ROSSIYANING “ТEXНОЛЮКС” KOMPАNIYASI OʼZBEKISTONDА POYАBZАL MАHSULOTLАRINI ISHLАB CHIQАRISHNI BOSHLАYDI
“Oʼzcharmsanoat” uyushmasida Rossiyaning “ТEXНОЛЮКС” kompaniyasi rahbariyati bilan mamlakatimizda poyabzal korxonasini ochish yuzasidan uchrashuv boʼlib oʼtdi.
“ТEXНОЛЮКС” MChJ autsorsing asosida bolalar qishki va sport poyabzallarini ishlab chiqarish bilan shugʼullanadi. Rossiyaning aksariyat chakana savdo tarmoqlariga mahsulot etkazib beradi. Mahsulotlarga talab yuqori. Shu bois, korxona ishlab chiqarishni kengaytirish ustida ishlamoqda. Oʼzbekiston esa yangi korxona uchun qulay manzil sifatida baholandi.
Yigʼilishda investorlarga sohani tartibga soluvchi qonunchilik bazasi, investorlarni kafolatlovchi normativ xujjatlar, soliq va bojxona imtiyozlari hamda soha uchun yaratilgan KSZ haqida toʼliq maʼlumot berildi.
Kompaniya delegatsiyasi bir necha bor amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʼlib, Oʼzbekistonning ishlab chiqarish salohiyati va xomashyo bazasi, biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlarni oʼrgandi. Xorijiy korxona Oʼzbekistonda roʼyhatdan oʼtgan boʼlib, hozirda ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyish uchun tegishli bino tanlanmoqda.
Yangi korxonada dastlabki bosqichda yiliga 80 ming juft poyabzal ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish quvvatini oyiga 30-40 ming juftga yetkazish rejalashtirilgan. Korxona asosan bolalar poyabzali tayyorlanadi. Shuningdek, ayollar poyabzallari ishlab chiqarishga qaratilgan linyani tashkil etish masalasi ham koʼrib chiqilmoqda.
Yangi korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportga yoʼnaltiriladi. Bu borada MDH ustuvor bozor hisoblanadi. Istiqbolda kompaniya Yevropa bozoriga krib borish ustida ishlamoqda.
Yigʼilish yakunlari boʼyicha “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan poyabzal fabrikasini ishga tushirish, faoliyatini yoʼlga qoʼyish va mahsulotlarni eksportga yoʼnaltirishga har tomonlama huquqiy va amaliy yordam koʼrsatishga qaror qilindi.