RASMIY MUNOSABAT

Ijtimoiy tarmoqlarda "Madaniyat va san’at institutida ko‘cha sistema" sarlavhasi ostida talabalar turar joyidagi holat bilan bog‘liq audioyozuv tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalar turar joyida qavat sardori va faollar o‘rtasida tortishuv sodir bo‘lgan. Ma’lumot uchun, talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan yigit-qizlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shu jumladan, Talabalar kengashi tomonidan talabalar turar joyining ichki tartib-qoidalariga asosan, mazkur turar joy binosida tozalikka rioya qilish bo‘yicha kundalik navbatchilik joriy etilgan.
Shunga qaramay, ayrim yoshlar talabalar turar-joyi tarbiyachi-pedagogining ruxsatisiz yotoqxona binosida ichki tartib-qoidalarni buzgan holda o‘zaro gap tortishgan.
Institut rahbariyati talabalar tomonidan yo‘llanayotgan har qanday shikoyatlarni eshitishga tayyor hamda ularni bartaraf etish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi.
Qolaversa, bir shaxs tomonidan ikkinchi shaxsning haqorat qilinishi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ichki tartib-qoidalarining buzilishi hisoblanadi.
Shu bois, turar joy binosida haqoratli so‘zlar ishlatgan hamda yoshlarga qo‘pol muomalada bo‘lib, ularni tozalik ishlarini bajarishga majburlagan shaxs yotoqxonadan chiqarib yuborildi hamda institut ichki tartib-qoidalariga muvofiq, unga nisbatan tegishli chora ko‘rildi.