmasi Axborot xizmati





Report Page