RESPUBLIKA YOSH IJODKORLAR KENGASHINING “DUEL” TANLOVI TO‘G‘RISIDAGI NIZOM

RESPUBLIKA YOSH IJODKORLAR KENGASHINING “DUEL” TANLOVI TO‘G‘RISIDAGI NIZOM

Duel loyihasi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2021-yil 26-martda “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5040-son Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda yoshlarning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ong-u tafakkuri, dunyoqarashini yuksaltirish, Vataniga, xalqiga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega boʻlgan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samarasi va ta’sirchanligini oshirish, koʻlami va miqyosini yanada kengaytirish, mamlakat aholisi, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, sohadagi ishlarni muvofiqlashtirishning yagona tizimini yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi Markaziy Kengashi qoshidagi Yosh ijodkorlar Kengashi qaror qiladi:

1. 15 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida “Duel” ijodkorlar tanlovining IV mavsumi (keyingi oʻrinlarda Tanlov deb yuritiladi) oʻtkazilsin va unga Respublika tanlovi maqomi berilsin.

2. Quyidagilar:

– Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha Nizom 1-ilovaga;

– Tanlovning hududiy va respublika bosqichlarini o‘tkazish va baholash tartibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki, Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy va moliyaviy masalalar masʼul tashkilotlar tomonidan oʻrnatilgan tartibda hal etiladi.

Tanlovni oʻtkazishga masʼul tashkilotchilarning tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika Yosh ijodkorlar kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish oʻz zimmamda qoldiraman.

Oʻzbekiston Yosh ijodkorlar kengashi raisi M. Latifjonov


Respublika yosh ijodkorlar kengashining “Duel” tanlovi to‘g‘risidagi nizomning 1-ilovasi

UMUMIY QOIDALAR

1.    Umumiy qoidalar

1.1. Mazkur Nizom ijodkor yoshlar o‘rtasida “Duel” tanlovini (keyingi o‘rinlarda Tanlov deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.

1.2. Ushbu Tanlov ijodkor yoshlar o‘rtasida adabiy did va madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishga yo‘naltirilgan.

1.3. Tanlovni yuqori saviyada o‘tkazish uchun Respublika yosh ijodkorlar Kengashi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi masʼul tashkilotlar etib belgilanadi.

1.4. O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va tilidan qatʼiy nazar 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha yoshlar Tanlovda ishtirok etish huquqiga ega. Ishtirokchilar talabidan kelib chiqib, ularning Tanlov jarayonida o‘zbek va qoraqalpoq tillaridan foydalanishiga ruxsat beriladi.

1.5. Tashkiliy qo‘mita Tanlov nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolatiga ega.

2. Tanlovning maqsad va vazifalari

2.1. Mazkur Tanlov yoshlarni adabiy did va saviyasini oshirish, ularning adabiyotga qiziqishi va ishtiyoqini yuksaltirish bilan bir qatorda kattalar she’riyat va bolalar she’riyati yo‘nalishlarida ijod qilayotgan yosh ijodkorlarning  isteʼdodini sog‘lom raqobat asosida shakllantirish maqsadida tashkil etiladi.

2.2. Tanlovni tashkil etish orqali quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutiladi:

– yoshlarning barcha qatlamlarini badiiy ijodga oshno etish, xususan, kattalar hamda bolalar she’riyatiga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda adabiy muhit shakllanishiga erishish;

– qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk shoir va yozuvchilarning boy maʼnaviy merosini, umumbashariy sivilizatsiya, madaniyat, adabiyot taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash va ulardan ibrat olgan holda ijodiy faoliyat olib borishni qo‘llab-quvvatlash;

– yoshlarni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida adabiyotga bo‘lgan qiziqishni keng ommalashtirish.

3. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, baholash mezonlari

3.1. Tanlovni tashkil etish va uni o‘tkazish vazifasi Respublika Yosh ijodkorlar Kengashi zimmasiga yuklatiladi.

Respublika Yosh ijodkorlar Kengashi:

– Tanlovni o‘tkazish borasida qaror qabul qiladi;

– Tanlovning asosiy bosqichlari va tartib-qoidalari haqida ishtirokchilarni xabardor qiladi;

– barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlarni yaratadi;

– Tanlovni o‘tkazish borasida oshkoralikni taʼminlaydi;

– muddatidan oldin Tanlov natijalari haqida maʼlumotlar tarqalishining oldini olish choralarini ko‘radi;

– Tanlov ishtirokchilari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni hal etadi;

– Mazkur Nizomga asoslangan holda Tanlovning o‘tkazilishini tashkil etadi.

3.2. Tanlovda ishtirok etishni xohlovchi yoshlar loyihaning telegramdagi maxsus manzili orqali ro‘yxatdan o‘tadilar.

3.3. Tanlovda yoshlar o‘z istagiga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tgan yashash manzili yoki o‘zlari tahsil olayotgan (ishlayotgan) muassasa joylashgan hududdan ishtirok etadi.

3.4. Tanlov 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh toifasi bo‘yicha o‘tkaziladi.

3.5. Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi. (2-ilova)

4. G‘oliblarni taqdirlash

Tanlov g‘oliblari quyidagi tartibda taqdirlanadi:

– Tanlovning Viloyat bosqichi g‘oliblari 1-o‘rin planshet va 2-o‘rin elektron kitob (bookreader) bilan taqdirlanadi.

– Respublika bosqichi finalchilari (1- va 2-o‘rin g‘oliblaridan tashqari) 5 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

– Tanlovning Respublika bosqichi g‘oliblari 1-o‘rin 50 million so‘m va 2-o‘rin 40 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

5. Tanlovning moliyalashtirish manbalari

5.1. Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan:

– O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi muassisligidagi Respublika Yosh ijodkorlar Kengashi mablag‘lari;

– Qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.


Respublika yosh ijodkorlar kengashining “Duel” tanlovi to‘g‘risidagi nizomning 2-ilovasi

“DUEL” TANLOVINING HUDUDIY VA RESPUBLIKA BOSQICHLARINI O‘TKAZISH VA BAHOLASH TARTIBI

NAZM (kattalar va bolalar she’riyati) 

Hududiy bosqichlar Tanlov nizomiga muvofiq quyidagi shartlar bo‘yicha o‘tkaziladi va ishtirokchilar baholanadi.

Saralash bosqichi

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan yosh ijodkorlar telegramdagi maxsus manzilga o‘z ijodiy ishlari, shaxsiy ma’lumotlarini yuborgan holda ro‘yxatdan o’tishadi. Kelib tushgan ishlar viloyatlariga ko‘ra ajratilib, tashkiliy guruhga biriktirilgan ekspertlar tomonidan saralanadi. Saralash bosqichida ijodiy ishlar quyidagi mezonlarga ko‘ra ajratib olinadi:

– Tanlangan g‘oya va mavzuning ochib berilishi – 3 ball;

–  She’rning uslubi – 3 ball;

–  Ijodiy mahorat – 3 ball.

Yakunda har bir viloyatdan tanlab olingan 16 nafardan ishtirokchi viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishadi.

Viloyat bosqichi

Viloyat bosqichiga chiqqan 16 nafar ishtirokchilar o‘rtasida qur’a tashlash yo‘li bilan o‘zaro raqiblar aniqlanadi. Tanlangan raqiblar o‘zaro bellashishadi. Bunda o‘zlari yozgan she’rdan 5 tasini o‘qib berish sharti belgilanadi. Shu vaqtning o‘zida hakamlar tomonidan she’rlar 10 ballik tizimda baholanadi.

She’rlar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

–  Tanlangan g‘oya va mavzuning ochib berilishi – 3 ball;

–  She’rning uslubi – 3 ball;

–  Ijodiy mahorat – 3 ball;

–  Ijro mahorati – 1 ball.

Shu tariqa duelda ikki nafar finalchi qolgunga qadar ishtirokchilar bir-birlari bilan bellashishadi. Finalga chiqqan ishtirokchilar 3 tadan she’r o‘qishadi. So‘ngra Tanlov hakamlari tomonidan avvaldan tayyorlangan 5 ta konvertlardan birini kelishgan holda tanlanadi va konvert ichidagi mavzu doirasida belgilangan vaqt (1 soat) ichida she’r yozish sharti belgilanadi.

Tayyor bo‘lgan ijodiy ishlar hakamlar hay’ati tomonidan yuqoridagi mezonga muvofiq baholanadi. Shundan so‘ng ikkita shart natijasiga ko‘ra viloyat bosqichi g‘olibi aniqlanib, respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

Respublika bosqichi uchun qo‘shimcha kvota

Viloyat bosqichlarida 2-o‘rinni egallagan ishtirokchilar hakamlar hay’ati tavsiyasiga ko‘ra, respublika bosqichi uchun qo‘shimcha tarzda ajratilgan 2 ta kvotadan birini qo‘lga kiritishlari mumkin.

Respublika bosqichi 4 bosqichda o‘tkaziladi: nimchorak final, chorak final, yarim final va final bosqichlari bo‘lib 2 kun davomida tashlkil etiladi.

1-kun – nimchorak final va chorak final, 2-kun – yarim final va final bosqichlari o‘tkaziladi.

Respublika bosqichiga chiqqan 16 nafar ishtirokchilar o‘rtasida qur’a tashlash yo‘li bilan o‘zaro raqiblar aniqlanadi. Tanlangan raqiblar o‘zaro bellashishadi. Bunda o‘zlari yozgan she’rdan 5 tasini o‘qib berishadi. Shu vaqtning o‘zida hakamlar tomonidan she’rlar 10 ballik tizimda baholanadi.

She’rlar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

–  Tanlangan g‘oya va mavzuning ochib berilishi – 3 ball;

–  She’rning uslubi – 3 ball;

–  Ijodiy mahorat – 3 ball;

–  Ijro mahorati – 1 ball.

Shu tariqa duelda ikki nafar finalchi qolgunga qadar ishtirokchilar bir-birlari bilan bellashishadi. Finalga chiqqan ishtirokchilar 3 tadan she’r o‘qishadi. So‘ngra Tanlov hakamlari tomonidan avvaldan tayyorlangan 5 ta konvertlardan birini kelishgan holda tanlanadi va konvert ichidagi mavzu doirasida belgilangan vaqt (1 soat) ichida she’r yozish sharti belgilanadi.

Tayyor bo‘lgan ijodiy ishlar hakamlar hay’ati tomonidan yuqoridagi mezonga ko‘ra baholanadi. Shundan so‘ng ikkita shart natijasiga ko‘ra respublika bosqichi g‘oliblari aniqlanadi va o‘rnatilgan tartibda belgilangan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.



Report Page