RASMIY MUNOSABATGA QO'SHIMCHA MA'LUMOT
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Milliy gvardiya xodimining qonuniy talablariga boʻysunmasdan faol qarshilik koʻrsatgan fuqaro” toʻgʻrisidagi video yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot tariqasida quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur holatni sodir etgan shaxs 1981 y.t., Shayxontohur tumanida doimiy yashaydigan, muqaddam Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi bilan sudlangan, oilali, muayyan bir mehnat faoliyati bilan shugʻullanmaydigan fuqaro S.Jaloliddin ekanligi aniqlanib, qoʻlga olingan.
Fuqaro S.J. 2023-yilning 12-noyabr kuni Sergeli tumani, Yangi Sergeli koʻchasida joylashgan ovqatlanish shahobchasi oldida boʻla turib, qoʻlidagi chiqindilarni shu yerda oʻrnatilgan maxsus chiqindi qutisiga tashlamay, piyodalar yoʻlagiga qasddan tashlagan.
Mazkur holatni ko'rib qolgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi huquqbuzarlikni bartaraf etish maqsadida S.J. ga belgilanmagan joyga tashlangan chiqindilarni maxsus chiqindi qutisiga tashlash talabini qoʻyganida, S.J. talablarni bajarishdan bosh tortib, xizmat vazifasini bajarayotgan harbiy xizmatchiga faol qarshilik koʻrsatib, uni omma oldida obroʻsizlantirganligi va haqorat qilganligi uchun uning xatti-harakatlari yuzasidan qonuniy baho berish maqsadida toʻplangan hujjatlar Sergeli tuman prokuraturasiga yuborildi. Unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.