Ramazon - tarbiya oyi
Maxfiy rivojlanishHar bir insonni eng yaxshi tarbiyalovchi oy kelmoqda. Agar uning shartlariga ko'nsangiz u sizni 360 gradusga o'zgartirib yubora oladi. Siz anchadan beri o'zingizni o'zgartirishni xohlaysiz ammo dangasalik, jur'atsizlik yoki boshqa sabab bilan buni ortga surayotgan bo'lsangiz siz uchun eng yaxshi imkoniyat kelmoqda.
Ramazonning fazilati
Bu dunyo bozorga o'xshaydi. Har kim o'zining moli ya'ni sarmoyasini bozorga olib chiqadi. Bundan maqsad foyda hosil qilish.
Huddi shuningdek, insonning har kungi sarmoyasi vaqtdir. Uni yaxshilikka ishlatsa foyda ko'radi aks holda zararda bo'ladi.
Boshqa natija yo'q. Imom G'azzoliy aytgan edi: "Foyda olish o'rnida foyda olmasliging ziyondir." Shuning uchun so'filarni vaqtning farzandi deydilar. Chunki ular har bir soniyasini qadrlaydilar.
Ramazon oyi esa misoli savdodagi mavsum kabidir. Mavsumda tijoratji molini ko'p miqdorda va yaxshi narxlarda sotishi mumkin bo'ladi. Ko'proq foyda ilinjida mavsum payti hamma vaqtini tijoratga sarflaydi.
Ramazon ham huddi shunday - rahmat, tarbiya, yaxshiliklar mavsumidir. Ramazonda vaqtini to'g'ri sarflaganlar foydaga kiradilar.
Ramazondan qanday foyda olamiz ?
Ramazondagi asosiy qoida bu farj va qorinni tiyish. Va bu ro'zaning eng quyi darajasi. Lekin shu oddiygina ikki ish sizni jismonan, ruhan va aqlan o'stirishi mumkin.
Ruhiy o'zgarish bu yomon axloq ya'ni bu dunyo va oxiratda zarar beradigan axloqiy sifatlardan qutulishdir. Buning uchun 3 ta amal kerak bo'ladi.
Birinchisi - bu tavba. Har bir o'zgarishning boshlang'ich nuqtasi shudir. Tavba ibodatga kuch, kelajak uchun umid beradi. Tavbaning shartlarini chin dildan ado qilib bu oyda barcha yomon odat va axloqlardan qutulishni niyat qilish kerak.
Ikkinchisi - ro'za. Ro'zaning ham 3 ta darajasi borligi hammaga ma'lum. Aksarimiz har yili eng quyi darajada bo'lamiz - ovqat va jinsiy aloqadan tiyilish. Shunga qo'shimcha sifatida bu yil yana ikki ishdan ro'za tutish bilan ruhan poklanamiz. Bular til va ko'zni tiyishdir. Aksar gunohlar ham shu ikkisi tufayli sodir bo'ladi.
Uchinchisi - taroveh. Ramazonning eng qaymog'i desa ham bo'ladi. Tilovat qilinayotgan kalomni eshitishning o'zi ruhingizni poklaydi. Uni tushuna olish ikkinchi o'rindagi masala. 30 kun davomida bunday baxtdan foydalanishlik qalbga orom bag'ishlaydi.
Jismoniy o'zgarish bu oshqozoningizning faoliyati yaxshilanishi, tanangizning tetikligi va uning ko'rinishi chiroyli bo'lishi bilandir.
Buning uchun saharlik va iftorlikni to'g'ri qilish darkor. Ramazonda ovqatlanishga e'tibor bermaslik natijasida ibodatga dangasalik, kun bo'yi suvsirash, tez qorin ochishi yoki oyni ohirida vazn tashlash o'rniga semirish holatlari kuzatilishi mumkin.
Ramazonda me'yorida va to'g'ri taomlarni tanovvul qilsangiz 3 ta foyda ko'rasiz: sunnatga amal, oshqozonning tozalanishi va chiroyli qomat.
Buning uchun saharlik va iftorlikda yeyiladigan narsalarni aniqlab oling. Ramazonda sportni ham baravar olib ketmoqchilar uchun alohida tavsiyalar bor.
Ovqatlanish bo'yicha ham ikki sunnatga ergashish lozim: 1) Qorin ochmaguncha yemaslik, to'ymasdan turib to'xtatishlik ; 2) Ovqatni lazzat uchun emas quvvat uchun yeyishlik.
Aqliy o'zgarish bu dunyoqarash, ilmiy salohiyat, zakovat, zehn va ko'nikmalarning takomillashishidir.
Ramazondagi muhit insonning ishi va o'qishiga ijobiy ta'sir qilishi mumkin. Buning uchun uyqu tizimini to'g'irlab olish zarur.
Ramazon eng barakali oydir. Unda Allohning rahmati va barakoti yog'iladi. Qisqa muddatda ko’proq ish qilish imkoni bo’ladi. Kunduzgi vaqtda diqqatni jamlab biror ishga sho’ng’ishingiz osonroq bo’ladi.
Ustozlarimiz shunday degandi: "Oshqozon ishlagan joyda miya ishlamaydi". Ro‘za tutganda, odatda ovqat hazm qilishga sarflanadigan energiya miyaga ishlatilishi mumkin bo‘ladi.
Bugun Ramazonning birinchi kuni o'tdi. Bir o'nga, o'n esa o'ttizga aylanadi. Vaqtni g'animat bilib o'zimizni isloh qilib olaylik.