RASMIY MUNOSABAT 

RASMIY MUNOSABAT 


Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan fuqaro N.Butorinaning 2023-yil 10-noyabr kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirgan “Masjidi Kalon” masjidiga plastik va alyuminiy romlar o‘rnatilgani yuzasidan murojaati o‘rganib chiqildi. 

Buxoro shahridagi “Masjidi Kalon” masjidi “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasiga asosan Musulmonlar idorasining Buxoro viloyati vakilligiga masjid sifatida foydalanish uchun topshirilgan. Murojaatda ko‘rsatib o‘tilgan plastik va alyuminiy romlar 2016-yilda namozxonlarga qulayliklar yaratish maqsadida masjid maʼmuriyati tomonidan o‘rnatilganligi aniqlandi. 

Hukumat tomonidan tasdiqlangan “Madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va taʼmirlash-tiklash bo‘yicha 2023-yilgi Manzilli dastur”ga asosan “Masjidi Kalon”ni ham restavratsiya qilish, taʼmirlash-tiklash va obodonlashtirish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan maʼqullangan. 

Hozirda mazkur loyiha asosida masjidni restavratsiya qilishning 1-bosqichi doirasida tom qismini taʼmirlash hamda konstruktiv jihatdan mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. 

Loyihaga ko‘ra, masjiddagi plastik va alyuminiy romlarni binoning arxitekturasiga mos keladigan anʼanaviy yog‘och romlarga almashtiriladi. Mazkur ishlar taʼmirlashning 2-bosqichida amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, murojaatda aytib o‘tilgan obyektga kirish biletlarining pullik ekanligi masalasi yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Haqiqatan ham masjidga mahalliy va xorijiy sayohatchilar uchun kirish pullik bo‘lib, namozxonlar va ziyoratchilar uchun alohida kirish joylari mavjud bo‘lib ulardan yig‘im undirilmaydi. Obyektga kirish biletlarini sotishdan tushgan mablag‘lar obyektni saqlash va joriy taʼmirlash ishlariga sarflanadi.

Bu kabi holatlarga keng jamoatchilikning befarq bo‘lmagani hamda madaniy meros obyektlarini asrab-avaylashda o‘z xissalarini qo‘shayotganliklari uchun Agentlik minnadorchilik bildiradi.


Report Page