RTMga murojaat

RTMga murojaat

Jalol BOLTAYEV

Ma’lum sabablarga ko‘ra, Respublika ta’lim markaziga shaxsan o‘zim konstitutsion huquqimdan foydalangan holda murojaat yo‘llayapman, 15 kun ichida javob kelishi kerak. Murojaat matni bilan tanishing. RTMning mazkur murojaatga pozitsiyasini ham yoritib boraman.

Hurmatli Respublika ta’lim markazi rahbariyati va xodimlari!

Men, Boltayev Jaloladdin Nuraddinovich, tarixchi-pedagogman. Ma’lumki, Respublika ta’lim markazi maktab darsliklarini ishlab chiqish va tasdiqlashga mas’ul tashkilot hisoblanadi. Xususan, 2022-yilda nashr qilingan 7-sinf “Jahon tarixi” darsligi ham RTM tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, bu darslikning o‘zida ham qayd etilgan. Shu sababli mazkur murojaatga javob berish vakolati va mas’uliyati aynan RTM zimmasida hisoblanadi.

Darslikni o‘rganish va dars jarayonida undan foydalanish davomida bir qator jiddiy savollar paydo bo‘lmoqda. Ayrim ma’lumotlar men universitetda o‘rgangan manbalarimga, shuningdek hozirda muntazam o‘qib kelayotgan ilmiy adabiyotlarga ziddek tuyilmoqda. Ushbu murojaatdan maqsadim bunga aniqlik kiritishdir.

– yo men (aniqrog‘i, darslikdan tashqari ko‘plab ilmiy manbalar) adashyapman,

– yoki darslikda faktologik xatolik mavjud.

Bu murojaat hech qanday sud jarayoni yoki huquqiy nizo bilan bog‘liq emas. U faqat va faqat tarixiy haqiqat va ta’lim sifati nuqtayi nazaridan yo‘llanmoqda.

1. Lyudovik VII masalasi

7-sinf “Jahon tarixi” (2022) darsligining 21-sahifasida Fransiya qiroli Lyudovik VII ning hukmronlik yillari 1108–1137-yillar deb ko‘rsatilgan.

Biroq men foydalanayotgan manbalarda – jumladan, Buyuk Britaniyaning nufuzli ensiklopediyasi Britannica.com, inglizcha va ruscha akademik adabiyotlarda, qolaversa, mazkur darslikdan tashqari deyarli barcha manbalarda Lyudovik VII 1137–1180-yillarda hukmronlik qilgan, deb qayd etilgan.

Shu bois juda oddiy, lekin nihoyatda muhim savol tug‘iladi: darslikda xato berilganmi yoki men adashyapmanmi?

Bu savol bejiz emas. Chunki men ertaga maktabda dars beraman. Agar men adashayotgan bo‘lsam, noto‘g‘ri ma’lumotni bolalarga o‘rgatib qo‘yishim mumkin. Agar darslikda xato bo‘lsa, unda O‘zbekistondagi millionlab o‘quvchilar noto‘g‘ri ma’lumotni o‘zlashtirib kelayotgan bo‘lishi mumkin. Shu bois bu masalada RTMning aniq va rasmiy izohi zarur.

2. Langobardlar va Ispaniya masalasi

Xuddi shu darslikning 40-sahifasida quyidagi jumla keltirilgan:

“Yustinianning vafotidan so‘ng Vizantiya hududlari sekin-asta qisqarib boradi. Langobardlar deyarli butun Ispaniyani tortib oladilar.”

Mazkur jumla mazmuniga ko‘ra, langobardlar Yustinian I vafotidan so‘ng Vizantiyadan Ispaniyani tortib olgan xalq sifatida talqin etilmoqda.

Biroq men o‘qigan va hozir ham foydalanayotgan manbalar buni tasdiqlamaydi. Jumladan:

• B. Mirkomilov, F. Aqchayev, O. Mamirov muallifligida, tarix fanlari doktori, professor F. A. Axmedshina mas’ul muharrirligidagi “O‘rta asrlar tarixi” asarining  63–64-sahifalarida bu jarayon vestgotlar bilan ochiq-oydin bog‘langan;
• Tarixchi olim Tursunboy Salimovning “Jahon tarixi (Yevropa mamlakatlari V–XV asrlar)” asarining 52-sahifasida ham “…vestgotlar Ispaniyadagi Vizantiya yerlarini tortib oladi” deb konkret yozib qo‘yilgan;
• Chet tillardagi nufuzli manbalarda, jumladan Britannica.com maqolalarida Vestgotlar hukmdori Leovigildning 568-yilda qirol sifatida taxtga o‘tirgach, Vizantiya yerlariga yurishlarni kuchaytirgani, 573-yilda Kordobani, 576-yilda Suevilar qirolligini egallagani qayd etilgan. Bu hududlar Ispaniyada joylashganligi esa barchaga ma’lum.

Men biladigan birorta ham nufuzli manba Yustinian I vafotidan so‘ng Ispaniyani langobardlar tortib olganini tasdiqlamaydi, barchasida vestgotlar deb qayd etilgan.

Shu bois bu masalada ham konkret va ilmiy asoslangan javob zarur.

Shu munosabat bilan Sizlardan quyidagi savollarga aniq, ilmiy asoslangan, yozma (elektron) javob berishingizni so‘rayman:

1. Darslikda keltirilgan ushbu ma’lumotlar to‘g‘rimi yoki noto‘g‘rimi?
2. Agar to‘g‘ri bo‘lsa, qaysi ilmiy manbalarga asoslangan?
3. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, bu holat ochiq tan olinib, tezkor izoh berilishi lozim.


Aks holda, bir tomondan millionlab o‘quvchilar noto‘g‘ri ma’lumot olayotgan bo‘lishi, ikkinchi tomondan esa men va menga o‘xshagan yuzlab o‘qituvchilar darslikdan shubhalangan holda bolalarga noto‘g‘ri ma’lumot o‘rgatayotgan bo‘lishi mumkin. Bu holatning har ikkisi ham ta’lim sifati uchun o‘ta darajada zararli. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’lim masalalariga bag‘ishlangan nutqlaridan birida “maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, ta’lim sifatini nazorat qilish uchun ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki zarur” ekanini alohida ta’kidlagan. Mazkur murojaat davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim tizimida izchil ilgari surilayotgan ochiqlik, jamoatchilik nazorati va sifat uchun mas’uliyat tamoyillariga to‘liq mos keladi. Shu bois unga ilmiy asoslangan, aniq va ochiq javob berish, masalani chetlab o‘tmasdan faktlar asosida izohlash prezidentimiz olib borayotgan ta’lim siyosatiga mos yondashuv hisoblanadi. Aksincha, savollardan qochish yoki noaniq javoblar bilan cheklanish davlat siyosatining ruhiga zid holat sifatida talqin qilinishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan mazkur masalaga mas’uliyat bilan yondashish muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, maktab darsliklarini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun mas’ul tashkilot sifatida ushbu murojaatga konkret javob berish Respublika ta’lim markazining qonunchilikda belgilangan mas’uliyati ekanini ham alohida qayd etishni lozim deb hisoblayman.

Yana bir bor eslatib o‘tmoqchimanki, bu murojaatni qanaqadir nizoli jarayon bilan bog‘lab emas, balki tarixiy aniqlik va pedagogik mas’uliyat talabi sifatida qabul qilishingiz kerak.

Hurmat bilan Boltayev Jaloladdin Nuraddinovich,

tarixchi-pedagog

Report Page