RASMIY MUNOSABAT

RASMIY MUNOSABAT

Termiz tuman hokimligi Axborot xizmati

“Сурхондарё | Kun.uz” telegram kanalida joriy yil 13-oktabr kuni “Bunyodkor” mahallasidagi yo‘l, elektr va gaz bilan bog‘liq muammolar to‘g‘risida yoritilgan murojaat yuzasidan tuman hokimligi quyidagilarni ma’lum qiladi.

“Nurafshon” mahallasi hududidan 2018-2019-yillarda Termiz shahridagi ayrim mahallalarda yashovchi, uy-joylari buzilishga tushgan oilalarga uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratib berilib, yangi aholi yashash punkti tashkil etilgan. Yangi aholi yashash punkti tashkil etilib, fuqarolar ko‘chib kelishi natijasida aholi sonining ortib borganligi hisobga olinib, 2020-yil 15-iyunda “Nurafshon” mahallasi ikkiga bo‘linib, “Bunyodkor” mahallasi tashkil etilgan. Hozirgi kunda “Bunyodkor” mahallasida 525 ta xonadon, 726 ta oila, 2555 nafar fuqaro istiqomat qiladi.

Joriy yil 5-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Bunyodkor” mahallasidagi muammolar yuzasidan e’lon qilingan videolavha yuzasidan tuman hokimligi ishchi guruhi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, rasmiy munosabat berilgan edi. Shundan so‘ng, tuman hokimligi va boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan “Bunyodkor” mahallasidagi muammolarni bartaraf etish maqsadida elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minoti hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash borasida ishlar boshlab yuborildi.

Ichki yo‘llar: “Bunyodkor” mahallasida 2018-2021-yillarda yangi aholi yashash punktiga uy-joylar qurib, ko‘chib kelgan ko‘chalarga bosqichma-bosqich jami 26,2 km tuproq yo‘llarga shag‘al yotqizilib ta’mirlangan. Hozirda ta’mirlanmagan ichki yo‘llardagi mavjud barxanlar tekislanib, qum uyumlari va chiqindilardan tozalash ishlari olib borilib, yo‘llarni ta’mirlashga tayyorlanmoqda.

Elektr energiyasi ta’minoti: Mahalla hududida 2018-2021-yillar davomida aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 5 ta transformator punktlari yangidan qurilib, jami 13,7 km elektr uzatish tarmoqlari tortilgan va beton ustunlar o‘rnatilgan. Tuman elektr tarmoqlari korxonasining 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan dasturiga asosan 2022-yilda “Bunyodkor” mahallasida 1 dona transformator punkti qurish va 5,5 km yangi havo elektr uzatish tarmog‘i qurish rejalashtirilgan.

Ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlaridan keyin elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida hozirgi kunga qadar 33 dona beton ustunlar o‘rnatilib, tarmoq tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Lavhalarda ko‘rsatilgan singan beton ustunlar yangisiga almashtirildi va yerda yotgan elektr simlari yig‘ishtirib olinib, bir hafta muddatda beton ustunlarga tortish ishlari yakuniga yetkaziladi.

Suyultirilgan gaz ta’minoti: Yangi tashkil etilgan aholi yashash punktiga ko‘chib kelgan aholini suyultirilgan gaz balonlar bilan ta’minlash maqsadida 2018-2021-yillar davomida 793 dona maishiy gaz balonlari tarqatilgan va reja-grafik bo‘yicha oyma-oy gaz balonlari suyultirilgan gaz bilan to‘ldirib berilmoqda. Aholini suyultirilgan gaz bilan muntazam ta’minlash maqsadida bir oyda 8,8 tonna suyultirilgan yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lsada, 15-sentabr kuni “Bunyodkor” mahallasi aholisi uchun 14,3 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Shuningdek, reja-grafik bo‘yicha 15-oktabr kuni “Bunyodkor” mahallasi uchun suyultirilgan gaz balonlari yetkazib berish amalga oshiriladi.

Ichimlik suvi: “Bunyodkor” mahallasi aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 2019-yilgi Investitsiya Davlat dasturi doirasida 2,3 mlrd. so‘m qiymatdagi 2 dona suv qudug‘i hamda 1 dona suv to‘plash va tarqatish inshooti qurish loyihasi amalga oshirilgan. Loyiha doirasida 8,3 km suv quvuri tortilib, hozirgi kunda aholiga ichimlik suvi yetkazib bermoqda.

“Bunyodkor” mahallasidagi yangi tashkil etilgan aholi yashash punktini ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlash maqsadida viloyat mahalliy budjetidan 4 mlrd. 383 mln. so‘mlik loyiha ishlab chiqilgan va 33,5 km suv quvuri tortish belgilangan. Hozirgi kunda ushbu loyihaning 3 mlrd. 490 mln. so‘mi moliyalashtirilgan bo‘lib, 29 km suv quvurlari tortilgan.

Mahallaning ichimlik suvi tarmog‘iga ulanmagan ko‘chalarga bosh pudratchi “Suvoqova bunyodkori” ShK tomonidan asosiy tarmoqqa ulash va montaj ishlari olib borilmoqda hamda bir hafta muddatda aholiga ichimlik suvi yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, tumanda 2021-yilda 2 ta mahalla, “M.Eshtemirov” va “Yangier” mahallalarida “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lib, “Yangier” mahallasi “Bunyodkor” mahallasi singari yangi tashkil etilgan aholi yashash punkti hisoblanadi.

Yangi aholi yashash punkti bo‘lganligi uchun “Bunyodkor” mahallasini 2022-yilga mo‘ljallangan “Obod qishloq” Davlat dasturiga kiritish bo‘yicha yuqori tashkilotlarga taklif kiritilganligini ma’lum qilamiz.



Termiz tuman hokimligi Axborot xizmati 

👉https://t.me/termiztumanhokimligi

Report Page